Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yangicha amaliyot. O‘zini o‘zi band qilganlarga mehnat guvohnomasi beriladi

Yangicha amaliyot. O‘zini o‘zi band qilganlarga mehnat guvohnomasi beriladi

Foto: «Novie Vedomosti»

QHTBT portalida Vazirlar Mahkamasining «O‘zini o‘zi band qilish uchun vaqtinchalik mehnat guvohnomasini kiritish to‘g‘risida»gi qarori loyihasi muhokamaga qo‘yilgan. Bu haqda «Norma» xabar berdi.

2019-yil 1-iyuldan o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar uchun vaqtinchalik mehnat guvohnomalarini (bundan keyin – mehnat guvohnomalari) joriy etish, ularning egalariga mehnat stajini hisobga olish va rag‘batlantiruvchi imtiyozlar olish huquqini taqdim etish taklif qilinmoqda.

O‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar jumlasiga tavakkalchilik qilib va mulkiy javobgarlikni zimmasiga olib, ishda shaxsan ishtirok etgan holda jismoniy va yuridik shaxslar uchun xizmatlar ko‘rsatish, ishlar bajarishga asoslangan, mehnatdan daromad olishga yo‘naltirilgan, yollanma xodimlar mehnatidan foydalanmay turib mustaqil faoliyatni amalga oshiruvchi jismoniy shaxslar kiritiladi.

Loyihada o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar bajarishi mumkin bo‘lgan faoliyat (xizmatlar, ishlar) turlarining ro‘yxati keltirilgan. Yakka tartibdagi tadbirkorlar, hunarmandchilik faoliyati sub’yektlari va dehqon xo‘jaliklari a’zolari o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar deya hisoblanmaydi.

Beriladigan guvohnoma ariza beruvchining xohishiga ko‘ra 1 oydan 12 oygacha amal qiladi. Muddati o‘tgach, uni cheklanmagan miqdorda uzaytirish mumkin bo‘ladi. Hujjatni berganlik uchun tanlangan amal qilish muddatiga qarab haq undiriladi.

Mehnat guvohnomalarining amal qilish davrini pensiya hisoblash uchun fuqarolarning stajiga qo‘shib hisoblash, bunday faoliyatdan olingan daromadlarga esa JShDS va YaIT solmaslik taklif qilingan. «Pensiya» stajini hisobga olish uchun bu davrda o‘zini o‘zi band qilish tartibida haqiqatda mehnat faoliyati yuritilgan-yuritilmagani muhim bo‘lmaydi. Biroq bu paytda o‘zini o‘zi band qilgan shaxs ishsizlik nafaqasini va Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan kasb-hunarga o‘qitish davrida to‘lanadigan stipendiyani ololmaydi. 

Shuningdek guvohnoma egalari o‘qitiladi, ularga Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan imtiyozli mikrokreditlar, mehnat qurollari va vositalarini xarid qilish uchun subsidiyalar ajratiladi.

Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring