Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

1-iyundan mamlakatimizda nimalar o‘zgaradi?

1-iyundan mamlakatimizda nimalar o‘zgaradi?

Foto: ptzgovorit.ru

«Norma» nashri 2019-yil 1-iyundan kuchga kiradigan biznes, ijtimoiy soha, davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibi va boshqa sohalardagi eng muhim o‘zgartirishlarning qisqacha sharhini havola qildi.

Investitsiya vizasi joriy etiladi

Uni 1 martdan joriy etmoqchi edilar, biroq texnik sabablarga ko‘ra muddat 2019-yil 1-iyunga ko‘chirildi. Hozircha u xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar – «Navoiy» EIZ ishtirokchilari va ularning oila a’zolari uchungina rasmiylashtiriladi. Vizaning amal qilish muddati – 3 yilgacha, uni mamlakat tashqarisiga chiqmasdan uzaytirish mumkin.

Zargarlik mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarga – kreditlar bo‘yicha kompensatsiya

Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi zargarlik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga qimmatbaho metallarni sotib olish uchun berilgan kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarining bir qismini kompensatsiyalaydi. U MBning qayta moliyalashtirish stavkasidan oshadigan, biroq 5 foizlik punktdan ortiq bo‘lmagan qismni qoplaydi. Bunga Davlat budjetidan 2019–2020 yillarda 40 mlrd so‘mgacha ajratiladi. 

LBMA qoshidagi Markazda ekspertiza

«Elektron hukumat» tizimi va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish doirasida loyihalarning texnik topshiriqlari va tender hujjatlari endi LBMA qoshidagi Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini boshqarish markaziga ekspertizaga kiritiladi. Bunda ko‘rsatilgan hujjatlar Iqtisodiyot va sanoat vazirligida kelishilmaydi.

Loyihalarning qiymatidan qat’i nazar, yangi qoidalar qo‘llaniladi. Ekspertizadan o‘tkazish uchun QQSni hisobga olmagan holda, cheklangan qiymatning 0,5%i (narx ko‘rsatkichlarining o‘rtacha bozor darajasini o‘rganish yakunlari bo‘yicha dastlabki hisob-kitoblar asosida shakllantiriladi), tender hujjatlari bo‘yicha esa – har bir lot summasidan, biroq 100 EKIHdan ortiq bo‘lmagan miqdorda to‘lov undiriladi. Ekspertiza 100 foiz oldindan haq to‘lash sharti bilan amalga oshiriladi.

Rangli metallarni qayta ishlashga ruxsat berildi, «reja» bekor qilindi

Elektrotexnika sanoati tashkilotlariga ishlab chiqarish faoliyati natijasida hosil bo‘lgan rangli metall parchalari va chiqindilarini qayta ishlashga ruxsat berildi. O‘z ishlab chiqarish quvvatlarida yoki ixtisoslashtirilgan tashkilotlarda mahsulotni qaytarish asosida qayta ishlash, qayta ishlangan xom ashyodan esa mahsulot tannarxini kamaytirish maqsadida takroran foydalanish mumkin.

Endi rangli metall parchalari va chiqindilarini topshirish prognoz ko‘rsatkichlari belgilanmaydi.

Sud qarorlarini ijro etish: yangi qoidalar

Endi ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi buyruq ijro hujjati kelib tushgan vaqtdan boshlab 1 ish kuni (ilgari – 3 kun) ichida chiqariladi. Ijro harakatlarini amalga oshirishga ob’yektiv ravishda to‘sqinlik qiluvchi holatlar mavjud bo‘lgan taqdirda, ularni ko‘pi bilan ikki marta kechiktirish mumkin bo‘ladi.

Davlat ijrochisi tomonidan tayinlangan mutaxassislar ijrochining qarori bilan tanishgan kundan boshlab 15 ish kuni ichida yozma xulosa taqdim etishga majbur ekanligi belgilandi. Bunday chora ijro ishini yuritish muddatlari cho‘zilishiga to‘sqinlik qilishi kerak.

Davlat xizmatlari: internet orqali arzonroq

Davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibiga ikkita muhim o‘zgartirish kiritildi.

Birinchidan, endi ro‘yxatdan o‘tgan joydan va pochta manzilidan qat’i nazar, istalgan Davlat xizmatlari markaziga murojaat qilish, ya’ni xizmatlarni eksterritorial tamoyil bo‘yicha olish mumkin.

Ikkinchidan, davlat xizmatlari YaIDXP orqali olinganda davlat boji, yig‘imlar va boshqa to‘lovlar Markazlar orqali yoki bevosita xizmat ko‘rsatuvchi organlarga murojaat etganda to‘lanadigan summadan 90% miqdorida to‘lanadi.

Toshkent viloyatida – ko‘chmas mulkka yangi hujjatlar

Poytaxt mintaqasida kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish jarayoni soddalashtirilmoqda. Binolar, inshootlar va ko‘p yillik daraxtlarga bo‘lgan huquqning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma o‘rniga bu yerda maxsus QR-kod bilan himoyalangan kadastr pasporti beriladi. Eslatib o‘tamiz, mamlakatimizning qolgan hududida Ko‘chmas mulk ob’yektlariga bo‘lgan huquqlarning davlat reyestridan elektron ko‘chirma qo‘llanilmoqda.

Ijtimoiy himoyani raqamlashtirish

Bir qator davlat organlari va tashkilotlari Elektron hukumatning idoralararo ma’lumotlarni uzatish tarmog‘iga ulanadi. Bu «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimiga real vaqt rejimida kirishni ta’minlaydi. Mazkur bosqichda tizim ijtimoiy yordam ko‘rsatish jarayonida qatnashuvchi turli organlar o‘rtasida elektron formatdagi 17 ta «o‘zaro hamkorlik liniyalarini» ta’minlaydi. Masalan, «Pensiya jamg‘armasi – DSQ», «Maktabgacha ta’lim vazirligi – Pensiya jamg‘armasi» va h.k.

1-oktyabrdan boshlab ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va to‘lashning bunday tizimi Sirdaryo viloyatida «pilot» rejimida ishlay boshlaydi. 2020-yil fevralda butun mamlakatda undan to‘laqonli foydalanila boshlaydi.

Ish haqi oshiriladi

Quyidagi tarzda amalga oshiriladi:

Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi, uning hududiy bo‘limlari va bo‘linmalari xodimlariga lavozim maoshini belgilashda YaTS bo‘yicha tarif koeffitsiyentlari 1,7 baravar ko‘paytirilgan miqdorda qo‘llaniladi.

 «Mahalladagi» lavozimga «yuqoridan» tayinlaydilar

Endi fuqarolar yig‘inlari xodimlari bilan mehnat shartnomalarini tuzish va bekor qilish fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha tuman (shahar) kengashlari raislarining birinchi o‘rinbosarlari tomonidan amalga oshiriladi. Ilgari bu mahalla raisi (oqsoqoli) vakolatiga kirar edi. Mazkur chora, boshqalari qatori, mahalla institutining mas’uliyatini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar kompleksida nazarda tutilgan.

Elektr va gaz narxi oshishi (kutilgan edi)

1-iyundan tabiiy gaz va elektr energiyasining narxi oshishi belgilangandi. Ammo bugun moliya vazirligi bu oshirishlarni vaqtincha to‘xtatganini ma’lum qildi.

Bundan tashqari, yer to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish bilan bog‘liq MJTKga tuzatishlar oy davomida kuchga kiradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring