1 noyabr sanasida dunyoda nimalar ro‘y bergan?
Bugun kuzning ikkinchi oyi boshlandi. 1-noyabr sanasi jahon tarixida noyob san’at asarlari namoyishidan tortib, vayronakor zilzilalar, davlatlar taqdiri va ilmiy kashfiyotlargacha bo‘lgan ko‘plab muhim voqealar bilan muhrlangan. Bu kun ayrim mamlakatlarda «Barcha avliyolar kuni» sifatida nishonlanadi. Meksikada esa «O‘liklar kuni» (Día de Muertos) bayrami bilan bog‘liq marosimlar o‘tkaziladi. Xullas, 1 noyabr kuni dunyo sahnida...
1404-yil – Amir Temur saroyida tarixiy uchrashuv. Ispaniya elchisi Rui Gonsales de Klavixo kundaliklariga ko‘ra, 1 noyabr kuni Samarqanddagi elchilar Sohibqiron Amir Temur huzuriga qaytish uchun ruxsat so‘rab borishgan. Bu qaydlar o‘sha davr diplomatik munosabatlari haqida muhim ma’lumot beradi.
1512 yil – Mikelanjeloning shoh asari namoyish etilgan. Vatikandagi Sikstin kapellasi shiftiga mashhur rassom Mikelanjelo chizgan freskalar ilk bor ommaga ko‘rsatildi. Ular orasidagi «Odam Atoning yaratilishi» tasviri jahon san’atining eng mashhur asarlaridan biriga aylandi.
1755-yil – Lissabonni vayron qilgan zilzila. Portugaliya poytaxtida kuchli yer silkinishi ro‘y bergan. Undan keyingi yong‘inlar va sunami shaharga ulkan talafot yetkazdi. Halok bo‘lganlar o‘n minglab kishini tashkil etgan.
1800-yil – AQSh prezidenti Oq uyga ko‘chib kirdi. Prezident Jon Adams rafiqasi Abigail bilan hali to‘liq bitkazilmagan prezident qarorgohiga ko‘chib o‘tdi. U Oq uyda yashagan birinchi Amerika prezidenti bo‘ldi.
1894-yil – Rossiyaning so‘nggi imperatori taxtga chiqdi. Aleksandr III vafotidan keyin Nikolay II Rossiya imperatori bo‘ldi. Uning hukmronligi 1917 yilgi inqiloblar bilan yakunlandi. Keyinchalik Nikolay II oila a’zolari bilan birga qatl etildi.
1911-yil – samolyotdan ilk bor bomba tashlandi. Italiyalik harbiy uchuvchi Julio Gavotti Liviyadagi Italiya–Turkiya urushi paytida samolyotdan qo‘l bombalarini tashladi. Bu harbiy aviatsiya tarixidagi ilk havo bombardimonlaridan biri edi.
1922-yil – Usmoniylar sultonligi bekor qilindi. Qaror Turkiya Buyuk Millat Majlisi tomonidan qabul qilingan va qariyb olti asrlik sultonlik hukmronligiga nuqta qo‘ygan.
1950-yil – AQSh prezidentiga suiqasd uyushtirildi. Puertorikolik ikki millatchi Vashingtonda prezident Garri Trumen yashab turgan Bler-hausga hujum qildi. Suiqasd amalga oshmadi, biroq hujumchilardan biri, oq uy politsiyachisi va boshqa ishtirokchilar halok bo‘ldi (ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra jarohatlangan).
1952-yil – birinchi termoyadroviy bomba sinovdan o‘tkazildi. AQSh Tinch okeanidagi Enivetok atollida «Ayvi Mayk» deb nomlangan qurilmani portlatdi. Bu vodorod bombasi texnologiyasi rivojida tarixiy, ayni paytda insoniyat uchun xavfli burilish bo‘ldi.
1963-yil – Aresibo radioteleskopi ishga tushirildi. Puerto-Rikoda ulkan radioteleskopning ochilish marosimi o‘tkazildi. U o‘nlab yillar davomida koinotni o‘rganish va radiosignallarni kuzatishda muhim ilmiy markaz bo‘lib xizmat qildi. 2020 yilda esa inshoot qulab tushdi.
1991-yil – O‘zbekiston Xalq Demokratik Partiyasi tashkil topdi. 1 noyabr kuni partiyaning I ta’sis qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Unda partiya ustavi va dasturi qabul qilindi, Mahmudjon Rasulov Markaziy Kengashning birinchi kotibi etib saylandi.
1993-yil – Yevropa Ittifoqi rasman qayd etildi. Maastrixt shartnomasi kuchga kirdi. Bu voqea Yevropa davlatlari o‘rtasidagi siyosiy va iqtisodiy integratsiyaning yangi bosqichini boshlab berdi.
2002-yil – Shahrisabzning 2700 yilligi nishonlandi. Qadimiy Shahrisabz shahrining 2700 yilligiga bag‘ishlangan tantanalar o‘tkazildi. Amir Temur tug‘ilgan ushbu shahar O‘zbekistonning eng muhim tarixiy-madaniy markazlaridan biri hisoblanadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter