Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

13 mingga yaqin hujjatsiz bolalarga tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma topshirildi

13 mingga yaqin hujjatsiz bolalarga tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma topshirildi

Foto: Davlat xizmatlari agentligi

Davlat xizmatlari agentligining ma’lum qilishicha, bugungi kunda uyma-uy yurish natijasida joylardagi Davlat xizmatlari markazlari  va FHDYo bo‘limlari xodimlari tomonidan aniqlangan Konstitutsiya va qonunlarda belgilangan haq-huquqlaridan to‘laligicha foydalana olmayotgan bolalardan 13 mingga yaqiniga tegishli hujjat topshirildi. Qolgani esa hujjat olish jarayonida.

«Tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma — har bir inson hayotida dastlabki rasmiy hujjat hisoblanadi. U fuqarolik pasporti kabi bolaning shaxsini tasdiqlaydi.

Bu muhim hujjatga ega bo‘lmagan ota-onalar farzandining manfaatlarini himoya qila olmaydi. Axir ma’nan, tug‘ilganlik haqidagi guvohnomaga ega bo‘lmaslik — rasmiy qayd etilmaganlik demakdir, buningsiz esa — kishi umuman mavjud emas desa ham bo‘ladi. Bola ismidan boshqa hech narsaga ega emas, u bo‘lsa ham hech qayerda qayd etilmagan.

Guvohnomasiz bog‘chaga, maktabga joylashtirib bo‘lmaydi, davlat shifoxonalarida esa kasalga anketa ochilmaydi»,-deyiladi agentlik xabarida.

Masalaning dolzarbligi, shuningdek, uning e’tibordan chetda qolib ketishi natijasida kelib chiqishi mumkin bo‘lgan ijtimoiy oqibatlarni inobatga olgan holda, Davlat xizmatlari agentligi tomonidan umummilliy ijtimoy aksiyani o‘tkazish tashabbusi ilgari surilgan.

Aksiyaning asosiy yo‘nalishi etib tegishli tartibda qayd etilmagan tug‘ilganlik holatlari aniqlanishi va to‘liq xatlovdan o‘tkazilishi belgilangan.

O‘z vaqtida ro‘yxatdan o‘tkazilmagan va tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomalari mavjud bo‘lmagan bolalarni aniqlash va ushbu hujjatni topishirish aksiyasi 2019 yil 1 iyulga qadar davom etadi.

Agentlik bunday muammoga duch kelgan fuqarolardan 1148 ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilishni so‘raydi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur xizmatlar bepul ko‘rsatilib, faqat gerb yig‘imi uchun eng kam oylik ish haqining 15% miqdorida to‘lov to‘lash talab etiladi. Hozirda bu to‘lov 30 409,5 so‘mni tashkil etadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring