Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

14 yil avval O‘zbekistonni tark etgan oila ortga qaytarilmoqda

14 yil avval O‘zbekistonni tark etgan oila ortga qaytarilmoqda

O‘zbekiston fuqarosi, 1974-yili Qo‘qon shahrida tug‘ilgan Kibriyo Yo‘ldoshevaning turmush o‘rtog‘i Murodjon Yo‘ldoshev 2005-yilgi Andijon voqealaridan so‘ng oilasi bilan Rossiya Federatsiyasining Krasnoyarsk shahriga chiqib ketgandi.

 «2007-yili chetga chiqib ketgan fuqarolarimiz, agar chin dildan pushaymon bo‘lib, kechirim xati yozsa, O‘zbekistonga qaytishi mumkin, degan xabar tarqaldi, – deya hikoyasini boshladi K.Yo‘ldosheva. – Qaynog‘am barcha hujjatlarni rasmiylashtirib, turmush o‘rtog‘imni olib kelaman deb Krasonoyarsk tomon yo‘l oldi. Afsuski, qidiruvda bo‘lgani sababli turmush o‘rtog‘im Rossiya huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan ozodlikdan mahrum qilinib, uch yil turmada bo‘ldi. 2010-yili u ozodlikka chiqqach, qaynonam va qayni og‘amning tashabbusi bilan men va to‘rtta farzandim Krasnoyarsk shahriga keldik. Ikki yildan so‘ng, qaynonam, qisqa vaqtdan keyin esa qayni akam olamdan o‘tdi. Bu yerda tarqalgan turli mish-mishlar tufayli O‘zbekistonga qaytishdan qo‘rqib, Rossiyada to‘qqiz yil qolib ketdik. Bu muddat mobaynida yana bir farzand ko‘rdik, katta qizim yigirmadan oshdi».

Shundan so‘ng oilaviy mojarolar va kelishmovchiliklar tufayli Murodjon Yo‘ldoshev  «o‘z kuningni o‘zing ko‘r», deb uydan chiqib ketgan. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil 19-sentyabrdagi  «Terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar tarkibiga adashib kirib qolgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini jinoiy javobgarlikdan ozod etish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida»gi Farmoni K.Yo‘ldoshevaning hayotida katta burilish yasagan voqea bo‘ldi.

«O‘zbekiston Respublikasining Rossiyadagi elchixonasi konsullik bo‘limiga murojaat qildim. Aniqlanishicha, men va farzandlarim O‘zbekiston hududida xech qanday qidiruvda emas ekanmiz. Ya’ni, shuncha payt begona yurtda adashib, qiynalib yurgan ekanmiz.

Shu o‘rinda O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi konsullik bo‘limi xodimlariga ham alohida minnatdorchilik izhor etishni istar edim. Ular menga O‘zbekistonga qaytish uchun hujjatlarni rasmiylashtirishda hech qanday ortiqcha ovoragarchiliklarsiz astoydil yordam berishdi» deya xursandchiligini izhor etdi Kibriyo opa.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring