Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

19 yoshida bedarak yo‘qolgan Nazmiddin 9 yil o‘tib, Vataniga qaytdi

19 yoshida bedarak yo‘qolgan Nazmiddin 9 yil o‘tib, Vataniga qaytdi

Foto: iiv.uz

2009-yil sentyabr oyining boshlarida Rossiya Federatsiyasining Vladivostok shahridan O‘zbekiston Respublikasi tomon yo‘lga chiqqan poyezdda ota-onasi va yaqinlarining diydoriga intiqqancha shoshib kelayotgan 19 yoshli Nazmiddin  Saipov ham bor edi. Ammo kutilmagan vaziyatlar uni o‘z manziliga yetib kelishiga to‘sqinlik qildi. U Qozog‘iston hududiga yetib kelganda, poyezddan qolib ketdi va izsiz g‘oyib bo‘ldi.

Yillar davomida N.Saipovning ota-onasi va yaqinlari uni tushib qolgan poyezd bekatidan, uning atroflaridan, hattoki, Chimkent shahrigacha bo‘lgan hududlardan izlagan. Uni topish uchun borishmagan joyi, murojaat qilmagan eshigi qolmadi, ammo uning daragi hech qayerdan chiqmagach, N.Saipov rasman bedarak yo‘qolgan shaxs sifatida e’lon qilindi.

Oradan 9 yil o‘tib, to‘satdan ijtimoiy tarmoqlarda o‘zi endigina 27 yoshga to‘lgan, rasmda esa undan yoshi kattaroq ko‘rinuvchi, ahvoli tang holatdagi N.Saipovning rasmi paydo bo‘ladi. Samarqand viloyatining Nurbuloq qishlog‘i fuqarosi rasmdagi yigitni ko‘riboq taniydi va quvonchi ichiga sig‘may, zudlik bilan uning ota-onasiga xabar bergani boradi.

Rasmni ko‘rgan N.Saipovning ota-onasi va yaqinlari zudlik bilan ushbu rasmni kim internet tarmog‘iga joylaganini aniqlashga kirishadi. N.Saipovning ukasi Fazliddin Saipov turli ijtimoiy tarmoqlar orqali Qozog‘istonda bo‘lgan o‘zbek fuqarolariga iltimosnoma yozib, akasini qayerda va kim bilan, qay ahvolda ekanligini aniqlashga harakat qiladi. N.Saipovning otasi esa vujudida ming hayajon va yillar davomida yig‘ilgan sog‘inch bilan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziriga ariza bilan murojaat qilib, holat haqida ma’lumot beradi va farzandini uyga qaytarishda amaliy yordam berishini so‘raydi.

O‘z o‘rnida, mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Terrorizm va ekstremizga qarshi kurashish bosh boshqarmasi xodimlari N.Saipovni qidirib topish choralarini ko‘radi, deb yozadi O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi.

Aniqlanishicha, ushbu rasmni O‘zbekistondan vaqtinchalik ishlash uchun Qozog‘iston Respublikasiga borgan Bahriddin Hamidov telefoniga suratga olib, Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanida bo‘lgan ukasi Nuriddin Homidovga yuborib, ushbu rasmdagi yigit o‘zbek fuqarosi ekanligini va ko‘p yillardan buyon Qozog‘istonda yurganligini hamda uning yaqinlarini topishga harakat qilib ko‘rishini aytadi. Akasining gaplaridan so‘ng N.Homidov uning rasmini ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatib, N.Saipovning yaqinlarini qidira boshlaydi. N.Saipovning tirikligidan va qayerda ekanligidan yaqinlari shu tariqa xabar topishadi.

N.Saipovning otasi Xudoyberdi Niyozov sabri yetmay ukasini olib, o‘g‘li rasmga tushirilgan Jambul viloyatining Taroz shahriga boradilar. Taqdirning o‘yinini qarangki, N.Saipov bundan oldinroq yon atrofidagi insonlarning so‘zlaridan uni qidirayotganidan xabardor bo‘ladi va o‘zi ishlab yurgan joyning egasiga ushbu xabarni aytib, turgan joyidan ketib qoladi. Shundan so‘ng, N.Saipovni topa olmagan otasi va amakisi O‘zbekistonga qaytib kelib, yangi xabarni kuta boshlashadi. Bu vaqtda esa vazirlikning Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi xodimlari qonun doirasida lozim bo‘lgan barcha ishlarni amalga oshirib, uni zudlik bilan Vatanga qaytarish ishlarini olib borayotgan edi. Dastlab, Qozog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga so‘rov xati yuborgan, bundan tashqari N.Saipovni qidirib topish uchun O‘zbekiston Respublikasining Olmota shahridagi bosh konsulxonasi ham Qozog‘istonning Ichki  ishlar vazirligiga so‘rov xati bilan murojaat qilgan. O‘z o‘rnida, ikki vazirlik N.Saipovning aniq manzilini topish uchun hamkorlikda bir qator tadbirlar o‘tkazdilar.

Shunday bo‘lsa-da, N.Saipovning ukasi ham qo‘l qovushtirib o‘tirmay, internet saytlari orqali Qozog‘istonda yurgan yurtdoshlaridan yordam so‘raydi.

Oradan vaqt o‘tib, harakatlar ijobiy samara berib, N.Saipovning aniq manzili topiladi. U Qozog‘iston Respublikasi Jambul viloyatining Taroz shahridagi bozordan topilgan. Buning xabarini eshitgan N.Saipovning otasi va amakisi u ushlab turilgan politsiya mahkamasiga borgan hamda aynan o‘sha yerda yillar davomida sog‘inchga to‘lgan ko‘zlar bir-biri bilan uchrashgan. Beixtiyor ota farzandi bilan uchrashgani haqida oila a’zolariga xabar berish maqsadida Samarqandga qo‘ng‘iroq qilib, N.Saipovni onasi va ukasi bilan telefon orqali gaplashtiradi. Ammo  suhbat jarayonida N.Saipov ukasi Fazliddinni taniy olmagan, akasidan nima uchun shu vaqtga qadar o‘zi haqida biron-bir xabar bermagini so‘raganida hech qanday javob qaytarmagan. Keyinroq N.Saipov o‘tgan 9 yil vaqt oralig‘ida boshidan qattiq jarohat olib, sog‘ligi u qadar yaxshi holatda bo‘lmaganigi va ko‘p holatlarni eslay olmasligi ma’lum bo‘ldi.

Foto: iiv.uz

N.Saipovning shaxsini tasdiqlovchi hujjati yo‘qolgani sabab, O‘zbekiston Respublikasining Ichki ishlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasining Olmota shahridagi bosh konsulxonasi yordamida «Vatanga qaytish guvohnomasi» rasmiylashtirilib, joriy yilning 4 oktyabr kuni N.Saipov yashash manziliga qaytib kelishi ta’minlandi.

N.Saipovga Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika idoralararo komissiyasi tomonidan psixologik va tibbiy yordam ko‘rsatish choralari ko‘rilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring