Aholi xonadonlaridagi isitish pechlarining milliy standarti ishlab chiqiladi – loyiha
Favqulodda vaziyatlar vazirligi taqdim qilgan Prezident qarori loyihasiga ko‘ra, mahallalarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
Jumladan, olti oy muddatda O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan gaz va muqobil yoqilg‘ida kombinatsion ishlovchi, xavfsizlik avtomatikasi bilan jihozlangan, energiya tejamkor va isitish samaradorligi yuqori bo‘lgan xamyonbob isitish pechlari loyihasini ishlab chiqish uchun xavfsizlik talablarini belgilagan holda milliy standart ishlab chiqadi va ularni sertifikatlash tartibini tasdiqlaydi.
Shu tariqa, milliy standart asosida xamyonbob isitish pechlari loyihasi ishlab chiqiladi va sinovdan o‘tkaziladi hamda pechlarni seriyali ishlab chiqarish qo‘yiladi.
2027-yil 1-iyulga qadar «Hududgazta’minot» aksiyadorlik jamiyati tomonidan gazlashtirilgan aholi turar joylarini to‘liq xatlovdan o‘tkazish ta’minlanadi hamda tegishli normativ hujjatlar talablariga javob bermaydigan isitish pechlarini istemolchilar hisobidan bosqichma-bosqich almashtirish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
Belgilanishicha, 2028-yil 1-yanvardan boshlab «Hududgazta’minot» aksiyadorlik jamiyati tomonidan gazlashtirilgan aholi turar joylarida texnik va xavfsizlik standartlari talablariga javob bermaydigan isitish pechlari almashtirilmagan xonadonlar bo‘yicha iste’molchilarni gaz tarmoqlaridan uzish choralari ko‘riladi.
Bunda, Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan fuqarolarga nisbatan gaz tarmoqlaridan uzish choralari subsidiya orqali isitish pechlari almashtirilgunga qadar vaqtincha qo‘llanilmasligi rejalashtirilmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter