Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Aks-sado: hammasidan o‘zimizning «Qaytar dunyo» yaxshi

Aks-sado: hammasidan o‘zimizning «Qaytar dunyo» yaxshi

«Kara sevda» seriali haqida juda ko‘p gapirildi. Men gapirmoqchi emas edim. Ammo bularni yozishga Anvar Namozovning «Xabar.uz» saytida e’lon qilingan «Sip-silliq bo‘lmagan serialga malomatlar» maqolasidagi quyidagi o‘xshatish turtki bo‘ldi:

«Xo‘sh, o‘zimizning seriallarda xiyonat mavzusi yo‘qmi? Birinchi seriallardan deb hisoblangan «Ko‘ngil ko‘chalari» esingizdami? Kattagina idorada ishlaydigan bir amaldor erkak Suqsur ismli yoshgina juvon bilan yuradi, keyinchalik bu ayol o‘zining singlisi bo‘lib chiqadi. «Qaytar dunyo» serialida Abdullaning xotini eri tirikligidayoq xiyonatni boshlab yuborib, uning do‘sti bilan «yuradi». Men mazkur serial muallifi bilan suhbatlashganman. U hammasi hayotiy voqealar asosida yozilganini aytgan edi». 

Muallifga hurmatni saqlagan holda o‘z fikrlarimni aytib o‘tsam.

Muallif seriallarni solishtirishda xatoga yo‘l qo‘ygan. «Ko‘ngil ko‘chalari»ni ko‘rmaganman, ammo «Qaytar dunyo»ni ko‘rganman! Aslida «Qaytar dunyo» serialini «Kara sevda»dan tarbiyaviy jihatdan ustun qo‘yaman. Muallif maqolasida filmni ijodkor sifatida yoqtirganini yozibdi. Haqiqatan film syujetlari, dinamikasi, ijrolari yaxshi. Balki «Qaytar dunyo» u darajada emasdir. Ammo «Qaytar dunyo»da Abdullaning xotini xiyonat qiladi deyishning o‘zi bir xato. Ijodkordan bunday xato chiqishi esa kutilmagan. Chunki Abdullaning xotini deb berilayotgan Mashhura uning xotini emas, balki sevgilisi yoki qallig‘i. U «xiyonat qilgan» paytida hali unga turmushga chiqmagan bo‘ladi. «Qaytar dunyo» serialidagi ushbu «xiyonat»ni xalq, yoshlar to‘g‘ri deb qabul qilmaydi, unga ergashmaydi, qahramonga taqlid qilmaydi. «Qaytar dunyo»dagi xiyonatdan kishi nafratlanadi, uni yomon ko‘radi. Ushbu xiyonatning oqibati kishilarni o‘ylashga, fikrlashga undaydi, dunyoning qaytar dunyo ekanligiga ishontira oladi.

Ammo «Kara sevda»dagi xiyonat haqida shunday deya olamizmi? Undagi xiyonatdan ham odamlar nafratlanadimi? Yoshlar ulardan xulosa qilayaptimi? Bunday emasligini ko‘plarning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini bezab turgan ikki «sevishgan xiyonatkor» — Kamol va Nihonning suratlaridan ham bilsa bo‘ladi. Sog‘lom fikrli odam bunday «sevgi»dan nafratlanishi turgan gap. «Kara sevda»dagi xiyonat shundayin beozor qilib ko‘rsatilganki, g‘o‘r yoshlar «sevgi yo‘lidagi kurash» shioriga yashiringan xiyonatni to‘g‘ri ekan deb qabul qilmasligiga kim kafolat beradi? Endi o‘ylab ko‘ring,  bir xotin eriga «uni bolam demang, u sizning emas, falonchining bolasi» (ushbu gap Nihon tilidan aytilgan) deyishini tasavvur qila olasizmi?

So‘zim oxirida shuni aytib o‘tmoqchimanki, na mening, na Anvar Namozovning fikrlari saytning pozitsiyasini bildirmaydi.

Jahongir Ostonov

Izohlar 2

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring