Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Amir Temur tug‘ilgan qishloqda masjid va muzey quriladi

Amir Temur tug‘ilgan qishloqda masjid va muzey quriladi

Foto: O‘zA

Amir Temur tavallud topgan Xo‘ja Ilg‘or qishlog‘ida buyuk Sohibqiron, davlat arbobi Amir Temur tavalludining 682 yilligi katta tantana qilinmoqda.

Tadbirda Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Ro‘ziyev ishtirok etib, jurnalistlarga intervyu berdi. Bu haqda O‘zA ma’lum qildi.

— Amir Temur bobomiz dunyo xalqlari sivilizatsiyaga ham salmoqli hissa qo‘shgan, — deydi Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Ro‘ziyev. — Shu bois biz Sohibqiron bobomiz bilan faxrlanamiz. Bu yil Sohibqiron tavallud sanasiga Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ko‘rsatmasi bilan alohida tayyorgarlik ko‘rildi.

Qashqadaryoda 500 mingdan ortiq oila istiqomat qiladi. Bugun ularning barchasi oilasi davrasida, mahalla-ko‘ylarda, ta’lim muassasalarida, Shahrisabz shahrida joylashgan Oqsaroy yodgorlik majmuasi atrofida Amir Temur xotirasiga Qur’on tilovat qilib, bobomiz haqida farzandlariga so‘zlab bermoqda. Xususan, Xo‘ja Ilg‘or qishlog‘ida xalq sayli ko‘rinishida ilk bor o‘tkazilayotgan bugungi tadbir xalqimiz kayfiyatini ko‘tarib yubordi. Kelgusida bu qishloqda Amir Temur tavallud kunini an’anaviy o‘tkazishni rejalashtirganmiz.

Bundan tashqari, Xo‘ja Ilg‘or qishlog‘ida turizmni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratamiz. Bu yerda yirik masjid bunyod etilishi rejalashtirilmoqda. Bu yerga ziyorat turizmi uchun kelgan sayyohlar ibodat amallarini bajarishlari mumkin bo‘ladi. Hududda Amir Temur va temuriylar davriga oid muzey ham tashkil qilinishi ko‘zda tutilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring