Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Amirning «soliq daftari»da yashiringan Buxoro tarixi

Amirning «soliq daftari»da yashiringan Buxoro tarixi

Buxorolik jurnalist, tarixiy-ilmiy tadqiqotchi Ibodat Rajabova bilan «Tuproq ostidagi tarix: Buxoro kentlari nomi orasida yashiringan sirlar sarlavhasi ostida» qadimiy shahar va qabristonlar tarixi borasidagi izlanish va o‘rganishlari borasida suhbatlashgan edik. Tajribali mustaqil tadqiqotchi Ibodat Rajabovaning har bir izlanishi qadim Buxoro tarixiy tilsimlarini ochishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

- Bu galgi tarixiy izlanishlarni mustaqil tadqiqotchi Hamza Salimov bilan birga o‘rgandik. Buxoro tarixi shu qadar tilsimga boyki, u bilan yaqindan tanishsangiz, Buxoroning javohir diyor ekaniga yana bir karra ishonch hosil qilasiz. Bu galgi tadqiqotimiz ko‘pchilik olimlarni ham hayratga soldi,-deydi biz yana suhbatga chorlagan hamkasbimiz.

Savol: Buxoro tarixini o‘rganishda «soliq daftari» degan manba haqida ko‘p gapirilgan. Bu qanday hujjat va uning ahamiyati nimada?

Ibodat Rajabova: Buxoro amirligi davriga oid bu hujjatlar yurtning ijtimoiy, iqtisodiy va etnografik tarixini o‘rganishda beqiyos ahamiyatga ega. Amirlik har yili 1743 ta qishloqdagi 63 ming 456 ta xo‘jalikdan yig‘iladigan soliqlar haqida ma’lumot yuritgan. Bu ro‘yxat xalq orasida «soliq daftari» nomi bilan mashhur bo‘lgan. 1924-yili O‘zbekiston Markaziy rayonlashtirish komissiyasi mazkur ma’lumotlarni «Xalq turadigan joylarning ro‘yxati» nomi bilan nashr etgan. Keyinroq, 2017-yilda muzeyshunos Axtam Ahmedov arxiv manbalarini qayta o‘rganib, arab alifbosidagi matnlarni ilmiy muomalaga kiritdi. Bu hujjat shunchaki, oddiy ro‘yxat emas. Unda qishloqlarning nomi, aholi tarkibi, xo‘jaliklar soni, masjidlari, markazdan uzoqligi, qaysi kentdan tarqalgani haqida juda qimmatli ma’lumotlar saqlangan.

Savol: Bu manba bilan tanishganingizda, birinchi navbatda nimalar sizning e’tiboringizni tortdi?

Ibodat Rajabova: Eng qiziq jihati, bugungi kungacha yashab kelayotgan ko‘plab qishloq nomlarining ortida ming yillik tarix yotganini ko‘rish bo‘ldi. G‘ijduvon, Xayrobot, Shofirkon, Bahouddin, Peshko‘ kabi hududlarga qarashli qishloqlarning kelib chiqishi haqidagi ma’lumotlar bilan tanishar ekanmiz, nomlar oddiy atama emas, o‘tmishning tirik xotirasi ekaniga ishonch hosil qildik. Ayniqsa, 220 ta qishloqning kelib chiqish joyi sifatida qayd etilgan Siplon kenti men va yana bir mustaqil tadqiqotchi Hamza Salimovni jiddiy izlanishga undadi. Tadqiqot davomida «Siplon»ni o‘rganish biz uchun alohida ahamiyat kasb etdi. E’tibor qilgan bo‘lsangiz, «Siplon» nomi bugungi kun xaritalarida uchramaydi. Lekin, amirlik davri hujjatlarida u katta tarixiy markaz sifatida namoyon bo‘lgan. Masalan, «soliq daftari»da. Unda Avshor mahallasi12 ta xo‘jalik, o‘zbek millati, kelib chiqishi Siplon kentidan, Vahmkor - 9 ta xo‘jalik, Siplondan tarqalgan. Xuddi shuningdek, Ko‘li Horun, Kulonxona, Navmetan, Raboti Qozi, Tali Aliyon, O‘tror kabi ko‘plab qishloqlar ham Siplon bilan bog‘langan. Bu ma’lumotlar Siplon oddiy qishloq emas, balki, atrofidagi ko‘plab aholi maskanlari shakllangan qadimiy markaz bo‘lganini ko‘rsatadi.

Savol: Qadimiy joy nomlarini o‘rganishda qanday usullarga tayanasizlar?

Hamza Salimov: Joy nomlari tarixning tilda saqlangan izlari hisoblanadi. Ularga faqatgina bugungi talaffuz sifatida qarab bo‘lmaydi. So‘zning qadimiy shakli, ma’no qatlami, tarixiy manbalardagi ko‘rinishi o‘rganilishi kerak.  Masalan, Soktare nomi qadimdagi «Sug‘dtare», ya’ni sug‘dlar yashagan kent ma’nosidan kelib chiqqan bo‘lishi mumkin. Gajdumak esa o‘zgargan shakldagi qadimiy atama bo‘lib, u «bozor» ma’nosini anglatadi. Shofirkondagi Tezguzarning asl shakli «Diza guzar» bo‘lib, qal’a yoki kentga o‘tish joyini bildiradi. Revgariy qumli tuproqli hudud ma’nasini bersa, Zahkash - zax suv chiqadigan joy,  Jilvon esa qadimiy so‘g‘dcha «cho‘pon, cho‘lbon»  ma’nosidagi so‘zlar bilan bog‘liq. Demak, har bir nom ortida bir davr, bir kasb, bir tabiat manzarasi yoki bir tarixiy voqea yashiringan.

Savol: Siplon nomining izini qayerdan qidirdingizlar?

Ibodat Rajabova: Izlanishlarni biz avval tumanlar hududlaridagi qabristonlar va yoshi ulug‘ odamlar orasida olib bordik. Chunki, ko‘p hollarda yo‘qolgan shaharlar nomi qabristonlar, tepaliklar va mahalliy xotiralarda saqlanib qoladi. Qorako‘ldagi bir qabr atrofidagi bahs ham ana shunday izlanishlarga sabab bo‘ldi. Ayrimlar bu qabrni Dashti Ko‘laki qabri, deb bilsa, boshqalar uni mashhur olim Olim Qorabog‘iy qabri, deb hisoblardi. Masalani oydinlashtirish jarayonida Qorabog‘iy avlodlaridan biri bilan suhbatlashdik. U kishi bu qabr Olim Qorabog‘iyniki ekanini, uning ajdodlari Ozarbayjonning Qorabog‘ hududidan Buxoroga kelib, ilm bilan shug‘ullanishganini aytdi.

Mustaqil tadqiqotchilar bilan suhbat davomi eng muhim ma’lumuot Sipadmun qabristoni haqidagi xabar bo‘ldi.

Savol: Sipadmun va Siplon o‘rtasida qanday bog‘liqlik bor?

Ibodat Rajabova: Juda qiziq savol. Bu savol bizning izlanishlarimizning asosiy nuqtasiga aylangandi. Sam’oniyning «Nasabnoma» asarida Sibadmun qishlog‘i haqida ma’lumot keltirilgan. Unda: «Sibadmun - Buxoro shahristonidan yarim farsax uzoqlikdagi qishloq», deb qayd etilgan. Shuningdek, unda shu qishloqdan chiqqan Abu Muhammad Abdulloh ibn Muhammad al-Kalobodiy as-Sibadmuniy va Abu Solih Ma’ruf ibn Mansur as-Sibadmuniy kabi olimlar haqida ham ma’lumotlar berilgan. Bu joy keyinchalik Safedmun, Sipadmun, Siplon kabi shakllarga o‘zgargan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Joy nomlarining asrlar davomida tovush jihatidan o‘zgarishi tabiiy jarayon. Bir nom turli davrlarda turlicha talaffuz qilingan.

Savol: Siplonning yanada qadimiy qatlamlarini izlashda qaysi manbalarga murojaat qildingiz?

Hamza Salimov: Tarxiy haqiqatni tiklash uchun birgina manba yetarli bo‘lmaydi. Arxiv hujjatlari, yozma manbalar, xalq xotirasi, joy nomlari va arxeologik belgilar bir-biri bilan solishtirilishi kerak. Siplon masalasida bizga Abulqosim Firdavsiyning «Shohnoma»sidagi ma’lumotlar qiziq yo‘nalish berdi. Chunki, bu asarda Afrosiyob va uning avlodlari bilan bog‘liq ko‘plab nomlar keltiriladi. Ularning  ayrimlari bushungi qishloq va tepalik nomlarida savlanib qolingan. Masalan, ilgari Orjon, Urjon, Urjontepa kabi joy nomlarini o‘rganish jarayonida ularning qadimiy ildizlari Afrosiyob avlodlari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini ko‘rdik. Va shu tajriba bizga Siplon izlanishlarida ham muhim yo‘l ko‘rsatdi.

Savol: Demak, Siplon Afrosiyob davri bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinmi?

Hamza Salimov: Tarixiy manbalar va joy nomlarini qiyosiy o‘rganish shu ehtimolni kuchaytiradi. Farazimizcha, bu hududda qadimda «Surxa» nomi bilan bog‘liq katta bir kent bo‘lgan. «Surxa» nomi bilan atalgan bu maskan keyinchalik turli davrlarda boshqacha talaffuz qilingan bo‘lishi mumkin.  Xabaringiz borki, zamon va davrlar щtishi bilan nomlar ham tarixda o‘zgarib boradi. Masalan,  Surxa → Surxayon → Sibadmun → Sipadmun → Siplon → Safedmun. Bu o‘zgarishlar til qonuniyatlari, mahalliy talaffuz va tarixiy jarayonlar ta’sirida yuzaga kelgan bo‘lishi mumkin.

Savol: Bu fikrni tasdiqlovchi qanday dalillar bor?

Ibodat Rajabova: Albatta. Bir nechta muhim belgilari bor. Birinchidan, Siplon nomi amirlik davri Siplon nomi amirlik davri hujjatlarida katta hududiy markaz sifatida tilga olinadi. 220 ta qishloqning kelib chiqish manzili sifatida qayd qilinishi – bu kentning nufuzi baland ekanidan dalolat beradi. Ikkinchidan, Sam’oniyning «Nasabnoma» asaridagi Sibadmun qishlog‘i haqidagi ma’lumotlar bu hududning Buxoro shahriga yaqin qadimiy aholi maskani bo‘lganini ko‘rsatadi. Uchinchidan, bugungi Safedmo‘y qabristoni o‘rnida qadimda aholi yashagan joy bo‘lganini ko‘rsatuvchi tarixiy belgilar bor. Chunki, ko‘plab qadimiy shahar va qishloqlar vayron bo‘lganidan keyin qabriston sifatida foydalanilgan.

Savol: Qadimiy shaharlarning qabristonga aylanishi tarixda ko‘p uchraydimi?

Ibodat Rajabova: Ha, bu oddiy tarixiy jarayon. Bosqinlar, siyosiy o‘zgarishlar, suv yo‘llarining buzilishi yoki savdo yo‘llarining o‘zgarishi natijasida ko‘plab qadimiy shaharlar hayotdan chiqib ketgan. Ammo, odamlar o‘z ajdodlari yashagan joylarni unutmagan. odamlar o‘z ajdodlari yashagan joylarni unutmagan. Ular eski shahar xarobalarini muqaddas joy sifatida asrab kelganlar. Shuning uchun ba’zan bir qabriston tagida butun boshli shahar tarixi yotishi mumkin.

Savol: Siz Safedmo‘y hududida ham o‘rganishlar olib borgansiz. Bu yerda qanday xulosaga keldingiz?

Ibodat Rajabova: Haqiqatan ham «Nasabnoma»da keltirilgan ma’lumotlarni tekshirish uchun Buxoro shahrining janubiy tomonidagi hududlarga bordik. Safedmo‘y qabristoni joylashgan hudud katta va qadimiy maskan ekanini ko‘rdik. Mahalliy aholi xotirasi, qabriston nomi va yozma manbalardagi ma’lumotlar bir-biriga yaqin keladi. Sam’oniy «Buxoro shahristonidan yarim farsax uzoqlikdagi Sibadmun qishlog‘i» haqida yozgan. Masofa va joylashuv nuqtai-nazaridan bu ma’lumotlar Safedmo‘y hududi bilan mos tushadi.

Savol: Siplondan tarqalgan qishloqlar haqida ham qiziq ma’lumotlar bor ekan. Ular nimani ko‘rsatadi?

Ibodat Rajabova: Ular Siplonning ta’sir doirasi juda keng bo‘lganini ko‘rsatadi.  Masalan,  Navmetan, Raboti Qozi, O‘tror, Tali Aliyon kabi qishloqlar «soliq daftari»da Siplondan tarqalgan, deb ko‘rsatiladi. Navmetan nomi ham qiziq. Bugungi kunning ayrim odamlari, hatto, tarixiy haqiqatlarni bachkana qarashlari bilan bezashga harakat qilishadi. Bu judayam kulgili va o‘z o‘rnida achinarli ham. Navmetanni – nav – yangi, metanni - gaz bilan bog‘lashadi. Ya’ni «yangi gaz». Bu bilimsizlikdan, tarixiy nomlar bilan qiziqmaslikdan darak.  Navmetan nomi esa aslida, qiziq. U “yangi makon”, “yangi yashash joyi” ma’nolarini anglatadi. Bu esa ko‘chib chiqqan aholining yangi hududlarda joylashganini ko‘rsatadi.  Siplondan chiqqan aholi sersuv ariqlar bo‘ylariga joylashib, yangi qishloqlar barpo etgan. Shu tariqa bir qadimiy markaz atrofida o‘nlab yangi aholi maskanlari paydo bo‘lgan.

Savol: Joy nomlari orqali xalqning turmush tarzi haqida ham ma’lumot olish mumkinmi?

Hamza Salimov: Albatta, axir, joy nomlari xalq hayotining tarixiy oynasi-ku! Masalan, ayrim nomlar borki, ular kasblarga bog‘liq. Masalan,  Pizishkon - tabiblar yashagan joy, Kemuxgaron - kitob muqovasi tayyorlovchilar maskani, Pinjon - pillakorlar bilan bog‘liq nom. Ushot, Ushin, Ushmiyon - tokzor va uzumchilik bilan bog‘liq atamalar. Bu nomlar o‘sha joylarda qanday kasblar rivojlanganini ko‘rsatadi.

Savol: Sizlar bu izlanishlarni bir kitob yoki katta tadqiqot sifatida ko‘ryapsizlarmi yoki...?

Ibodat Rajabova: Tarixiy kitob uchun, albatta. Chunki, 220 ta qishloq va ularning Siplon bilan bog‘liq tarixi bir maqolaga sig‘maydi.  Har bir qishloqning nomi ortida alohida bir qissa bor. Ularning har biri Buxoro tarixining bir sahifasi. Biz ba’zan katta tarixni faqat podshohlar, urushlar va siyosiy voqealar orqali tasavvur qilamiz. Aslida esa tarix qishloq nomi, ariq nomi, tepalik va qabristonlarda ham yashaydi.

«Tarixiy meros sotilmaydi» Buxoro javohirlarini izlayotgan mustaqil tadqiqotchilar hikoyasi

 Mustaqil tadqiqotchilar bilan suhbatlashar ekanmiz, ular bir buxorolik tajribali olim bilan xorijlik tadqiqotchilarning ham o‘zaro muloqoti haqida so‘zlab berishdi.

Ibodat Rajabova: Buxoro – yuqorida aytganimdek javohir diyor. Uning har bir g‘ishti, har bir kaft tuprog‘i tilsim. Bu tilsimlarni «yechish» uchun eh-he-ye, jon kuydirganlar va jon kuydirayotganlar qancha. Izlanishlari zoye ketmasin. Bilsangiz, mustaqil tadqiqotchilarimizdan birining ilmiy izlanishlariga xorijlik tadqiqotchilar ham qiziqish bildirishgan. Hozircha ismini oshkor qilmaymiz. Chunki, buning o‘ziga xos obyektiv va subyektiv jihatlari bor. Xullas, unga xorijlik tadqiqotchilar, to‘g‘rirog‘i, turk olimlari Afrosiyob tarixi bilan bog‘liq maxsus jamg‘arma tuzganini aytib, topilgan ma’lumotlarni ularga berish haqida taklif qilgan. Ammo, tadqiqotchimiz xorijlik tadqiqotchilarning fikriga qo‘shilmay, ularning taklifini keskin rad etgan.   U: «Tarixiy dalillar — bu oddiy tovar emas, Buxoro tarixi, Afrosiyobga oid ma’lumotlar, avvalo, shu zaminning ma’naviy boyligi. Bu javohir, bu mulk Buxoroda bo‘lishi shart, zarur. Uning o‘zi, o‘g‘illari shu tuproqda abadiy uyquga ketganlar. Bizning ular ruhini bezovta qilishga haqimiz yo‘q! Matbuot so‘zidan keyin, marhamat, kim olib foydalansa, foydalansin. To‘rt so‘mga sotsag-u, bu turk olimi izlanishlari bo‘lsinmi?! Buxoro oldida gunohkor bo‘lmaymizmi, uka?!..» -deya javob bergan.

To‘g‘ri, albatta, xorijlik olimlar bilan hamkorlik qilish mumkin. Ilmiy alamshinuv kerak. Lekin o‘z tariximizning asosiy manbalari o‘z yurtimizda saqlanishi shart. Bizning vazifamiz topilmalarni xalqqa yetkazish.

Savol: Demak, tadqiqotchining asosiy maqsadi...

Ibodat Rajabova: faqatgina o‘tmishni tiklash emas, uni anglash ham.  Joy nomlari bizga ajdodlarimiz qayerda yashagani, qanday mehnat qilgani, qanday shaharlar qurganini aytib beradi. Siplon tarixi ham shu haqiqatni ko‘rsatadi: yer ostida qolgan shaharlar, o‘zgargan nomlar va unutilgan manbalar orqali Buxoroning yana bir buyuk sahifasi ochilmoqda.  Tarix – xalq xotirasi. Xotira esa asrash uchun berilgan omonatdir.

Suhbatdosh: Laylo Hayitova

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring