Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Arzon uy-joy qurilishidagi «o‘yinlar». Vazirga ikki savol

Arzon uy-joy qurilishidagi «o‘yinlar». Vazirga ikki savol

Foto: «Xabar.uz»

Kecha, 25-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida o‘tkazilgan navbatdagi «Hukumat soati»da O‘zbekiston Respublikasi qurilish vaziri Abduqahhor To‘xtayev ishtirok etgani va u deputatlar oldida noqulay ahvolga tushib qolgani haqida xabar bergandik.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev ushbu yig‘ilish haqida o‘z mulohazalarini bildirdi:

Kecha yalpi majlisdagi «Hukumat soati»da Qurilish vaziri A.To‘xtayevning joylarda arzon uy-joylar qurish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqidagi axborotini eshitdik. Axborotga 10 daqiqa, savol-javobga esa 50 daqiqa ajratilgan bo‘lsa-da, vazirimiz bir necha daqiqa ko‘proq vaqt hisobiga axborot berdi. Biroq bu — jarayonga xalaqit qilmadi. Eng muhimi, «Hukumat soati»da vazir bilan birgalikda bir qator idoralar, jumladan, hukumat qarorlarini ham chetlab o‘tishga usta «Qishloq qurilish invest» kompaniyasining bosh direktori Q.Hoshimbekov ham qatnashdi.

Ancha vaqtdan buyon ko‘pchilikni qiynab kelgan savollarga javob olish istagi bilan vazirimizga quyidagi savollar bilan murojaat etdim:

Birinchi savol

Xabarimiz bor, joriy yil davomida uy-joylarning narxi keskin ravishda oshib ketdi. Masalan, avgust oyidagi ma’lumotlar bo‘yicha, Toshkent shahrining Sergeli tumanida qurilayotgan uy-joylarning bir kvadrat metr narxi o‘rtacha 4 million so‘mga to‘g‘ri kelgan. Endi tijorat uchun xususiy tartibda Toshkent shahrida uy-joy qurish bilan shug‘ullanayotgan firmalarning narxi o‘rganilganda, avgust oyida ular fuqarolarga uyning bir kvadrat metrini 3 million 300 ming yoki 3 million 500 ming so‘mdan qurib berishni taklif qilishgan. Masalan «ELITE COMPLEX» firmasi aholi uy-joylarini qurishni kaliti bilan bir kvadrat metriga 3 500 000 so‘m narxda taklif etgan.

Bundan ko‘rinib turibdiki, biz arzon deb atayotgan uy-joylar tadbirkorlar tomonidan tijorat maqsadida qurayotgan uy-joylardan ham qimmatga tushib ketmoqda. Bu bo‘yicha kiritilgan deputatlik so‘roviga esa «O‘zshahar qurilish invest» injiniring kompaniyasi tomonidan turli vajlar keltirildi.

Biroq bizning (deputatlar) mustaqil o‘rganishimiz, keng jamoatchilik, xususan, quruvchilar bilan bo‘lgan muloqotlarda qurilayotgan uylarning narxi oshib ketishining boshqa sabablari ham borligi ma’lum bo‘lmoqda. Masalan, uy-joy qurish bilan shug‘ullanayotgan quruvchilarning qurilish materiallarini olishda sun’iy ravishda bir yoki ikkita tashkilotga bog‘lab qo‘yilib, qurilish uchun olinayotgan darvoza, MDF eshik, zinapoya, o‘rash uchun panjara va hokazolar bozor bahosidan 2-3 barobar qimmat narxga sotib olinayotganligi. Agar quruvchi bozordan yoki o‘zi istagan joydan arzon va sifatli qurilish mahsuloti olaman desa... keyingi safar buyurtmasiz qoladi.

Endi o‘ylab ko‘ring, xuddi shunday sifat va kafolatga ega bozorda ochiq narxda turgan qurilish mahsulotlaridan ko‘ra qimmat narxga yana qandaydir firmadan majburan olib uy bitkazilgandan so‘ng, uni fuqarolarga arzon narxda berish mumkinmi? Yo‘q, albatta. Faqat bir savol qiynaydi: bundan kim manfaatdor?

Vazirimiz ushbu savolga o‘ziga ma’qul usulda hammaga ma’lum sabablarni sanab javob berdi, xolos: dunyoda narx o‘zgarishi, metall qimmatlab ketdi, dollar kursi o‘zgardi va hokazo. Lekin bir tashkilotdan mahsulot olishga quruvchilarni majbur qilishdan kim manfaatdor degan savolga javob bermadi.

Ochig‘i buni inkor qiluvchi tayinli javob ham berib bo‘lmasa kerak.

Ikkinchi savol

«Qishloq qurilish invest» injiniring kompaniyasi aholini uy-joy bilan ta’minlashda hukumatning shu yil qabul qilgan 103-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablaridan chetga chiqib, o‘zi xohlagan odamlarga uy-joy berish uchun shartnoma tuzish bilan shug‘ullanmoqda. Masalan, Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi qurilayotgan uy-joylar haqiqiy talabgorlarga emas, noma’lum shaxslarga berilayotgani, eng qizig‘i, ularning bir qismi Zangiota tumanida yashamaydigan fuqarolar ekanligini qanday tushunish mumkin?

Invest mazkur masala bo‘yicha kiritilgan deputatlik so‘rovlarimizga e’tibor qilmadi, hatto Adliya vazirligining viloyat boshqarmasi ham Investning hukumat qarorlarini buzayotganligini tan olib, taqdimnoma kiritgan edi. Biroq «Qishloq qurilish invest» mazkur qonuniy talab, taqdimnomani ham nazarga ilmadi. Qo‘pol qilib aytganda, «posh...l» dedi.

Shu bois, hurmatli vazirimizdan ushbu tashkilotning o‘zboshimchaligi, qonun va qarorlarni chetlab o‘tishga qaratilgan faoliyatiga qanday qarashini so‘radim.

Vazir mazkur masalaga vazirlik va investning daxli yo‘q ekanligi, uy-joy oluvchi talabgorlar tuman hokimliklari huzurida tuzilgan komissiya tomonidan shakllantirilishi sababli kim uy olishi, kim uy olmasligiga vazirlik ham, invest ham umuman aralashmasligini ma’lum qildi.

«Qishloq qurilish invest» kompaniyasining bosh direktori Q.Hoshimbekov ham ushbu «ertak»ka hammani ishontirmoqchi bo‘ldi. Biroq biz ishonmadik. Chunki, Toshkent viloyatining Toshkent shahriga yaqin tumanlarida, xususan Zangiota tumanida tuman hokimligi huzuridagi komissiya tavsiya bergan va tuman hokimligi tasdiqlab bergan ro‘yxatdagi bir guruh qonunga ishongan fuqarolar yarim yildan ortiq Invest bilan shartnoma tuza olmay sarson yurishibdi. Kamiga Invest tuman hokimligi bergan ro‘yxatni va komissiya bergan tavsiyanomalarni turli yo‘llar bilan ortga qaytargan aniq bir paytda, o‘zlari uy oluvchilar ro‘yxatini shakllantirib, keyinchalik hokimlikka tasdiqlab berishga majburlaganligini tushunib yetish uchun katta aql va salohiyat shart emas. Eh, invest, invest. Shunchasini aldadim, bu yog‘iga deputatlarni ham aldayman, deb o‘ylading shekilli-a?

Shu sababmi Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari S.Otamuratov «Qishloq qurilish invest» bosh direktoridan, agar Investda hamma ishlar joyida bo‘lsa, nima uchun Investning mutaxassislari deputat televideniye bilan joyiga chiqib, arizachilarning uy-joy bo‘yicha arizasini o‘rganayotganida, intervyu berishdan qochib ketdi, ular kameraning oldiga kelib qochib ketgan, bunga nima deysiz, deya qo‘shimcha savol berdi.

Invest direktorining aytishicha, u kishi bu vaqtda Jizzaxda bo‘lgan ekan. Ular televideniyega chiqishdan bir necha kun oldin xat berib, ogohlantirsa va ularga (qayerdandir) shunday topshiriq bo‘lsa, intervyu berisharkan, bo‘lmasa yo‘q. Bundan ko‘rinib turibdiki, Invest boshqa dunyoda yashaydi va ularda ommaviy axborot vositalari, jurnalist faoliyatining erkinligi bo‘yicha qonunlar umuman mavjud emas.

Bunga qarshi Spiker o‘rinbosari yaqin orada deputatlar tomonidan bo‘ladigan o‘rganishda Invest bo‘yicha alohida ko‘rsatuv tayyorlab, Invest rahbari intervyu orqali hammasini tushuntirib berishi kerakligini talab qildi. Shunda ko‘ramiz hammasini.

Yuqoridagi holatlardan kelib chiqib bildirilgan taklif

Savollarimizning yakunida hurmatli vazirimizga agar yuqorida bildirgan savollarimni asossiz deb hisoblasa va uy-joylarning real narxi qancha bo‘lishi, quruvchilar qanday qurayotganligi, ushbu uy-joylarni haqiqatan ham muhtoj oilalar olyaptimi yoki yo‘qmi, mazkur jarayonlarni tanlov asosida bir guruh deputatlar joyiga borib to‘liq o‘rganib, keyin bu haqda aniq gaplashsak, vazir o‘rganishga yetarli sharoit yaratib berishga tayyormisiz, degan taklif bildirib o‘tdim.

Vazir rozi bo‘ldi va biz deputatlarga qachon, qayerda o‘rganamiz, bizga kim kerak bo‘lsa, barchasini tashkil etib berishga va’da berdi.

Nasib qilsa, yangi yildan belni mahkam bog‘lab bunga kirishamiz, — deya o‘z mulohazalarini yakunladi Rasul Kusherbayev.

Izohlar 2

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring