Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shahnoza Soatova

Ki har ne olami sug‘roda mavjud, Bori bu olami kubroda mavjud. (Alisher Navoiy)

Ayollar mardikor bozorlari – uyat emas, ehtiyoj

Ayollar mardikor bozorlari – uyat emas, ehtiyoj

Foto: Darakchi

Shu kunlarda taqdir va sharoit taqozosi bilan mardikor bozorga chiqqan ayollar haqida bloglar va saytlarda ta’sirli materiallar berilyapti. Rahmingiz keladi, nimalardandir norozi bo‘lasiz, jahlingiz chiqadi...

Lekin bo‘yoqlarni artib tashlab, holatning o‘ziga hissiyotlarsiz baho bersak, muammo ko‘ringanidek ayanchli, yechimi tuyulganidek qiyin emasdek, nazarimda.

Avvalo, bir narsani aniqlashtirib olsak: mardikor bozoriga chiqadiganlar ayollar asosan ayollarga xos ishlar uchun yollanadi. Har holda, shaharda shunday. Albatta, erkaklardan kamroq pul oladi deb g‘isht quyish, lo‘mboz va yuk tashish kabi og‘ir ishlarga ularni yollaydiganlar ham uchrashi mumkin, lekin bu odatdan ko‘ra istisno.

Shahardagi ayollar mardikorligi asosan uy yumushlari – «uy ko‘tarar», banka yopar, ta’mirdan keyin uyni tozalash, gilam yuvish, to‘y yumushlari, mehmon kutishda dastyorlik kabi ishlar.

Mardikor bozori – mehnat bozori. U yerga ehtiyoj doim bor. Bu mehnat bozorini shunchaki tartibga solish kerak. Toki ayollar ko‘chada izzillab ish izlamasinlar. Duch kelgan ablah ularni mardikorlik uchun yollab, keyin boshqa ishlarga majburlamasin. Pulini ololmasa, arz qilish uchun asosi bo‘lsin. Xullas, bu ayollar mehnatini muhofazalash kerak.

Buning uchun arzimas sharoit talab qilinadi: minimal jihozlangan (yozda salqin, qishda issiq) bino, bozorga kirish-chiqishni suratga olib turadigan kamera, turniket va ishchi yollash bilan shug‘ullanadigan firmalar (Chilonzordagi «Integro» savdo markaziga ko‘chib kelgan uybozorni eslang).

Buning uchun davlatdan nima qilishi kerak? Aytarlik hech nima. Shunchaki ish izlovchi bilan ishchi izlovchi bir-birini qulay sharoitda topa olishiga xalaqit berilmasa bo‘ldi.

Firma nimaga kerak, odamlar shundoq ham bir-biri bilan topishib ketaveradi-ku deyishingiz mumkin. Mardikor yollash ikki fuqaro o‘rtasidagi o‘zaro kelishuv asosida bo‘ladi, bu kelishuv hujjatlashtirilmaydi. Shuning uchun bir tomonda mehnat haqini ololmaslik, boshqa tomonda esa uyiga begona, sinalmaga odamni olib borish bilan bog‘liq xavflar bor. Shunga ko‘ra odamlarga kelishuvni hujjatlashtirish imkonini yaratish to‘g‘risida so‘z boryapti, xolos.

To‘g‘ri, soliqlar va boshqa chiqimlar masalasi bor. Lekin (zato) kafolatli. Majburlash emasu, alternativa sifatida bu variant ham bo‘lishi kerak. Kim riskni o‘z zimmasiga olsa, shunchaki og‘zaki kelishuv bilan ishlayversin, bunga to‘sqinlik bo‘lmasligi kerak. Ammo o‘sha kelishuvlarni ham ko‘cha-ko‘yda emas, «sivilizovanno» qilinishiga sharoit yaratib beringlar.

Hozir unday firmalar bor, men masalan ba’zan ular orqali uy tozalashga odam yollab turaman. Lekin ular kam va asosan internetda faoliyat yuritishadi. O‘zbekiston sharoitida real hayotda ish beruvchi va ishlovchi o‘zaro uchrashib, kelishib oladigan joy kerak. Otang – bozor, onang – bozor deyishganu. Hamma ham internetda ish bitirmaydi, ayniqsa mardikorlikka chiqqan ayollarning o‘z xizmatlarini net orqali taqdim etish imkoni yo‘q. Yollovchilar ham o‘zlari ko‘rib, gaplashib, keyin qaror qabul qilishni istashlari mumkin.

Ayollar mardikor bozorlari atrofida quruq oh-vohlar, u yerga mas’ullarning populistik tashriflari shu paytgacha ish bermagan, bundan keyin ham bermaydi. Zamonaviy choralar ko‘rish davri keldi. Bu borada Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Xotin-qizlar qo‘mitasidan amaliy harakatlarni kutib qolamiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring