Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

BAT Uzbekistan «Rahmdillik» boshpanasiga bu gal 150 dona  texnika va jihozlar sovg‘a qildi

BAT Uzbekistan «Rahmdillik» boshpanasiga bu gal 150 dona  texnika va jihozlar sovg‘a qildi

Foto: Xabar.uz

Bundan 30 yillar oldin Samarqanddagi kuyish jarohatlarini davolash markazida jarroh bo‘lib ishlagan Bibisora Oripova shifoxonaga olib kelingan bemorlar orasida oilaviy zo‘ravonlik qurbonlari, o‘zini yoqib yuborgan ayollarga ko‘p bora duch kelgan. To‘g‘ri ularni shifokor sifatida davolash mumkin, ammo shifoxonadan chiqqach, bu ayollarni qanday hayot kutayotgani boshqa masala edi. Chunki bunday taqdiri ayanchli ayollarning ko‘pchiligini yaqinlari ham uyiga olib ketishni istamasdi.

Uch nafar farzandi bor bir ayolning qismati Bibisora opaga ayniqsa qattiq ta’sir qildi. Ayol og‘ir jarohat olganidan keyin ham uning muammolari tugamadi. Farzandlari bilan bir mahallada yashasa-da, ularni ko‘rish imkoni yo‘q edi. Bolalar onasini ko‘rish uchun ikki xonadon o‘rtasidagi panjaradan mo‘ralashar, ona ham ularni ko‘rishga urinib, ikki tomon bir-biriga termulib yig‘lashini ko‘rish juda achinarli edi. Bu manzara Bibisora opaning xotirasida qoldi. U ayollarga faqat shifoxonada yordam berish yetarli emasligini, ularning davolanishdan keyin ham borib yashaydigan xavfsiz joyi bo‘lishi kerakligini tushundi.

Shu tariqa, 1996 yilda o‘z uyida «Rahmdillik» boshpanasini tashkil etdi. Dastlab og‘ir vaziyatga tushib qolgan ayollarning ayrimlariga o‘z uyidan joy berdi. Keyinchalik bu tashabbus nodavlat tashkilotiga aylandi.

«Rahmdillik» nodavlat notijorat tashkiloti bugun ham Samarqandda og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan ayollar va bolalarga yordam berib kelmoqda. Boshpanaga nafaqat Samarqand viloyatidan, balki yaqin hududlardan ham murojaat qilishadi. Ayrim ayollar bu yerda bir necha oy, ba’zilari esa yillab yashashadi.

Ular bu yerda tibbiy, psixologik va huquqiy yordam oladi, kasb-hunar o‘rganadi, ish topish, farzandlarini bog‘cha va maktabga joylashtirish, zarur hujjatlarini rasmiylashtirishda ko‘maklashiladi. Maqsad, ayollarni og‘ir vaziyatdan olib chiqish bilan birga, ularning mustaqil hayotga qaytishiga yordam berish. Bugungi kunda boshpanada 30 ga yaqin ayol va 18 nafar bola istiqomat qiladi, bir yil davomida esa qariyb 500 kishi yordam oladi. Boshpana, shuningdek, uy-joy masalalarini hal qilishga ko‘maklashadi va Samarqand viloyatining chekka tumanlaridagi nogironligi bo‘lgan insonlarni qo‘llab-quvvatlaydi.

Boshpananing bunday faoliyatini yo‘lga qo‘yish va davom ettirish uchun esa faqat insonparvarlik tashabbusining o‘zi kamlik qiladi. Kundalik ehtiyojlar, oziq-ovqat, kommunal to‘lovlar, maishiy jihozlar va boshqa xarajatlar ham bor. Shuning uchun «Rahmdillik» shelteri turli tashkilotlar ko‘magiga tayanib keladi.

10 noyabr kuni «BAT Uzbekistan» kompaniyasi ham boshpanaga navbatdagi yordamini taqdim etdi. Bu safar muassasaga 150 dona maishiy texnika va jihozlar olib kelindi. Ularning orasida muzlatgichlar, kir yuvish mashinalari, gaz plitalar va hatto suv kulerlarigacha  bor.

Bu ko‘mak kompaniyaning «Rahmdillik» boshpanasi bilan ko‘p yillik hamkorlik davomidagi eng yirik yordam dasturlaridan biri hisoblanadi.

«BAT bizga birinchi marta yordam berayotgani yo‘q. Kompaniya xodimlari hech kimdan yordam kutib bo‘lmaydigan paytlarda ham o‘zlari kelib, qanday ko‘mak kerakligini so‘rashgan. Yaqinda bolalar xonasini ham ta’mirlab berishdi. Biz uchun bunday munosabat juda qadrli», — deydi Bibisora Oripova.

Har xil taqdir va har xil xarakterga ega boshpanada yashovchi 17 oila  uchun mikroto‘lqinli pech, oshxona jihozlari yoki televizor oddiy maishiy buyum emas, balki kundalik turmushining muhim qismi hisoblanadi. Ayniqsa, ayollar va bolalar bu yerda bir necha oy, ba’zan yillab yashashini hisobga olsak, qulay sharoit yaratishning ahamiyati yanada ortadi.

«BAT uchun jamiyatni qo‘llab-quvvatlash alohida xayriya tashabbusi emas, balki barqaror rivojlanish bo‘yicha global strategiyamizning bir qismidir. O‘zbekistonda biz ushbu yondashuvni aniq va uzoq muddatli loyihalar orqali amalga oshiramiz. «Rahmdillik» boshpanasi bilan hamkorligimiz ko‘p yillardan buyon davom etib kelmoqda. Biz uchun yordamning amaliy natija berishi, ya’ni kundalik sharoitlarini yaxshilash, ayollar va bolalarga mustaqil hamda xavfsiz hayot sari qadam qo‘yishga ko‘maklashish muhim», — deb ta’kidladi BAT O‘zbekiston Bosh direktori o‘rinbosari Sergey Krasovskiy.

Ma’lumot uchun: BAT 1994 yildan buyon O‘zbekistonda faoliyat yuritadi. Kompaniya mamlakat iqtisodiyotiga 500 million dollardan ortiq sarmoya kiritgan. Uning tarkibiga Samarqand fabrikasi va Urgut fermentatsiya zavodi kiradi.

Barno Sultonova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring