Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bayramda sovg‘a olmagan ayol...

Bayramda sovg‘a olmagan ayol...

Ilyustrativ foto.

Qishloq ayoli... Barcha qishloq ayollari singari pastdarg‘omlik Zamira opa ham bahorni entikib kutadi, sog‘inadi. Undagi bu sog‘inch, fasli bahorning ko‘rki tarovatiga oshuftalik emas, balki zarur hayotiy instinktdir.

50 yoshni qarshilayotgan opa anchadan buyon qishni xushlamaydi, chunki qahraton havo uni kulbasida qunishib, ishsiz o‘tirishga majbur etadi, qor-yomg‘irlar, tomdan chakka o‘tmadimi, deb dilgir etadi...

Qayerlardadir qor qoplagan dov-daraxtlarga go‘zallik deb qaralsa, Zamira opa uchun to‘kilib borayotgan hovlisi sahnidagi yakka daraxti: o‘tin — oilasini qish qahridan asrovchi ilinj. Qishloq do‘konidan nasiya daftariga nomi muhrlanib, olib  kelingan shamlar esa qish zulmati changalidan himoyadek...

Qishning uzun kechalari sham yog‘dusida uning miltillagan dardli ko‘zlari ba’zan yumilmay tongni qarshi oladi. Har doimgi «hamrohi» bo‘lgan tashvishli, noaniq, yechimsiz muammolarini «uff» deya xayolidan quvadi. Yana erta tongdanoq arava-ulovida kezib, o‘tin teradi, pichan yig‘adi, bugunni ertaga ulaydi. Kutilgan bahor kelsa bas, dala yumushlari topiladi, hartigul biror ishga yollanib, ro‘zg‘orini butlash imkoni paydo bo‘ladi. Uning uchun bahor go‘yo — «tiriklik» fasli.

Bugun  8 mart bayrami... Ammo u do‘konlar aylana olmaydi. Qishloqdagi do‘konlarning daftarida qish bo‘yi poyma-poy ismlarining qayd etilganidan hijolat, shu nasiyalar sabab ularni aylanib o‘tishga majbur.

Bugun bayram... uning ayrim tengdoshlari ko‘zgu qarshisida vaqt bilan kurashib, «yosharish» bilan band. U esa makiyaj nimaligi bilmaydi. Qachonlardir kelin bo‘lganida qilingan pardoziga yillar, hayot sinovlari allaqachon soya solgan, chuqur  ajinlari esa, taqdir chigalliklari bilan tutashib ketgandek.

Uni ayollik va yoshlik bilan bog‘lovchi yolg‘iz rishta — uyining bir burchida asrovchi jajji quticha. Uning ichida esa qachonlardir sinfdoshi tabriklagan bir dona tabrik xati va qurib qolgan gul. Bu «bisot» unga judayam olis tuyuluvchi baxtli xotiralardan yodgorlik. Qalbining bir chetidagi ayollik tuyg‘usi taskini... 

U  hatto shu ilinjiga  ham hijolat bilan qaraydi, xotiralarga-da erk berishga  botinolmaydi. U ikkinchi guruh nogironi, yigirma yildan buyon yolg‘iz ayol. Lekin  biror marta rahbarlarning qabuliga bormaydi, har xil «daftarlar»ga nomini tirkashni so‘ramaydi...

Uning yolg‘iz sirdoshi uyidagi qo‘zichog‘i. Nafaqa puliga yig‘inib olingan bu qo‘zichoq, kuzga qadar bolalasa, ko‘paysa, harna — bir koriga yaraydi. Keyingi qishni qo‘rqmay kutib oladi. Qishdan keyin esa yana bahor... 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring