Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Taqdirlash marosimidan reportaj: beshta noutbuk kimlarga nasib etdi?

Taqdirlash marosimidan reportaj: beshta noutbuk kimlarga nasib etdi?

Tanlov g‘oliblari

Foto: «Xabar.uz»

«Xabar.uz» axborot-tahliliy portali Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda «UZMOBILE» milliy aloqa operatori bilan hamkorlikda 14-yanvar — Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan tanlov e’lon qilganidan xabaringiz bor.

Ijtimoiy tarmoqlardan keng foydalangan holda milliy armiyamiz nufuzini oshirish, Qurolli Kuchlar safida konstitutsiyaviy burchini ado etayotgan yigitlarimiz, ularning ota-onalarini qo‘llab-quvvatlash, mamlakatimiz yoshlarini vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga hissa qo‘shish maqsadida tashkil etilgan tanlovimizda kutilganidan ancha ko‘p ishtirokchi qatnashdi.

Beshta yo‘nalish bo‘yicha o‘tkazilgan tanlovning birinchi yo‘nalishida olti yuzga yaqin, to‘rtinchi yo‘nalishda esa olti yuzdan ziyod ishtirokchi qatnashdi. Kimlar qaysi yo‘nalishlar bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritgani haqida avvalroq ma’lum qilgan edik.

Foto: «Xabar.uz»

Birinchi yo‘nalish bo‘yicha Andijon davlat universiteti xorijiy tillar fakulteti 4-bosqich talabasi Xurshida A’zamjonova, ikkinchi yo‘nalishda farg‘onalik sobiq harbiy xizmatchi Azizjon Ahmedov, uchinchi yo‘nalishda «Telegram»dagi «RealMadrid» C.F» kanalining ma’muri buxorolik Toshpo‘latjon Jo‘rayev, to‘rtinchi yo‘nalish — fototanlovda Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida yashovchi dasturchi Rustam Ramazonov g‘oliblikni qo‘lga kiritgan edi.

Beshinchi yo‘nalish bo‘yicha o‘tkazilgan tanlovimizda ishtirokchilar tomonidan natijalarni soxtalashtirishga urinish aniqlangani bois tanlov bekor qilingan, mazkur yo‘nalish g‘olibiga atalgan noutbuk esa o‘z burchini ado etish chog‘ida halok bo‘lgan marhum katta leytenant Chori Rajabovning oilasiga taqdim etilgan edi.

Bugun ana shu tanlovda g‘alaba qozongan ishtirokchilarni taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Tadbir «UZMOBILE» milliy kompaniyasi Bosh binosida o‘tkazildi. G‘oliblarga va’da qilinganidek, noutbuk hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

Foto: «Xabar.uz»

Shu paytgacha bir necha tanlovlarda qatnashganman, sovrindor bo‘lganman, lekin ushbu tanlov ularning orasida eng shaffof va adolatlisi bo‘ldi,deydi Andijon davlat universiteti xorijiy tillar fakulteti 4-bosqich talabasi, Alisher Navoiy nomidagi davlat stipendiyasi sohibi Xurshida A’zamjonova. — Tanlovning «Facebook»da o‘tkazilgan 1-yo‘nalishida g‘olib deb topildim. Noutbuk sotib olish ko‘pdan buyon orzuim edi, ammo talabaman, o‘z xarajatlarimdan orttirib sotib ololmay yurgandim. Kridetga olmoqchi bo‘ldim, talaba ekanim bois ololmadim. «Xabar.uz» axborot-tahliliy portali tomonidan o‘tkazilgan tanlov mening ana shu orzuimni ushaltirdi. Bugun va’da qilingan noutbukni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi axborot xizmati rahbari Elbek Dolimovdan qabul qilib oldim. Juda baxtiyorman. Barchaga katta rahmat!

Foto: «Xabar.uz»

O‘n besh yil Qurolli Kuchlar safida — maxsus qismda xizmat qilganman, salomatligimga ko‘ra zaxiraga bo‘shatilganman,deydi Azizbek Ahmedov. — Tanlovning «Twitter»da o‘tkazilgan yo‘nalishida qatnashdim. Menimcha, aynan harbiydan chiqqanligim bois yoyozgan tvitim eng ko‘p ulashildi va yakunda g‘olib chiqdim. Bu sovrin 14 yanvarda tavallud topgan o‘g‘limning tug‘ilgan kuniga ajoyib sovg‘a bo‘ldi. Buning uchun tanlov tashkilotchilariga — portal tahririyati, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda «UZMOBILE» milliy aloqa operatoriga chin yurakdan minnatdorlik bildiraman.

Foto: «Xabar.uz»
Foto: «Xabar.uz»
Foto: «Xabar.uz»

Biz ham o‘z navbatida g‘oliblarni tabriklaymiz! Hamkorlarimizga hamda tanlovda qatnashgan barcha-barchaga ishtiroki uchun minnatdorchilik bildiramiz. Hali yana ko‘p marta tanlov o‘tkazamiz. Kelgusi tanlovlarimizda aynan Siz g‘olib bo‘lishingiz ham mumkin. Xabar.uz axborot-tahliliy portalini kuzatishda davom eting!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring