Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mustahkam Tangriyorova

Oqqan daryo oqaveradi. 

Yolg‘iz ayol haqida qo‘shiq: bevaning iqtisodiy-ijtimoiy muammolari, jamiyatdagi stereotip va boshqalar haqida (ikkinchi suhbat)

Yolg‘iz ayol haqida qo‘shiq: bevaning iqtisodiy-ijtimoiy muammolari, jamiyatdagi stereotip  va boshqalar haqida (ikkinchi suhbat)

«Xabar.uz» «Gender zo‘ravonlikka 16 kun faol qarshilik» kampaniyasi kunlarida yolg‘iz ayol mavzusidagi suhbatlarini davom ettiradi. 

Eslatma: turkum maqolalarning «Er kerakmi?» degan videochiqishga hech bir aloqasi yo‘q.

Galdagi qahramonimiz o‘zini yolg‘iz hisoblamaydigan Feruza Izzat.

— Feruza, o‘zbek xotin qizlar faoli sifatida o‘z o‘rningiz bor. Ayollarimiz bilan doimo muloqotdasiz. Bugunda o‘zbek jamiyatida yolg‘iz ayol bo‘lish qanchalik oson va qanchalik qiyin?

— Menimcha, buni bitta javobi bo‘lmasa kerak, chunki bu yolg‘iz ayol qayerda ekanligiga bog‘liq, kim bilan qolganiga bog‘liq, bolalari bormi-yo‘qmi, ularni yoshi, o‘zini ishi bormi yoki yo‘qmi, shularga bog‘liq. Undan tashqari yaqinlari uni qanchalik qo‘llab-quvvatlaydi, shunga qarab qiyinchilik kamayib boradi.


Mavzuga doir: Yolg‘iz ayol haqida qo‘shiq: bevaning iqtisodiy-ijtimoiy muammolari, jamiyatdagi stereotip va boshqalar haqida (birinchi suhbat)


— Avvallari yolg‘iz ayollar boshqacha edi, degan gaplar quloqqa chalinadi.

- Deylik, 20 yil avvalgi qiyosda judayam katta farq ko‘rmayman. O‘sha paytdayam yolg‘iz ayolga qiyin bo‘lgan, hozir ham qiyin, jamiyat har doim ham yolg‘iz ayolga har xil steoritiplar bilan yondashadi. Ko‘proq hayotning og‘irligi ham uning bo‘ynida. Shunga yarasha qanaqadir salbiy fikrlar unga qaratilgan bo‘ladi. Faqatgina bitta farqi bor deb o‘ylayman. Lekin, qanchalik to‘g‘ri,  statistikani bilmayman, o‘zimni kuzatuvlarimdan kelib chiqib aytayapman – hozirgi paytda yolg‘iz ayollar avvalgiga qaraganda ko‘proq va ko‘paymoqda.

— O‘zbek jamiyatidagi gender vaziyat, har qanday zo‘ravonlik ortidagi dadil chiqishlaringiz ko‘pchilikka ma’lum. Mavzuni shaxsiy hayotga burishni maydalashuv demasangiz,  o‘zingizning hayotingiz orqali yordashsak.  Yolg‘iz ayolsiz. Bu degani o‘zingiz ham nimalarnidir boshingizdan kechirgansiz. Nima asosida oila qurgansiz o‘zi?

— Meni bilasiz-ku, opa, bandasidan yashiradigan gapim yo‘q.

Umumiy tanishlarimiz orada turib oila qurishimizga sabab bo‘lishgan. Ulardan hech qanday ginada emasman.

— Sizning yolg‘iz ayol bo‘lishingizning asosiy sababi nima?

— To‘g‘risini aytaman, men o‘zimni yolg‘iz deb his qilmayman, ya’ni o‘zimni yolg‘iz deb emas, ersiz deb atagan bo‘lardim. Chunki qaytanga men hozirgi holatimda atrofimda do‘stlarim,  hamfikrlarim ko‘proq, o‘zim ko‘proq narsalarga erishdim deb o‘ylayman. Ajralishimizga sabab esa xo‘jayinim ustimga boshqa oila qurganlari bo‘lgan.

— Shunda ham oilani saqlab qolish haqida o‘ylaganmisiz?

— Oilani saqlab qolish imkoniyati bo‘lgan. Men buni qabul qilib, shu ikki xotinlikka sabr qilib yashasam, oilamiz, mazmunini yo‘qolgan bo‘lsa-da, davom etgan bo‘lardi. Lekin men shunday yo‘l tutganimda o‘zimdan kechgan bo‘lardim va qanchalik mamnun va baxtli bo‘lardim, bu noaniq.

— Ajrashganingizdan pushaymon bo‘lgan paytlaringiz bo‘lganmi?  O‘zingizni ayblagan vaqtlar-chi?

— Ajrashganimdan hech qachon pushaymon bo‘lmaganman. Lekin yolg‘iz qolganimda, ba’zan, balki sabr qilganimda boshqacha bo‘larmidi degan xayol kechardi. Bu boshida, depressiyada paytlarimda bo‘lgan va xudoga shukur o‘tib ketdi. Shukurlar qilamanki, o‘zim uchun bosgan har qadamimda yaxshi natijalarga erishganman. Bu menga yana ko‘p rag‘bat, yana ko‘p motivatsiya bergan.

- Ota-ona uyiga qaytib keldingiz, moliyaviy jihatdan o‘zingizni boshqarish imkoningiz qanaqa edi?

— Man ajrashgan paytim 40 yoshda edim. Katta qizim Turkiyada universitetga kirishga tayyorlanayotgan edi. Men uning yonida edim. Eng kichkina o‘g‘lim 10 yoshda edi.  Tug‘ilgan kunimga sovg‘a tariqasida menga taloq sovg‘a qilingan.

Moliyaviy jihatdan o‘zimni boshqarishga umuman  imkoniyatim bo‘lmagan. Chunki meni doimo erim ta’minlagan, ishlashga qo‘ymagan desam ham bo‘ladi. Boshlang‘ich oylarda ish topgunimga, menga ukamlar qarashib turishgan. Bolalarimning xarajatlarini otasi ta’minlardi, hozir ham shunday.  Uchta bola bilan musofir yurtdaman. O‘zim ingliz tili o‘qituvchisi mutaxassisi bo‘lsam ham, hech qanaqa ish tajriba yo‘q, tilim deyarli hech ishlatilmagan edi. Bitirganimga ham ko‘plab yillar o‘tib ketgan, o‘zimga ishonch umuman qolmagandi. Eng katta muammom ham birinchi yil ish boshlaganimda  bo‘lgan. Begona bir davlatda, begona bir mentaliletdagi odamlar bilan, ularni erkatoy bolalariga dars berish judayam  qiyin bo‘lgan. Shu birinchi yilimni haligacha qo‘rqinchli tushdek eslayman.  

— Yaqinlaringiz tomonidan zo‘ravonlikka  o‘xshash holatlar bo‘lganmi?

— Erim bilan yaxshi yashaganmiz deb o‘ylayman. Albatta o‘ziga yarasha xarakteri bor edi. Judayam yaxshi ko‘rardim. Oxiriga borib, boshqa oilasini bilganimdan keyin, o‘shanda boshlangan. O‘zim ham ancha yomon ruhiy ahvolga tushganman. Oxirida, to‘g‘risini aytaman, zo‘ravonlik ishlatgan holati ham bo‘lgan.

— Bolalar, ayniqsa o‘g‘illar tarbiyasida otasining oilada emasligi qanchalik ta’sir ko‘rsatadi? Farzandlaringiz otasi bilan bordi-keldi qiladimi?

- Bizlarni ajrashganimiz faqat va faqat biz er-xotinni ajratdi, bolalarni ajratgani yo‘q. Hatto, bolalar otasiga oldingidan ko‘ra ko‘proq bog‘landi deya olaman. Dadasi kelib turadi, O‘zbekistonga bular ham borishadi, tarbiyasida ham aralashib turadi. Ayrim masalalarni: ota va ona – o‘zimiz  hal qilishimiz kerak deb o‘ylayman, lekin erim nimagadir o‘zini olib qochadi. Biz shunaqa masalalarni bolalarimiz orqali hal qilamiz.

— Yolg‘iz ayolga jamiyat qarashini aytdingiz, mahallada,  davralarda, jamoada aynan yolg‘iz ayol ekaningiz ta’kidlanadimi?

— Men aytganimdek, O‘zbekistonda yashamayman. Lekin mening yolg‘izligimni ijtimoiy tarmoqlarda judayam ko‘p yuzimga solishadi. Man endi ayollar haq-huquqlari uchun qayg‘urganim uchun va ko‘p yozganim uchun, birinchi navbatda bu o‘zi ajrashgan, bu alamzada, bu erkaklarni yomon ko‘radi, o‘ziga o‘xshab hammani ajrattirgisi keladi degan munosabatni judayam ko‘p eshitganman. Lekin mahallada, qarindosh-urug‘ orasida yolg‘izligim ta’kidlanmagan. Ishda ham, mana men Turkiyada ikki marta ish almashtirdim, hech qayerda mening oilam, ajrashganligim tilga olinmagan, bu narsa menga to‘g‘anoq bo‘lmagan.

— Yolg‘izlik sizga yangi imkoniyatlar uchun yo‘l ochib berdimi?

— To‘g‘risini aytaman, yolg‘izlik meni o‘zimni - haqiqiy  Feruzani kashf qilishimga  yordam berdi. Ya’ni ersizlik. Bu vaziyatda men o‘zimni umuman yolg‘iz his qilmadim. Bolalarim katta edi, qo‘llab-quvvatlashdi. Yonimda bo‘lishdi. Otam, ukalarim har doim menga ham ma’naviy, ham moddiy dastakda bo‘lishdi. O‘zim uchun yangi imkoniyatlar ochildi -  ishlashni, o‘zim pul topishni boshladim, muammolarimni o‘zim hal qilishni o‘rgandim. Bu menga juda katta kuch berdi. Undan tashqari magistraturada o‘qiyotuvdim, magistraturani bitirib doktoranturada o‘qishni boshladim. Hozir faqatgina himoya qoldi. Xudo xohlasa tez kunlarda himoyani ham qilaman. Karera uchun haqiqatan ham juda katta imkoniyatlarni ochib berdi. Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqda faolligim oshdi, fikrimni ayta oladigan bo‘ldim va eng yaxshi tarafi hamfikrlarni topdim va judayam ko‘p yaxshi do‘stlar orttirdim.

— Yolg‘iz ayolning qaytadan turmushga chiqish imkoni kim va nimaga bog‘liq? Siz nimaga qaytadan turmushga chiqmagansiz?  Agar istagan insoningiz hozir ham uchrasa turmushga chiqasizmi? Endi talablaringiz qanday bo‘ladi?

— Bizlarda erkaklarga qayta uylanish judayam oson. Jamiyatning o‘zi ham ajrashgan ayolga yaxshi ko‘z bilan qaramaydi, xuddi bu ishlatilgan bir mahsulot kabi, kimlardan qolib ketgan narsadek qarashadi. Erkakka negadir bunday qarashmaydi. Shu sabablimi, ajrashgan erkaklar ajrashgan ayollarga uylanishni har doim ham xohlashmaydi, ko‘proq  yana qiz bolaga uylangisi keladi. Bu ham bir sabab. Bundan tashqari, ayol bolalar bilan qoladi, buni hozir olsam bolalariga ham qarashim kerak degan o‘y bo‘ladi. Iqtisodga borib taqaladi bu narsa. Birovni bolasini o‘zimni bolam deb qabul qilish qiyinroq ba’zi odamlar uchun. Vaholanki, 99 foiz holatda bolalar onada qoladi, onaning o‘zi shuni istaydi, berilmasa erishadi. Aslida ota ham bolalariga qarashi mumkin, buni hech yomon joyi yo‘q, chunki ota ham xuddi onadek mas’ul.

Men nima uchun qaytadan turmushga chiqmadim? Bizning o‘zbek jamiyatida ajrashganlarga ko‘proq ikkinchi yoki uchinchi xotin bo‘lishni taklif qilishadi. Bunga o‘xshagan takliflar olganman. Lekin o‘zimning oilam aynan shu sababdan buzilgani uchun, o‘zimning prinsipim, men bunga hech qachon rozi bo‘lmayman. Qolaversa, ikkinchi xotin bo‘lish hech qanday ijtimoiy kafolot ham bermaydi. Ayol uchun pastlik va xo‘rlik deb bilaman. Bora-bora men ijtimoiy tarmoqlarda bu fikrlarimni ayta boshlaginimdan beri unaqa takliflar kamayganiga xursand bo‘laman.  Lekin men istagan inson uchrasa, albatta turmushga chiqaman deb o‘ylayman. Chunki, bitta odam bo‘lib yashagandan ko‘ra ikkita odam bo‘lib yashagan yaxshiroq.

— Talablaringiz qanday bo‘ladi?

—To‘g‘risi, qanaqadir talablarim bor deb aytolmayman. Lekin albatta ayollarga, oilaga va umuman jamiyatga erkinroq qaraydigan bir inson bo‘lishini xohlayman. Oila institutining o‘ziga ham qandaydir boshliq va qo‘l ostidagi odam deb qarashiga qarshiman. Umr yo‘ldoshi, haqiqiy ma’noda umr yo‘ldoshi bo‘lishini hohlayman.

— Orzularingiz?

— Men juda katta orzular qilmay qo‘yganman. Ajrashganim ham bunga sabab bo‘lsa kerak. Yaqin orada bo‘lishi mumkin bo‘lgan narsalarni o‘ylayman. Hozirgi kunda eng katta orzuim -doktoranturani tugatish, ilmiy ishimni yoqlash va fan doktori unvoniga ega bo‘lish.

— Orzularingizga yeting, Sizga ulkan Baxt tilaymiz!

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring