Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Xushnudbek Xudoyberdiyev

Faqat haqiqatni, barcha haqiqatni, haqiqatdan o‘zga hech narsani…

Bir qiziq ish bo‘ldi. Na kulishni, na yig‘lashni bilasan

Bir qiziq ish bo‘ldi. Na kulishni, na yig‘lashni bilasan

Foto: «Rais buva»

Qarshi shahridagi 23-maktabning 108 nafar o‘qituvchisi «Kun.uz» hamda «Daryo.uz» nashrlariga ustimdan shikoyatnoma yozibdi (rasmi pastda). Balki boshqa joylarga ham yozishgandir, ma’lum bo‘lgani shu xolos. Keling, vaziyatni tushuntiray.

Yodingizdami, Xalq ta’limi vazirligining rasmiy saytida Qarshi shahridagi 23-maktabda konsertga majburlab bilet sotgan direktor v.v.b. lavozimidan ozod etilgani haqida xabar e’lon qilingandi. O‘sha xabar vazirlik saytida chiqqandan keyin, deyarli barcha OAV, ijtimoiy tarmoqlar, shu jumladan men ham kanalda yozgandim. 

Qarshi shahrida majburan bilet sotilayotgani haqida dastlab «O‘qituvchi» kanalida, undan so‘ng «Rais buva» kanalida xabar chiqqan. Shu ikkala kanalda chiqqan xabarlar asosida XTV vaziyatni o‘rgangan hamda natijasi bo‘yicha rasmiy axborot bergan.

Men esa faqat vazirlikning rasmiy axborotini so‘zma-so‘z e’lon qilganman xolos, boshqa biror marta konsertga majburlab bilet sotilganlik holati haqida yozmaganman.

Qarshidagi 23-maktab o‘qituvchilari esa nima uchundir bularning barchasida meni ayblab chiqishibdi. Surishtirmasdan, qo‘lida dalilga ega bo‘lmasdan, axborotni xolisligi, shaffofligi bo‘yicha jurnalistik surishtiruv olib bormasdan internetga qo‘yib yuborgan, deya ayblashibdi. Eng qizig‘i «biz o‘qituvchilar bunday soxta xabarni g‘arazli niyatda tarqatgan deb o‘ylaymiz» deya tuhmat ham qilishibdi.

Ikkala shikoyatga ham 108 nafar o‘qituvchilar erinmasdan o‘z ism-shariflarini yozib, imzo chekishgan.

Ma’zur tutasizlaru, mazkur shikoyat xati xalq ta’limi tizimining ayanchli holatga kelib qolganini isbotlab turibdi. Butun boshli maktabning ziyoli o‘qituvchilari qo‘rqmasdan birovga tuhmat qilishyapti.

Ularning orasida birortasi «hoy, baraka topgurlar, bu xabarni birinchi bo‘lib vazirligimiz rasman tarqatgan bo‘lsa, Xushnudbek ham kanalida «vazirlikning rasmiy axboroti» deya e’lon qilgan bo‘lsa, o‘sha xabarni 50 ga yaqin boshqa OAVlar ham ko‘chirib bosgan bo‘lsa, agar e’tirozimiz bo‘lsa vazirlikning ustidan shikoyat yozaylik, nima uchun aynan Xushnudbekni ayblayapmiz, mantiq qani?» deb aytmaganiga qoyil qoldim.

Ustoz – otangday ulug‘, deyishadi. Buyog‘i Ramazon oyi, Hayit ham yaqin. Garchi 108 nafar o‘qituvchilar meni g‘arazgo‘ylikda ayblab, tuhmat qilishgan bo‘lsa ham, ulardan xafa emasman.

Buning yana bir sababi, katta ehtimol bilan bu shikoyatlar o‘qituvchilarning tashabbusi bilan yozilmagan, kimdir uyushtirib, ulardan majburan imzo yig‘dirgan bo‘lsa kerak, degan taxminim bor. Chunki naq 108 nafar o‘qituvchida oddiy mantiq ishlamaganiga ishonish qiyin. Bunchalik darajada bo‘lishmasa kerak degan yaxshi gumondaman.

Bu voqealardan alamzada bo‘lgan kimdir, rasmiy axborot tarqatgan vazirlikka qarshi borishga qo‘rqib, hamma aybni menga ag‘darmoqchi bo‘lgan shekilli. Mayli, Alloh unga ham insof bersin.

Ammo tanganing boshqa tomoni ham bor. Qachongacha o‘qituvchilarimiz o‘z mustaqil fikriga ega bo‘lishmaydi yoki uni aytishdan qo‘rqishadi?

Qachongacha zulm ko‘rsa ham, majburiy mehnatga chiqsa ham, farzandlari uchun halol ishlab topgan rizqini turli «yig‘di-yig‘dilar» sabab tortib olishsa ham, qachongacha miq etmasdan, tobe bo‘lib o‘tib ketishadi?

Qachongacha noinsof rahbarlarning «orqasini yopib», o‘qituvchilarga yordam berish uchun kelgan tekshiruvchilarga «o‘z xohishimiz bilan» deb soxta gaplarni aytishadi?

Qachongacha vaziyatni xaspo‘shlash maqsadida zolim rahbarlarning bitta do‘q-po‘pisasi ortidan, 100 lab o‘qituvchilar bir bo‘lib, birovlarning ustidan jamoaviy tuhmat yozishadi?

Qachongacha? Qachongacha?

Hurmatli o‘qituvchilar, bo‘ldi, yetar endi. Shuncha qiynalganingiz, shuncha ezilib, azob tortganingiz. O‘zgalar qo‘lida qo‘g‘irchoq bo‘lganingiz.

Haqqingizni baralla talab qilish, yolg‘onga qarshi kurashish, ko‘zbo‘yamachiliklarni parchalash vaqti kelmadimi?

Sizlar jamiyatning eng oldi ziyoli qatlamisiz. Sizlar kelajagimizning bunyodkorisiz. Jamiyatning eng quyi qatlamidan biri bo‘lish joningizga tegmadimi?

Tiklaning, oyoqqa turing, Sizlarning joyingiz ancha tepada axir. O‘zgarishlarni eng birinchi o‘zingiz xohlashingiz kerak. Kim qayoqqa yetaklasa indamasdan ketavermang!

Eh, gapirsa gap ko‘p, umr oz. Mayli-da. Yaxshi-yomon gaplar uchun uzr, lekin. Chidab turolmadim shunchaki...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring