Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Karimberdi To‘ramurod

Qo‘rqsang – yozma! Yozdingmi – qo‘rqma!

Biz bilgan va bilmagan Chingiz Aytmatov

Biz bilgan va bilmagan Chingiz Aytmatov

Chingiz Aytmatov butun dunyoga mashhur bo‘lgan adibdir.

Foto: «thankyou.ru»

Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligiga

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2-aprel kuni «Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida» qaror imzolangani to‘g‘risida xabar bergan edik. Qarorga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va jamoatchilik vakillari bilan hamkorlikda buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligi keng nishonlanishi belgilangan.

«Xabar.uz» sayti ham mazkur qaror ijrosiga muvofiq turkum maqolalar chop etishni rejalashtirmoqda. Ularning dastlabkisini e’tiboringizga havola qilamiz.

1-maqola

Chingiz Aytmatov butun dunyoga mashhur bo‘lgan adib, Qirg‘iziston xalq yozuvchisi, Qirg‘iziston qahramoni, ko‘plab ordenlar, jumladan O‘zbekistonning «Do‘stlik» ordeni sohibi, uch marta SSSR davlat mukofoti bilan taqdirlangan, Qirg‘iziston davlat mukofoti, Javoharlal Neru, Viktor Gyugo va Fridrix Ryukkert nomidagi mukofotlar, «Ruhoniyat» mukofoti, turk tilli mamlakatlar rivojiga qo‘shgan hissasi uchun Turkiya hukumatining oliy mukofoti kabi qator mukofotlar sohibi.

Bular bilganlarimiz. Bilmaganlarimiz-chi?

Bilmaganlarimiz

Hamma bilavermaydigan narsa shuki, Chingiz Aytmatov yozuvchi bo‘lib tug‘ilmagan. Ko‘pchilik mashhur adiblar singari taqdiri ham silliq kechmagan. U mansub bo‘lgan oilaning ayanchli taqdiri, temir irodasi, sharafli hayoti esa millionlarga ibrat maktabi bo‘ladi.

Yozuvchining onasi Naima Abduvaliyeva tatar millatiga mansub bo‘lib, Issiqko‘l bo‘yidagi Qorako‘l shahrida tavallud topgan. Uning otasi Hamza Abduvaliyev o‘z zamonasida Issiqko‘lning eng obro‘li, eng boy hamda eng mashhur kishilaridan biri bo‘lgan. U tatar tilida o‘qir va yozar, arab yozuvini ham yaxshi bilar, rus tilida erkin muomala qilar, savdo ishining bilimdoni edi. Ularning ajdodlari Tataristonning Machkara degan qishlog‘ida yashagan. Naimaning onasi Azizaxonim ham tatar bo‘lib, Sibir aslzodalaridan bo‘lgan.

O‘z yuk kemasiga ega bo‘lgan Hamza Abduvaliyev oktyabr to‘ntarishidan oldin Qorako‘l shahriga ko‘chib kelgan va bu yerda xuddi Peterburgdagi Gostinniy dvorga o‘xshash savdo rastalari, oilasi uchun ikki qavatli uy qurgan. Oktyabr to‘ntarishidan keyin Abduvaliyevlarning binolarini tortib olishib, maktab qilishdi. Boylarni quloq qilish boshlangach, Naimaning ota-onasi Toshkentga qochib borishdi va ko‘p o‘tmay, o‘sha yerda vafot etishdi.

1925-yilda maktab-gimnaziyani tugatgan Naima vrach bo‘lishni orzu qilardi. Ammo «boyning qizi»ni institut tugul, tibbiyot bilim yurtiga ham qabul qilishmagan. Madrasani tatar tilida, gimnaziyani rus tilida bitirgan, arabcha, hatto lotinchani chuqur o‘rgangan Naima stenografistlar tayyorlov kurslariga kirdi. O‘qishdan so‘ng uni Qorako‘l shahar komsomolining bo‘lim boshlig‘i qilib ishga olishdi. «Chiroyli, savodxon, komsomol qiz» o‘sha yillarning barcha faol xotin-qizlari kabi Sharq ayollari haq-huquqlarining himoyachisi sifatida maydonga chiqdi. O‘zining alangali nutqlari bilan respublika rahbarlarining e’tiboriga tushdi.

1926-yilda Naimani Pishkek(hozirgi Bishkek)ka komsomol o‘quviga yuborishdi. Ana shu yerda Naima o‘zining bo‘lajak turmush o‘rtog‘i, viloyat partiya qo‘mitasining targ‘ibot-tashviqot bo‘limi rahbari To‘raqul Aytmatov bilan tanishdi. 1926 yilning 3 sentyabrida ular nikohdan o‘tishdi.

1928-yilda oilaning to‘ng‘ichi − Chingiz dunyoga keldi.

1931-yilda Ilgiz, 1934-yilda egizaklar Reva va Lyusiya, 1937-yilda Rozetta tug‘ildi. Reva go‘dakligida vafot etdi. Barcha farzandlarning savodini onasi chiqardi. Ular olti yoshida o‘qish-yozishni bilishardi.

Bu yillarda To‘raqul Aytmatov Qirg‘iziston partiya tashkilotlarida mas’ul lavozimlarda ishlar edi. 1935-yildan boshlab Aytmatovlar oilasi Moskvada yashay boshladi. To‘raqul Aytmatov Moskvada partiya arboblarini o‘qitadigan oliy maktabda o‘qir edi.

1937-yilda Qirg‘izistondagi chekistlar kavlay-kavlay, To‘raqul Aytmatovning «o‘q ildizlari»ga yetib bordilar va butun Turkiston o‘lkasida bo‘lganidek, uni ham millatchilikda aybladilar. Partiya markaziy qo‘mitasidan To‘raqul Aytmatovni o‘zlarining ixtiyoriga yuborishlarini so‘rashdi. To‘raqul Aytmatov partiyadan o‘chirildi. Endi bu «xalq dushmani»ning qamalishi aniq bo‘lib qoldi.

To‘raqul Aytmatov bolalarini qutqarib qolishi shartligini anglab yetdi va to‘rt go‘dagi bilan Naimani shoshilinch tarzda Moskva-Frunze poyezdiga o‘tqizdi. Yetti kundan so‘ng cho‘ldagi Maymoq stansiyasiga yetib kelgan Aytmatovlar oilasini aravada Shakar qishlog‘iga, To‘raqul Aytmatovning qarindoshlari huzuriga olib kelishdi.

To‘raqul va Naima Aytmatovlar.

Ko‘p o‘tmay To‘raqul Aytmatovni ham, uning qarindoshlarini ham qamoqqa olishdi. Aytmatovlar sulolasining deyarli barcha erkaklari qatag‘on yillarida otib tashlandi...

34-yoshli Naima butunlay mushkul ahvolda, tushkunlikda qoldi. O‘shanda katta o‘g‘li Chingiz to‘qqiz yoshda, kenja qizi Rozetta esa besh oylik chaqaloq edi. «Xalq dushmani»ning xotinini, tabiiyki, hech qayerda ishga olishmasdi. Unga birovning rahmi kelmasdi. To‘g‘ri, bir kattakonning unga «ichi achidi»: bolalarini bolalar uyiga topshirib, «o‘z hayotini izga solishni» maslahat berdi.

− O‘z farzandlarimni bolalar uyiga topshiramanmi? To tirik ekanman, bunga yo‘l qo‘ymayman! – qichqirdi Naima va «mehribon» xo‘jayinning kabinetidan otilib chiqib ketdi.

Bu baxtsizliklarni yengib o‘tishda Naimaga faqat bolalariga bo‘lgan muhabbatgina kuch bag‘ishladi. U eng qaltis vaziyatlarda ham, ochlikdan sillasi quriganida ham g‘ururini yo‘qotmadi, ruhan sinmadi, qat’iyatini yo‘qotmadi, vijdoniga teskari ish qilmadi, gunoh ishga qo‘l urmadi, sha’nini bulg‘amadi.

Urush yillari Naima uchun yanada og‘ir bo‘ldi. U o‘z oylik maoshiga kuniga bittagina non sotib olishi mumkin edi. Bolalarini tirik saqlab qolish ilinjida bug‘doy o‘rimi davrida kattakon kirza etik kiyib, xirmonda ishlagan Naima kechqurun holdan toyib kelar va etigini yechib, dasturxon ustiga ag‘darar edi. Etigidan to‘kilgan bug‘doylarni bittalab terib, qo‘l tegirmoni – yorg‘uchoqqa solib yanchar, shu undan bolalariga kechasi non pishirib berardi.

Rahmdil, kuyunchak va hammaga yaxshilik qilishga shoshilgan, hamma bilan do‘st bo‘lgan Naimaning bolalarini qo‘ni-qo‘shnilar, o‘sha davrda bular kabi qatag‘onning, quvg‘inning azobini boshidan kechirayotgan, yurtidan badarg‘a bo‘lib kelgan ruslar, qorachoylar, nemislar, ukrainlar, greklar, tatarlar va qozoqlar o‘z mehrlari bilan isitdilar, qo‘llaridan kelguncha yordam berdilar. Ba’zan butunlay begona va notanish kishilar oilaga yordam qo‘lini cho‘zdi.

Chingiz ulg‘ayib, yozgan asarlarida ana shu kulfatlar, iztiroblar, turmush mashaqqatlari aks etdi. Eng muhimi, u umrining oxirigacha xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikka sodiq qoldi va bu do‘stlikni kuylab o‘tdi. Turli lavozimlarda turib ham xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik mustahkamlanishiga munosib hissa qo‘shdi.

Naimaning barcha bolalari sharqona odob bilan ulg‘ayishdi, sizlab gapirishdi, onasiga barcha yumushlarida ko‘makchi bo‘lishdi. Aytmatovlarning barchasining surati maktabdagi hurmat taxtasida turardi. Naimadagi tartib-intizom, ozodalik va ulug‘vorlik hamma bolalariga o‘tgan edi. Qashshoqlikda ham Naima farzandlarini xalq manfaatlari uchun qayg‘uradigan, eng avval el-yurtni o‘ylaydigan qilib tarbiyaladi.

Urush yillarida o‘spirin bo‘lgan Chingiz qishloq sho‘rosida kotiblik vazifasida ishladi va unga 30 so‘tix tomorqa berishdi. Shu tomorqada yetishtirilgan sabzavotlar oilani urush va undan keyingi ocharchilik yillaridan eson-omon olib o‘tdi.

O‘sha yillari hali bola bo‘lgan Ilgiz ham oilaga daromad olib kirar, u mushtdek boshi bilan pochtachilik qilardi. Har qanday ob-havoda ham Ilgiz qishloqdoshlariga frontdan jo‘natilgan maktublarni uzluksiz yetkazib kelar edi. 15 yoshli Ilgiz «Ulug‘ vatan urushida ko‘rsatgan fidokorona xizmatlari uchun» medali bilan mukofotlangan edi.

Naima bir narsadangina qo‘rqar edi: «Bolalarimdan birortasi siyosat bilan shug‘ullanmasa edi, otasining taqdiri takrorlanmasa edi...».

Naima har bir bolasining alohida-alohida qiziqarli bir kasbni egallashini orzu qilardi. U farzandlarining taqdiri uchun tinimsiz qayg‘urar, hammasini oliy ma’lumotli qilishni o‘ylar edi. Shuning uchun u 1947 yilda Porovka qishlog‘iga ko‘chib o‘tdi, u yerda rus maktabi bor edi.

Naima maktabni a’lo baholarga tugatgan, kirish imtihonlarini ham nuqul besh bahoga topshirgan qizi Lyusiya Moskva energetika institutiga qabul qilinmaganida qattiq iztirob chekdi. «Xalq dushmanining qizini o‘qishga olmaymiz» deyishganida Lyusiya o‘zini achchiq ustida poyezd ostiga tashlamoqchi ham bo‘lgandi, ammo onasiga muhabbati uni bu yo‘ldan qaytardi. Albatta Moskvada o‘qishi shart emasligini akasi Chingiz tushuntirgach, Frunzedagi politexnika institutiga o‘qishga kirdi.

Naima Aytmatovaning barcha farzandlari oliy ma’lumotli, o‘z kasbining ustalari bo‘lishdi. Chingiz Aytmatov − asarlari 180 dan ortiq tilga tarjima qilingan, ekranlashtirilgan taniqli yozuvchi, Ilgiz Aytmatov – mashhur olim, akademik, Lyusiya Aytmatova – qirg‘iz xotin-qizlari ichida birinchi injener-energetik, jamoat arbobi, Rozetta Aytmatova – fizika-matematika fanlari nomzodi, ayollar harakati yo‘lboshchisi.

1962-yilda jafokash ona Naima Aytmatovaning sog‘lig‘i birdaniga yomonlashib, shifoxonaga tushib qoldi. Bu paytda Chingiz Aytmatov taniqli yozuvchi edi. U onasini davolatish uchun eng yaxshi vrachlarni taklif qildi, hali Qirg‘izistonda bo‘lmagan kuchli dori-darmonlarni topib keltirdi. Shularning sharofati bilan Naima Aytmatova oyoqqa turdi va yana o‘n yil yashadi.

Chingiz Aytmatov onasiga aytolmagan barcha so‘zlarini onasiga bag‘ishlangan kitobida aytdi: «Onamizga ta’zim! U onalik burchini mardona, donishmandona va sadoqat bilan ado qildi! Hayotimiz va taqdirimizdagi barcha yaxshi narsalar, oliy ma’lumot olishimiz ham uning mehnati va jasorati tufayligina bo‘lgan».

Bir maqolasida Chingiz Aytmatov bunday yozgan: «Men haykaltarosh yo rassom bo‘lganimda hayotimni o‘z minnatdorchiligim, hayratlarim, faxru-iftixorim, muhabbatim aks etgan ona timsolini yaratishga bag‘ishlardim!».

Naima Aytmatova 1971-yilning 10-avgustida 67 yoshida vafot etdi. So‘nggi yo‘lga onani eng yaxshi qirg‘iz oqinlari marsiyalar aytib kuzatishdi. Ona bilan vidolashgani juda ko‘p odam keldi. Qishloqdoshlari esa daryoday oqib kelishdi.

Buyuk ona «Ata beyit» («Otalar uyi») memorial majmuasiga buyuk bir ehtirom bilan dafn etildi.

Vafotidan so‘ng Naima Aytmatova millionlab yoshlar, bo‘lajak onalar uchun haqiqiy ona timsoliga, qirg‘iz onasi timsoliga aylandi. Yoshlar undan ibrat olishga, uningdek ona bo‘lishga intiladigan bo‘ldilar. 1992-yilda Jalolobod shahrining markaziy xiyoboniga Naima Aytmatova nomi berildi. 2004-yilda Naima onaning 100 yilligi sharafiga Qoraqurum shahridagi ko‘chalardan biriga Naima Aytmatova nomi berildi.

«Boyning qizi», «xalq dushmani»ning xotini bo‘lgan Naima Aytmatova «qahramonning onasi» bo‘lib, «millat onasi» maqomini oldi.

Naima Aytmatova va uning bolalari 1938 yilda otib tashlangan To‘raqul Aytmatovning qabrini uzoq va samarasiz qidirdilar. Uning qabrini ko‘rish Naima Aytmatovaga nasib qilmadi. Chingiz Aytmatovning harakatlari bilan otaning qabri 1991 yildagina topildi. To‘raqul Aytmatovni Bishkek yaqinidagi Toshtepa degan bir ovloq yerda otib, ko‘pchilik otilganlar bilan birga ko‘mib yuborishgan ekan. Aytmatovlar otaning suyaklarini «Ata beyit» qabristoniga izzat-hurmat bilan qayta dafn qilishdi.

2008-yilda ota-onalari qabri yoniga ulug‘ yozuvchi Chingiz Aytmatov dafn qilindi, uning vasiyati shunday edi...

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring