Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bosh vazir va DXX raisi Samarqandga bordi

Bosh vazir va DXX raisi Samarqandga bordi

Foto: «Xabar.uz»

Bugun, 13-iyul kuni xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashining navbatdan tashqari ellik uchinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Sessiyani deputat Bahodir Sharofov boshqardi. Bu haqda «Zarafshon» nashri xabar berdi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisi I.Abdullayev ishtirok etdi.

Sessiyada Bosh vazir viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy sohalarida mavjud qator muammolar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarga to‘xtaldi. Xususan, viloyatda eksport masalasida ahvol yomon ekanligi, ayniqsa, qurilish ishlarida o‘zbilarchilikka yo‘l qo‘yilayotganligi, poraxo‘rlik va byurokratizm avj olganligi keskin tanqid qilindi.

Ta’kidlanishicha, Prezidentimizning joriy yilning 17-18-mart kunlari viloyatga tashrifi davomida belgilangan vazifalarni bajarishda sustkashlikka yo‘l qo‘yilgan. Natijada, viloyat iqtisodiyotida, shu bilan birga aholining ijtimoiy hayotida yuzaga kelayotgan muammoli vaziyatlar o‘zgarishsiz qolib ketaverdi.

Xususan, joriy yilning 6 oyi yakunlariga ko‘ra, 4 ta yirik sanoat korxonasida ishlab chiqarish hajmi pasayib ketganligi oqibatida 288 milliard so‘mlik mahsulot hajmi yo‘qotilgan. Tabiiyki, bu holat ushbu korxonalarda ishchi o‘rni qisqarishiga olib keladi. Shuningdek, viloyatda sanoat korxonalarini qo‘llab-quvvatlash ishlari e’tibordan chetda qolmoqda. Jumladan, viloyatning respublika sanoatidagi ulushi 2017-yilning birinchi yarim yilligida 6,8 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2018-yilning shu davrida 5,3 foizni tashkil etib, 1,5 foizga kamayib ketgan.

Joriy yilning 1-iyul kuniga qadar ishga tushirilishi lozim bo‘lgan 16 ta yirik sanoat loyihalari amalga oshirilmagan. Viloyat tabiiy mineral xom-ashyo resurslariga boy bo‘lib, ulardan samarali faydalanish to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagan. Misol uchun, Paxtachida kaolin, granit, gips, Narpayda sement, keramzit, qum-shag‘al, keramika, Nurobodda sement, marmar, ohak, gips va bo‘r, Ishtixonda marmar va keramika kabi zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmagan. Mazkur shahar va tumanlar hokimlari o‘tgan olti oy davomida bironta ham tadbirkor bilan uchrashmagan, aksincha tadbirkorlikni rivojlantirishga to‘siq bo‘lgan.

Eng achinarlisi, viloyatda faoliyat ko‘rsatmayotgan sanoat korxonalari o‘tgan yilga nisbatan 65 taga ko‘payib, bugungi kunda 238 taga yetgan. Viloyatda 6 oylikda eksport prognozi atigi 62 foizga ta’minlangan xolos.

Kichik biznesni rivojlantirish, ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, qulay investitsiya muhitini yaratish masalalariga umuman e’tibor qaratilmagan. Buning oqibatida, bugungi kunda viloyatda ro‘yxatdan o‘tgan 18 ming 856 ta kichik biznes sub’yektlarining 3 ming 458 tasi yoki 18 foizi faoliyat ko‘rsatmayapti. Bundan tashqari, ro‘yxatdan o‘tkazilgan 805 ta tadbirkorlik sub’yektlari bankda umuman hisob raqam ochmagan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring