Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Butunjahon audiovizual meros kuni: o‘tmishning ovozi va qiyofasi bor

Butunjahon audiovizual meros kuni: o‘tmishning ovozi va qiyofasi bor

Foto: Xabar.uz

Qayerdadir bolaligingizda eshitgan qo‘shiq yangrab qoldi. Bir zum quloq solasiz. Qo‘shiqning nomini eslagandirsiz, ehtimol eslolmadingiz. Ammo uni eshitgan paytingiz, o‘sha yillar, o‘sha muhit, hatto yoningizda bo‘lgan odamlar ham birdan yodingizga tushadi.

Yoki televizorda bolaligingizda ko‘rgan multfilm namoyish etilyapti. Shunda siz bolalikda yashagan uyingizni, televizor oldida o‘tirganingizni, multfilm tugashini istamaganingizni eslaysiz. Xuddi shunday, ba’zan birgina ovoz, birgina xira surat yoki kadr butun bir davrni eslatadi, bir lahzada ortga qaytasiz.

27 oktyabr — Butunjahon audiovizual meros kuni. YuNESKO tashabbusi bilan 2005 yilda ta’sis etilgan bu sana filmlar, radio va teledasturlar yozuvlari, musiqa, oilaviy videolar va boshqa audiovizual materiallarni asrab-avaylash zarurligini eslatadi. Chunki tasvir va ovozlar o‘tmishdagi voqealardan tashqari o‘sha davrning madaniyati, turmush tarzi, odamlarning hayoti haqida ham ma’lumot beradi.

Kinotasmalar ham vaqt  bilan kurashadi...

Eski filmni televizorda tomosha qilganimizda, uning bizga qanday yetib kelgani haqida o‘ylab ko‘rmaymiz. Ekranda qahramonlar gapiradi, musiqa yangraydi, voqealar davom etadi. Biz esa filmni shunchaki tomosha qilamiz, hatto qalbimizdan joy olganlarini qayta-qayta ko‘raveramiz. Ammo shu tasvirlarning ortida ularni saqlash, tekshirish, tiklash va keyingi avlodga yetkazish bilan bog‘liq katta mehnat bor.

Kino tasmasining oddiy qog‘ozli hujjatdan farqi, uning o‘ziga xos fizik xususiyatlari borligi, ya’ni vaqt o‘tishi bilan material eskirishi, tasvir sifati yomonlashishi mumkin. Noto‘g‘ri sharoitda saqlansa, shikastlanish jarayoni tezlashadi. Ayrim tasmalarda ranglar o‘zgaradi, tasvir xiralashadi, lenta mo‘rtlashadi, ovozlar noaniq bo‘lib qoladi. Bunday holatlarda film yoki qo‘shiqni saqlab qolish uchun maxsus sharoit va mutaxassislar mehnati zarur bo‘ladi.

Tasvirni saqlab qolishning yana bir yo‘li raqamlashtirish...

Ha, kinotasmalarni asrash haqida gap ketganda, raqamlashtirishni chetlab o‘tib bo‘lmaydi. Zamonaviy texnologiyalar eski materiallarni raqamli nusxaga aylantirish ulardan foydalanishni yengillashtiradi va asl tashuvchiga tushadigan yukni kamaytiradi. Ilgari tarixiy kadrni ko‘rish uchun arxivga borish, hujjatni so‘rash va uni maxsus sharoitda tomosha qilish talab etilgan bo‘lsa, raqamli texnologiyalar ayrim materiallardan masofadan turib foydalanishga yo‘l ochadi.

«O‘zarxiv» agentligining rasmiy ma’lumotiga ko‘ra, 2024-yilda Kinofotofono hujjatlari milliy arxivi uchun xuddi ana shunday uskuna, kino hujjatlarini 4K formatda raqamlashtirish imkonini beruvchi zamonaviy Cintel 4K kinoskaneri xarid qilingan. Unda arxivdagi kino hujjatlarini yuqori aniqlikda qayta raqamlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Biroq raqamlashtirishning o‘zi hamma muammoni hal qilmaydi, ya’ni avval tasmaning holatini baholash, zarur bo‘lsa uni tiklash, keyin esa olingan raqamli fayllarni ishonchli saqlash kerak.

Bundan tashqari, raqamli nusxa borligi asl kinolentani tashlab yuborish mumkin degani ham emas. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, asl material ham tarixiy manba sifatida qimmatli. Raqamli nusxa esa undan foydalanish, ko‘rsatish va tarqatish imkoniyatlarini kengaytiradi. «O‘zarxiv» agentligi Kinofotofono hujjatlari milliy arxivining rasmiy saytida bugungi kunda 2 062 ta fono (ovozli) hujjat, 45 033 ta noyob tarixiy fotosurat, 805 ta tarixiy kinohujjat va xronikalar hamda 1 296 889 ta matnli arxiv hujjatlari foydalanuvchilarga onlayn izlash va foydalanish uchun taqdim etilgan. Bu esa o‘tmishimizning jonli ovozi va qiyofasini asrab-avaylash yo‘lidagi ulkan qadamdir.

Kassetalarda qolgan ovozlar

Kinotasmalar haqida gapirib, audiokassetalarni eslamaslik mumkinmi? Bir paytlar sevimli xonandaning yangi qo‘shig‘ini tinglash uchun uning kassetasini sotib olish, nusxa ko‘chirish yoki radiodan yozib olish kerak edi. Radioda kutgan qo‘shig‘imiz boshlansa, uni kassetaga yozib olishga ulgurishga harakat qilardik. Kasseta magnitofonga qo‘yilar, qo‘shiq qayta-qayta eshitilardi. Lenta o‘ralib qolsa, uni ehtiyotkorlik bilan to‘g‘rilashning o‘zi bir muammo edi. Bugun bu mayda tashvishlar kulgili tuyulishi mumkin. Ammo o‘sha davrda kassetalar musiqani tinglashning ommabop usullaridan biri edi.

O‘zbek xonandalarining ovozlari ham ana shu kassetalar orqali xonadonlarga kirib borgan. Qaysi qo‘shiq to‘ylarda yangragani, qaysi ijrochining qo‘shiqlari ko‘proq tinglangani, qaysi kuy oilaviy yig‘inlarning ajralmas qismiga aylangani, bular ham musiqa madaniyatimizning bir qismi.

Bugun eski qo‘shiqni internetdan topishimiz mumkin. Ammo uni birinchi marta eshitganimizdagi hissiyot, qo‘shiqni kim bilan tinglaganimiz yoki kassetani kim sovg‘a qilgani haqidagi xotirani internetdan topib bo‘lmaydi.

Har bir oilaning o‘z arxivi bor

Davlat arxivlarida mamlakat tarixi saqlansa, oilaviy videolarda har bir xonadonning o‘z tarixi yashaydi.

Bir paytlar to‘y yoki tug‘ilgan kunni videoga olish hamma xonadonda ham odatiy ish emasdi. Videokamerasi bor odamni taklif qilish, tadbirni tasmaga yozdirish, keyin tayyor kassetani olib, televizorda ko‘rishning o‘zi bir zavqli voqea edi.

Bugun esa telefon bilan bir kunda o‘nlab, hatto yuzlab surat va video olish mumkin. Go‘dakning ilk qadami, tug‘ilgan kun, oilaviy sayohat, dasturxon atrofidagi suhbat, hammasi kameraga muhrlanishi mumkin. Bir qarashda, xotiralarni saqlash avvalgidan ancha osonlashgan.

Ammo ularni haqiqatan ham saqlayapmizmi?

Eski videokassetani olib, uni ko‘rish uchun mos apparat izlagan odam buning qanchalik qiyinligini biladi. Kasseta saqlangan bo‘lishi mumkin, ammo uni o‘qiydigan qurilma qolmagan. Qurilma topilsa ham, tasma shikastlangan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.

Ba’zan to‘yda kameraga tushib qolgan qarindoshning bir og‘iz gapi, hovlida o‘ynab yurgan bolalar, dasturxon atrofidagi yoshi katta insonlarning suhbati o‘sha paytda oddiy manzara bo‘lib ko‘rinadi. Yillar o‘tgach esa kadrdagi odamlarning ayrimlari oramizda bo‘lmasligi, bolalar ulg‘ayishi, hovlilar o‘zgarishi mumkin. Shunda eski video faqat voqeani emas, qaytib kelmaydigan bir davrni ham saqlab turganini anglaymiz.

Telefonimizdagi xotiralar qanchalik ishonchli?

Bugun audiovizual xotiralarni saqlashning imkoniyatlari ko‘p. Telefonlar, kompyuterlar, tashqi xotira qurilmalari va bulutli xizmatlar surat hamda videolarni saqlashga yordam beradi. Biroq qulaylik bilan birga yangi muammo ham paydo bo‘ldi. Biz juda ko‘p ma’lumot yaratamiz, ammo uni tartibga solish va asrashga har doim ham vaqt ajratmaymiz.

Telefonimizda yillar davomida yig‘ilgan minglab suratlar bo‘lishi mumkin. Ular orasida bir marta ko‘rish uchun olingan tasvirlar ham, qayta topish qiyin bo‘lgan oilaviy xotiralar ham bor. Qaysi biri biz uchun eng muhimligini ko‘pincha ularni yo‘qotish xavfi tug‘ilgandagina o‘ylaymiz.

Ota-onamiz yuborgan ovozli xabarlar haqida ham o‘ylab ko‘raylik. Bugun messenjerda saqlanib turgan oddiy xabarni alohida fayl qilib olish xayolimizga kelmasligi mumkin. Ammo yillar o‘tib, o‘sha insonning ovozini eshitish, uning odatiy gapirish tarzini, kulgisini yoki bizga aytgan bir og‘iz so‘zini yana bir bor tinglash istagi paydo bo‘lishi mumkin.

Shuning uchun audiovizual meros haqida gapirganda shaxsiy ovozli xabarlarni ham eslash o‘rinli. Albatta, har bir xabarni saqlash shart emas. Ammo biz uchun alohida ahamiyatga ega bo‘lganlarini yo‘qotib qo‘ymaslik haqida o‘ylash mumkin.

Buning uchun murakkab texnika yoki katta mablag‘ shart emas. Eng qadrli surat va videolarni alohida papkalarga ajratish, ularni kompyuter yoki tashqi xotira qurilmasiga ko‘chirish, muhim fayllarning qo‘shimcha nusxasini saqlashdan boshlash mumkin. Bulutli xizmatlar ham qulay, lekin muhim xotiralarni faqat bitta joyda saqlash bilan chegaralanmagan ma’qul.

Eski kassetalar va oilaviy videolarni raqamli formatga o‘tkazish imkoni bo‘lsa, ularni ham e’tibordan chetda qoldirmaslik kerak. Chunki bunday yozuvlarning ayrimlarini keyinchalik tiklash juda qiyin bo‘lishi mumkin. Butunjahon audiovizual meros kuni eski filmlar, musiqa yozuvlari va arxiv tasmalarining qadrini eslatadi. Demak, bu sana nafaqat o‘tmishni saqlash, balki bugungi xotiralarimizni kelajak avlodga yetkazish haqida ham o‘ylashga undaydi.

Barno Sultonova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring