Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Buxoroda 56 nafar IIB xodimi jazoga tortildi: tafsilotlar

Buxoroda 56 nafar IIB xodimi jazoga tortildi: tafsilotlar

Foto: Xabar.uz

Buxoroda 5 oyda 56 nafar IIB xodimi xizmat intizomi bilan jazolandi, 5 nafar xodimga 4 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda viloyat IIB tashkil etgan brifingda ma’lum qilindi. 

 «Brifing har galgidan qizg‘inroq kechdi. Zero, bu gal yaratilgan ish va yashash sharoitlarga qaramay, xizmat intizomini buzgan, hatto, jinoyat sodir etgan ichki ishlar xodimlari xususida ham ochiqlandi»,— dedi Buxoro viloyati IIB tomonidan o‘tkazilgan brifingda ishtirok etgan jurnalistlar.

Joriy yilning 5 oyi davomida olib borilgan ishlar yuzasidan bo‘lib o‘tgan brifingda kadrlar bilan ishlash, xodimlarning kasbiy va jangovar tayyorgarligi, kasbiy bilim saviyasini oshirish, ular o‘rtasida xizmati intizomi madaniyatini yuksaltirish va korrupsion holatlarning sodir etilmasligi yuzasidan olib borilgan ishlar xususida so‘z bordi.

Ta’kidlanishicha, Buxoro viloyat ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan erkaklar qatori ayol xodimalar ham talaygina. Ular shaxsiy tarkibning 9,1 foizini tashkil etadi. 16 nafar ijtimoiy ko‘makka muxtoj ayol xodimalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida turli xildagi yordamlar berilgan. 1 nafar ayol xodimaga avtomobil sotib olishi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 300 barobari miqdorida moddiy yordam, 1 nafar xodimaga yashash sharoitini yaxshilash maqsadida ba’zaviy hisoblash miqdorining 125 barobari miqdorida foizsiz qarz berilgan. 2024 yilning 5 oyi davomida ayol xodimalar tomonidan intizom buzilish holati qayd etilmagan.

«O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademik litseylariga o‘quvchilarni qabul qilishda yozma ish, nomzodlarning jismoniy tayyorgarlik darajasini aniqlash hamda yakka tartibdagi yakuniy suhbat o‘tkazish tartibi to‘g‘risida»gi 50-sonli buyrug‘iga asosan, IIV Buxoro Akademik litseyida o‘qish istagini bildirgan nomzodlarning individual-psixologik xususiyatlarini o‘rganish maqsadida psixologik test sinovlari o‘tkazildi. Unga ko‘ra, jami 1093 nafar nomzodlardan, 912 nafari keyingi bosqichga o‘tgan bo‘lsa, 181 nafar nomzodlar psixologik test sinovlaridan o‘ta olmadi»,— dedi Buxoro viloyat IIB o‘rinbosari, ma’naviy-ma’rifiy va kadrlar bilan ta’minlash xizmati boshlig‘i, podpolkovnik Akbar Yusupov.

Akbar Yusupovning so‘ziga ko‘ra, xodimlarni ijtimoiy himoya qilish yo‘nalishida ham talay ishlar bajarilgan. 11 nafar betob xodimlarning davolanishi uchun 83 255 000 so‘m, 14 nafar xodimlarning betob yaqin qarindoshlarida jarrohlik amaliyotini o‘tkazish uchun 257 040 000 so‘m, 2 nafar xodimning Sanatoriy-kurort muassasalarida davolanish va dam olish uchun 4 976 351 so‘m va hokazolar, shuningdek, 54 nafar xodimga 1 593 283 486 so‘m miqdorida moddiy yordam pullari ajratilgan.

Xodimlarga beriladigan mehnat ta’tili bo‘yicha joriy yilning mos davriga qadar 757 nafar shaxsiy tarkib xodimlariga asosiy ta’til berilgan. IIV Akademiyasi, Jamoat xavfsizligi universiteti va boshqa oliy ta’lim muassasalarnining sirtqi ta’lim shakli bo‘yicha taxsil olayotgan 82 nafar xodimlarga asosiy mehnat ta’tilidan tashqari o‘quv ta’tili berilgan.

«Xodimlarning ishlash va yashash sharoitini yanada yaxshilash uchun davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan imkoniyatlar ko‘lami keng. Shu nuqtayi-nazardan ular o‘rtasida korrupsion holatlarning oldini olish bo‘yicha ham doimiy ravishda targ‘ibot-tashviqot ishlari olib boriladi.Xodimlarning tashabbusi bilan 6 marotaba xodimlarga pora taklif qilish holatlari bo‘yicha tezkor tadbirlar o‘tkazilib, pora taklif qilgan fuqarolarning javobgarligi ta’minlandi. Ma’lumot uchun aytishim mumkinki, 2024 yil 21 aprelida viloyat IIB YHXB inspektori safdor Jamil Adizovga fuqaro D.Yo. o‘z avtomashinasini jarima maydonidan chiqarish evaziga 100 AQSh dollari miqdordagi pullarni bergan vaqtda ushlangan. Mazkur holat yuzasidan Qorovulbozor tuman prokuraturasi tomonidan JKning 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Viloyat IIB boshlig‘ining buyrug‘i bilan safdorga uch million miqdorida rag‘batlantirish ajratildi»,— dedi Akbar Yusupov.

Ma’lumotga ko‘ra, joriy yilda jami 30 nafar xodimlar viloyat Ichki ishlar organlari xizmatdan bo‘shatilgan. Shundan 10 nafari o‘zining xohishi bilan, 6 nafari kasalligi-harbiy tibbiy komissiyaning xulosasi asosida, 1 nafari xizmatda bo‘lishning chegara yoshiga to‘lgani, 14 nafar xodim pensiya olish huquqini beradigan xizmat muddatini o‘tagani hamda 2 nafari xizmat intizomini qo‘pol ravishda buzgani uchun ichki ishlar organlaridan bo‘shatilgan.

«Tizim xodimlari uchun ish va yashash sharoiti munosib darajada yaratilgan bo‘lishiga qaramay, xizmat intizomini buzganlar, faoliyatga panja ortidan qaraganlar ham yo‘q emas. Joriy yilning shu davriga qadar Buxoroda 56 nafar IIB xodimi xizmat intizomi bilan jazolandi, 5 nafar xodimga 4 ta jinoyat qo‘zg‘atildi. 37 nafar xodimga nisbatan esa ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi. O‘z xizmat vazifasini suiste’mol qilgan, qonunchilik buzilishiga yo‘l qo‘ygan shaxslarga ichki ishlar tizimida joy yo‘q»,— dedi viloyat IIB o‘rinbosari.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring