Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Buxoroda mulkdorlar joyi qarovsiz, uy-joy qurish uchun berilgan yer esa xarobazor

Buxoroda mulkdorlar joyi qarovsiz, uy-joy qurish uchun berilgan yer esa xarobazor

Buxoroda mulkdorlar tomonidan uzoq yillardan buyon foydalanilmay kelinayotgan bo‘sh yer maydonlari, bino va inshootlar qarovsiz va xaroba ahvolga kelib qolmoqda. Bu haqda Buxoro viloyat davlat soliq boshqarmasi Xabar.uz’ga ma’lum qildi.

Bildirilishicha, Buxoro viloyat davlat soliq boshqarmasi tomonidan viloyat hududida 3209 ta qurilishi tugallanmagan va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari xatlovdan o‘tkazilgan. Shundan 1226 nafar mulkdor tomonidan xususiylashtirilgan, ammo bo‘sh turgan ob’yekt negizida investitsiya loyihasini amalga oshirish taklifini bermagan.

Ularga nisbatan viloyat davlat soliq boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Prezidentining 2018 yil 4 sentyabrdagi «Ishlab chiqarish maydonlaridan foydalanish samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-3928-son qaroriga muvofiq, soliqlarni oshirilgan stavkalar bo‘yicha hisoblash choralari ko‘rilgan. 1000 dan ortiq korxonaga mol-mulk va yer soliqlari 2 karra, 41 ta korxonaga 5 karra miqdorda va 6 ta korxonaga 10 karra miqdorda jami 10 milliard so‘m qo‘shimcha soliqlar hisoblangan.

Kogon shahrida faoliyat yuritayotgan «Muharram» xususiy korxonasiga tegishli 80 sotxli yer maydonlari uzoq yillardan buyon qarovsizlik oqibatida achinarli ahvolga kelib qolgan. Begona o‘t, hashak va temir-tersak chiqindilariga to‘lib ketgan. Bor-yo‘g‘i, 126 kv.m.yer maydonidagina inshoot tiklangan.

— Mazkur xususiy korxonaga nisbatan ta’sirchan soliq choralari qo‘llaniladigan bo‘ldi, — deydi Kogon shahar DSI mas’ul xodimi Sur’at Bozorov. — Aniqrog‘i, «Muharram» xususiy korxonasiga Idoralararo komissiyasi tomonidan ob’yektdan samarali foydalanish bo‘yicha takliflarni taqdim etish haqida yuborilgan so‘rovnomaga mulkdor 2 oylik muddatda «Yo‘l xaritasi» ko‘rinishida unga javob berishi kerak edi. Afsuski, korxona rahbari qonun turtkisini kutgandek, foydalanilmayotgan ob’yekt faoliyatini tiklashning aniq muddatlari va moliyalashtirish manbalarini ko‘rsatmagan. Natijada, ushbu korxona mol-mulk va yer soliqlarini 2 karra miqdorda to‘lashga o‘tkazilgan.

Tadbirkor Aziz Kalonov tomonidan ham Kogon shahar markazidagi 3 sotixli yer maydonida savdo majmuasi binosini qurish ishlarini boshlaganiga bir necha yil bo‘lgan. Qarovsiz va tashlandiq ahvolda. Mol-mulk va yer soliqlarini 2 karra miqdorda to‘lab kelmoqda. Ogohlantirishlarga qaramay, e’tiborsiz qoldirib kelayotganini tadbirkor quyidagicha izohlaydi:

— Sog‘ligim yomonlashgani sababli obod qilishim va tadbirkorlik sub’yektini rivojlantirishim kerak bo‘lgan yer maydoni e’tiborimdan chetda qolganini yashirmayman. Ayni paytda 5 karra miqdorda mol-mulk va yer solig‘ini to‘lash choralari belgilanishi mumkin bo‘lgan davr uchun ikki oy muhlat qoldi. Kamchiliklarni tuzatib, muammolarni bartaraf etaman, — deya odatiy fikr bildirib qo‘ya qoldi Aziz Kalonov.

Xuddi shuningdek, Kogon tumani «Tutkunda» mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi «Kogon ravo yo‘li» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Anvar Amonov 3 sotxdan ortiq maydonga egalik qiladi. O‘zibo‘larchilik oqibatida yangi tiklanayotgan ob’yekt chiqindilari ham bo‘sh maydonda sovuq kunlardan buyon «muzlatib» qo‘yilgan. Noxush va yoqimsiz manzara mahalla vakillarini ham tashvishlantirmagan. O‘z mulkiga befarq mulkdor hatto, tiklanayotgan bino-inshoot ham foydalanishni eplay olmagan.

Shu hududdagi «Turon qurilish montaj» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Xayrulla Zikrilloyev esa qonun turtkisidan to‘g‘ri xulosa chiqarmagan. Mulkdor soliqlarni 5 karra miqdorda to‘lashga o‘tkaziladi.

«Avtolen» mas’uliyati cheklangan jamiyatining 1 gektardan ortiqroq bo‘sh turgan yer maydoni Idoralararo komissiyasining xatlovidan so‘ng bo‘sh turgan va samarali foydalanilmayotgan ob’yekt, deb topilgan. Bu haqda tadbirkorga belgilangan tartibda ogohlantirish ham berilgan.

— Davlat soliq xizmati xodimlari menga egaligimdagi bo‘sh turgan yer maydonidan samarali fodalanishni yo‘lga qo‘yishim zarurligini, aks holda ortiqcha chiqimga qolib, soliqlarni orttirilgan stavkada to‘lashimni tushuntirishdi, — deydi «Avtolen» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Elyor Ergashev. — to‘g‘risi, eronlik investorlar bilan ushbu hududda ishlab chiqarish ob’yektini barpo etish va uni ishga tushirishni ko‘zlab turgan edik. Endi shu ishlarni tezlashtiraman.

Taajjublanarlisi, bundan achinarli holatni Buxoro shahrida ham kuzatish mumkin. Yuzlab, minglab fuqarolar uy-joyga, yashash manziliga muhtoj bo‘lib turgan bir davrda ayrim fuqarolar tomonidan uy-joy qurish uchun berilgan yer maydoni xarobazor holga kelib qolgan. Fuqaro Baxtiyor Zaripov, Muyassar Salohiddinova va Muborak Hamroyevalarga 2009 yilda Buxoro shahar hokimligi tomonidan yakka tartibda uy-joy qurish uchun berilgan. Shuncha vaqt o‘tganiga qaramay, bu yerda qurilish ishlari amalga oshirilmagan. E’tiborsizlik tufayli qarovsiz yerlar chiqindixonaga aylangan.

Fuqaro Hamro Namozov esa zarur ruxsatnomani olmasdan yoxud shaharsozlik normalari va qoidalarini pisand qilmay, mahalladagi eski qabriston hududida o‘zboshimchalik bilan imorat qurishni boshlagan.

— Ushbu fuqarolar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 30 dekabrdagi «Yakka tartibdagi uy-joy qurilishi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi 272-sonli Qaroriga muvofiq, yakka tartibda uy-joy qurish uchun berilgan yer uchastkasini berilgan kundan boshlab, uch yil mobaynida o‘zlashtirishni boshlashga, qabul qilish komissiyasining dalolatnomasi tuman (shahar) hokimining qarori bilan tasdiqlangandan keyin bir oy mobaynida uy-joyga bo‘lgan mulk huquqini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun Buxoro shahri yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasiga murojaat qilishlari shart edi, — dedi Buxoro viloyati DSB Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot sho‘’basi boshlig‘i Bahodir Fayziyev.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring