Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoroda qo‘riqlash xizmati xodimi fuqaro hayotini saqlab qoldi

Buxoroda qo‘riqlash xizmati xodimi fuqaro hayotini saqlab qoldi

Foto: Xabar.uz

Dorixonada tutqanoq xuruji bilan yerga qulagan 30 yoshlar chamasidagi yigitni Qo‘riqlash xizmati xodimining tezkor harakati o‘lim yoqasidan qaytardi.

Joriy yilning 18-fevral kuni soat taxminan 09:30 larda Buxoro viloyatining Olot tumani bozori hududida joylashgan dorixonalardan biriga kirgan mijoz kutilmaganda yiqilib tushgan. U muvozanatini yo‘qotib, yerga qulagan va tutqanoq xuruji natijasida jag‘lari qisilib, nafas olishi qiyinlashgan, rangi ko‘kara boshlagan. Atrofdagilar zudlik bilan yordam chaqirgan.

Buxoro viloyati IIB axborot xizmati rahbari Ulug‘bek Shukrullayevning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, shu hududda xizmat olib borayotgan Buxoro viloyati IIB huzuridagi Qo‘riqlash xizmatining Olot tumani bo‘limi xodimi, serjant Farid Po‘latov voqea joyiga yetib kelgan. U vaziyatni tezkor baholab, bemorning boshini ushlagan, qisilib qolgan jag‘larini ehtiyotkorlik bilan ochib, nafas yo‘lini bo‘shatgan. Ko‘rsatilgan birinchi yordam natijasida fuqaro nafas olishni tiklab, o‘ziga kelgan.

«Tez yordam» xizmati xodimining bildirishicha, ular yetib kelgunga qadar bemor serjantning tezkor harakati tufayli hayotga qaytgan. Qayd etilishicha, bemor bir necha daqiqa ichida tilning orqaga ketishi va nafas yo‘llarining to‘silishi oqibatida hayotini yo‘qotishi mumkin bo‘lgan.

Serjant Farid Po‘latov mazkur holatni o‘zining xizmat vazifasi va insoniy burchini bajarish sifatida baholagan.

 

 

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring