Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Chustdagi «tomosha». Sog‘liqni saqlash vazirligi ham ogohlantiradi

Chustdagi «tomosha». Sog‘liqni saqlash vazirligi ham ogohlantiradi

Foto: «Kun.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Namangan viloyati, Chust tumanidagi fermer dalasidan buloq chiqqani va uning suvi shifobaxshligi haqida tarqalgan shov-shuvli xabarlar yuzasidan ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, Namangan viloyat DSENM mutaxassislari tomonidan 2019-yilning 22-may kuni Chust tumanidagi «Tomchi zamin» fermer xo‘jaligidagi artezian quduq suvidan laboratoriya tekshiruvlari uchun suv namunalari olingan. Viloyat Davlat sanitariya epidemiologiya markazining akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalarida bakteriologik, sanitariya-kimyoviy va radiologik tekshiruvlar olib borilmoqda. Dastlabki sanitariya-kimyoviy tahlil natijalariga ko‘ra olingan suv namunasi loyqaligi, vodorod ko‘rsatgichi (rn), umumiy minerallanishi (quruq qoldiq), umumiy qattiqligi, sulfatlar va xloridlar qoldig‘i ko‘rsatkichlari bo‘yicha OzDst 950-2011 «Ichimlik suvi. Gigiyenik talablar va sifatini nazorat qilish» Davlat standarti me’yorlaridan bir necha barobar yuqoriligi aniqlangan.

Qayd etilishicha, bunday suv aholi uchun ichimlik suvi sifatida iste’molga berilishi va ishlatilishi mumkin emas. Hozirda bakteriologik tahlillar davom ettirilmoqda.

«Har qanday mineral suvlarning shifobaxshlik xususiyatini aniqlash uchun avvalo O‘zbekiston Respublikasi Geologiya va mineral resurslar Davlat qo‘mitasi tomonidan tegishli tahlillar o‘tkazilishi va ushbu tahlil natijalari Sog‘liqni saqlash vazirligining «Respublika terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy markazi» tomonidan baholanishi lozim. Agarda o‘rganilgan suvning shifobaxshligi aniqlansa, suvdan foydalanish qoidalariga mos ravishda suv manbasida belgilangan qurilish ishlari olib borilib, suvning aynan qaysi kasalliklarga shifoligi bo‘yicha sanitariya-gigiyena va epidemiyaga qarshi tartiblarga rioya etgan holda foydalanish mumkin. Mutaxassislar tomonidan o‘rganilmasdan, suvni ichish, yuvinish, vanna yoki boshqa usullar bilan davo sifatida foydalanish organizmda mavjud kasalliklarni qo‘zg‘atishi, og‘irlashtirishi yoki boshqa kasalliklarni keltirib chiqarishi kabi salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Shunday ekan, ushbu holatda «Tomchi zamin» fermer xo‘jaligidagi artezian quduq suvidan inson salomatligi yo‘lida foydalanishni to‘xtatish lozim.

Suv – nafaqat hayot manbai, balki ko‘pgina yuqumli, jumladan o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar hamda somatik kasalliklarning tarqalish omili ekanligini yodimizdan chiqarmasligimiz kerak», deydi Respublika Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi rahbari Bahrom Almatov.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring