Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Doniyor Ro‘zmetov

O‘qiganim va bilganim sari o‘qimaganim va bilmaganim qanchalar ko‘p ekanligini tushunib xijolat tortamen!

Diqqat, Xorazm yana xavf ostida! (foto + video)

Diqqat, Xorazm yana xavf ostida! (foto + video)

Foto: «Telegram» / @XorazmBugun

20-asrning oxirlariga kelib Orol fojiasi haqida gapirish urf bo‘ldi. Hatto Orol dengizining qurishi muammosi «20-asrning eng katta ekologik fojiasi» deb ham nomlandi. Mazkur mavzu yuzasidan ko‘plab xalqaro konferensiyalar, uchrashuv va boshqa tadbirlar o‘tkazildi. Biroq bugungi kelib ham AQSh prezidentligiga sobiq nomzodlardan Albert Gorning Orol haqida aytgan quyidagi gapi hamon haqiqat bo‘lib qolmokda: «Agar Orol dengizi muammosi yuzasidan u yerga borgan har bir kishi o‘zi bilan bir chelak suv olib borib Orolga quyganida ham allaqachon Orol suvga to‘lgan bo‘lar edi». Bu mubolag‘aga o‘xshagan gap albatta o‘tkazilayotgan uchrashuvlarning befoydaligi hamda harakatlarning samarasizligini ko‘rsatib berishga qaratilgan, lekin u gapda jon bor.

Qadim zamonlardan beri buyuk sivilizatsiyalarning ekologik sabablarga ko‘ra yer yuzidan yo‘q bo‘lib ketganligiga misollar ko‘p. Bunga o‘zga hududlardagi sivilizatsiyalardan shumerlar sivilizatsiyasini misol qilib keltiradigan bo‘lsak, o‘z tariximizdan aynan afrig‘iy xorazmshohlar davlati misol bo‘la oladi. Ya’ni kadim Xorazm sivilizatsiyasi ekologik fojialarga tarixda allaqachon duch kelgan. Eramizning 4-asrlarida gullab-yashnagan Xorazm davlati qisqa muddatlar ichida yo‘qlikka yuz tutib, uning aholisi bo‘lmish xorazmliklar yashash joylarini tashlab ketishga majbur bo‘lganlar. Hozirgi Qoraqalpog‘iston va Turkmaniston hududlaridagi yuzlab qal’alar bu voqealardan guvohlik berib turibdi.

Afrig‘iylar davrida ekologik fojia Amudaryo o‘z o‘zanini o‘zgartirishi natijasida yuz bergan bo‘lsa, 20-asrdagi Orol fojiasi insonlar, xususan ideologik qarashlar asosida ishlab chiqarishning ortidan quvgan sovetlarning xatolari sababli yuzaga keldi. Markaziy Osiyo davlatlari o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritgach, ularda bu muammoga birgalikda yechim topish imkoniyati mavjud edi. Afsuski, hozirga qadar barcha davlatlar tomonidan muammoning yechimi tomon sezilarli qadamlar tashlanmadi.

Natijada Orolbo‘yida yashovchi aholi, xususan qoraqalpog‘istonliklar va xorazmliklar Orol fojiasining oqibatlaridan aziyat cheka boshladilar. Birinchidan, mintaqada «konditsioner» vazifasini bajarib turadigan Orolning yo‘qolishi ayniqsa yoz paytlarida havo haroratining noodatiy tarzda isib ketishiga sabab bo‘la boshladi. Ikkinchidan, Rossiya taraflardan mintaqaga bostirib keladigan shamollarni ushlab qoladigan Orol suvining yo‘qligi tufayli ayniqsa qish paytlarida sovuq shamollar janubiy hududlargacha yetadigan bo‘ldi. Uchinchidan, Rossiyadan kirib kelgan shamollar Orol dengizining suvi qurigan joylaridan har yili millionlab tonna tuzlarni uchirib, Qoraqalpog‘iston, Xorazm va hatto Buxorogacha bo‘lgan hududlarning ustiga socha boshladi. Bunga Xiva va Buxorodagi yodgorliklarning poydevorlarida to‘plangan tuz qatlamlari isbot bo‘ladi.

Sanab o‘tilgan hodisalarning oqibatida Xorazm va Qoraqalpog‘iston dagi yerlar sho‘rlanib, hosildorlik pasayib ketdi. Suvlar va hatto havo ham sho‘rlanishi natijasida aholi orasida turli kasalliklar tarqalib, ularni davolash qiyinlashib ketdi. Xorazmga borib, istagan bir oilaga kirib, insonlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazsangiz Orol fojiasining oqibatlariga guvoh bo‘lasiz.

Insonlar faqat hayot kechirishga sharoit bo‘lgan joylardagina yashay oladi. Agar kun kechirish imkonsiz bo‘lib qoladigan bo‘lsa, Xiva va Urganch kabi obod shaharlari bor bo‘lishiga qaramasdan ular afrig‘iylarga o‘xshab o‘z yerlarini tashlab ketishga majbur bo‘ladi. Mustaqillik yillarida muammolarning jiddiyligini to‘g‘ri baholagan O‘zbekiston hukumati xorazmliklar va qoraqalpog‘istonliklar boshqa viloyatlarga borib joylashishini osonlashtirdi. Bu choralar Xorazm havosida kasalliklardan aziyat chekayotgan ko‘plab insonlar, ayniqsa keksalar va bolalarning havosi toza hududlarga borib kasalliklardan forig‘ bo‘lishiga imkon berdi. Lekin, afsuski, bunday choralar Orol muammosini hal qilmaydi va Xorazm vohasini yo‘qlikka yuz tutish xavfidan xalos etmaydi. Kimlardir meni vahima qilayapti deb o‘ylashi mumkin. Aksincha, hozir vaziyat vahima qiladigan darajadan allaqachon o‘tib, «SOS», ya’ni qutqarish tugmachasini bosadigan joyiga yetib kelgan. Mazkur postda ko‘rsatilgan, Yedit Konvert yaratgan «Orol dengizi» deb nomlangan san’at asari hozirgi Xorazm vohasining ahvolini ham tamsil etadi.

Bugun, 2018-yil 27-may kuni Xorazm viloyatiga Orol dengizi tomonidan qumli bo‘ron bostirib keldi. Xorazmliklar ijtimoiy tarmoqlar orqali yuborayotgan surat va tasvirlardan qum bo‘roni tumanday bo‘lib yopirilganini, natijada insonlar yaqin atrofni ham ko‘ra olmay qolganini ko‘rish mumkin.

Eng asosiysi, bo‘ron bilan uchib kelgan qumlar Orol dengizining oppoq tuzlari bilan aralash bo‘lib, dalalarni, uylarni va hatto avtomobillarning ustlarini oppoq qorday qoplagan. Ilgarilari Orol tuzlarining uchib kelishi kuzatilmas, ularni faqat dalalarda to‘planib qolgan uyumlar va suvning sho‘rligidan bilib olish mumkin bo‘lardi. Endilikda Orol dengizida suvning yanada kamayishi, iqlim o‘zgarishlari va boshqa hodisalar sababli tuzlar Xorazmgacha uchib kela boshladi. Xiva shahridan kelgan suratlarda chet ellik turistlar bo‘rondan ko‘zlarini ocha olmasdan, og‘iz va burunlarini ro‘mol bilan yashirib yurganlarini ko‘rish mumkin. Bu Orol muammosi nafaqat mahalliy aholiga, balki chet ellik turistlarga ham noqulayliklar tug‘dirib, ularning yurtimizdagi taassurotlariga salbiy ta’sir ko‘rsata boshladi deganidir.

Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka kelgach, ikkita eng dolzarb yo‘nalishda siyosat olib bora boshladi. U ichki siyosatda asosan xalqning dardini tinglash va uni bartaraf etishni ustuvor vazifa qilib belgilagan bo‘lsa, tashqi siyosatda Markaziy Osiyodagi qo‘shnilar bilan inoqlik va do‘stlik rishtalarini qayta tiklash siyosatiga urg‘u berdi. Bundan kelib chiqib aytish mumkinki, prezidentning siyosatdagi tamoyillari Orol muammosini yechish uchun ayni muddao xisoblanadi. Chunki Orol muammosi bir tarafdan Xorazm va Qoraqalpog‘iston xalqining eng og‘riqli dardi bo‘lsa, uning yechimi Markaziy Osiyo mintaqasidagi barcha davlatlarning birgalikdagi harakatlariga bog‘liq.

Foto: «Telegram» / @XorazmBugun
Foto: «Telegram» / @XorazmBugun
Foto: «Facebook» / «Xorazm va xorazmliklar»
Foto: «Facebook» / «Xorazm va xorazmliklar»
Foto: «Facebook» / «Xorazm va xorazmliklar»

Shavkat Mirziyoyev prezident bo‘lganda ko‘pchilik uning zarur islohotlarni qila olishiga ishonmagan, mobado islohotlar qilsa ham buni faqat kelgusi 5-10 yilliklardagina amalga oshira olsa kerak deb o‘ylagan edi. Biroq Mirziyoyev islohotlarni bir yilda amalga oshirib, barchaning hayratiga sababchi bo‘ldi. Hozir Orol muammosi yechilmaydigan, mobado yechilsa ham kamida 10 yillarda yechiladigan muammoday tuyulmoqda. Ammo aytganimizday prezident istasa har qanday muammoni tezda hal qilishi mumkinligini isbotladi. Agar muammo dolzarb va hayot-mamot bilan bog‘liq bo‘lsa, uni yechish mumkingina emas, shart va zarur bo‘ladi. Orol muammosi ham zudlik bilan hal etilishi shart. Aks holda kelajakda o‘zbek davlatchiligi va o‘zbek millatining beshiklaridan biri bo‘lgan Xorazmni qayta yo‘qotish xavfi ko‘ndalang bo‘lib turaveradi.

Shu sababdan men:

— prezident Shavkat Mirziyoyevdan Orol muammosini nafaqat mamlakatimizning, balki mintaqamizning birlamchi muammosi darajasiga olib chiqishini va Xorazm vohasini ofatlardan qutqarib, tariximizdagi buyuk insonlar qatoriga qo‘shilishini so‘rayman;

— mintaqamizning boshqa davlatlari rahbarlaridan O‘zbekiston prezidentining mazkur tashabbusini birodarlarcha qabul qilib, uni amalga oshirishda hamjihat bo‘lishlarini va o‘z hissalarini qo‘shishlarini so‘rayman;

— xalqaro hamjamiyat, xalqaro tashkilotlar, moliyaviy tashkilotlardan chiroyli shiorlar va befoyda konferensiyalarni o‘tkazish bilan cheklanmasdan, mintaqamiz davlatlariga moliyaviy va ilmiy yordam ko‘rsatishlarini so‘rayman;

— o‘zimizning olimlarimizdan, ekologik harakat vakillaridan va boshqa insonlardan Orol muammosining yechimiga oid amalga oshirish imkonli bo‘lgan choralarni ishlab chiqib, hukumatimizga taqdim etishlarini, bugungiday bo‘ronlar yuz berganda jim turmasdan dunyoga bong urishlarini so‘rayman;

— ommaviy axborot vositalari, jurnalistlar, blogerlar va ijtimoiy tarmoqlarda ma’lum ta’sirga ega bo‘lgan insonlardan Orol muammosini va uning oqibatlarini muntazam ravishda xolis yoritib borishlarini so‘rayman;

— men san’at, adabiyot, madaniyat ahlidan Orol muammosiga doir ta’sirli asarlar yaratishlarini va shu bilan muammoning yechimiga o‘z hissalarini qo‘shishlarini so‘rayman;

— butun o‘zbekistonlik vatandoshlarni, xorazmlik yurtdoshlarni va mintaqamizdagi va dunyodagi Orol muammosiga befarq bo‘lmagan barcha insonlarni iloji boricha, masalan ijtimoiy tarmoqlarda har xil usullar bilan (fleshmoblar, xeshteglar, postlar, muammoning oqibatlaridan guvohlik beruvchi suratlarni muntazam tarqatib borish) Orol muammosining unutilishiga yo‘l qo‘ymasliklarini surayman.

Zora, mana shu harakatlar amalga oshirilgach, Orol muammosi hal etilsa va shuning barobarida Xorazmning yo‘q bo‘lib, xorazmliklarning boshqa viloyatlarga tarqalib ketish xavfi aritilsa.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring