Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Jurnalist surishtiruvi: direktor maktab hududining bir qismini qiziga berishga haqlimi?

Andijon viloyati Oltinko‘l tumani Suv-yulduz QFYning bir necha fuqarolari tomonidan saytimizga yo‘llangan maktubda mazkur mahalla hududidagi 51-umumta’lim maktabi rahbari Nigoroy Bobonazarova tomonidan maktab hududi talon-toroj qilingani ko‘rsatilgan. Vaziyatni bevosita va xolis o‘rganish uchun ijodiy guruhimiz bilan Oltinko‘l tumani sari yo‘l oldik.

166 mingdan ortiq aholi yashaydigan Oltinko‘l tumani Andijon shahriga tutash hudud hisoblanadi. Biz tashrif buyurgan Suv-yulduz mahallasi ham shahar va tuman markazi o‘rtasida joylashgan. Buning o‘ziga xos jihati shundaki, shundoq ham yerning har bir qarichi o‘lchoqli bo‘lgan vodiyning bu hududida aholi juda zich, tabiiyki ekin va qurilish uchun maydon tanqis. Voqeaning asl ildizi shunda, o‘lchovlar va hujjatlar orqali oydinlik kiritish mumkin, deb o‘ylab kattagina xato qilgan ekanmiz. O‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, mahalla ahli, qo‘ni-qo‘shnilar allaqachon bir-birlariga teskari bo‘lib, tushunmovchilik mojaroga, mojaro muntazam ziddiyatli nizoga aylanib bo‘lgan, huquqbuzarlik hatto jinoyat tusini olgan ekan.

Xatda yo‘llangan arizada ko‘rsatilishicha, maktab qurilishi uchun dastlab 2,30 gektar yer ajratilgan bo‘lsada, direktor Nigoroy Bobonazarovaning hatti harakatlari natijasida hozirda maktab hududi 1,86 gektargina qolgan — ya’ni 44 sotix maydon talon-toroj etilgan. Bu mojaro bir necha marta mahalla hududida muhokama qilingan, ichki ishlar idoralari tomonidan tekshirilgan, hatto fuqarolik sudida ham ko‘rilgan. Ammo yillar o‘tmoqdaki, o‘z yechimini topmaydi, tomonlarning hech biri bo‘sh kelishni istamaydi.

Hududi mojaroga sabab bo‘layotgan 51-umumta’lim maktabi 2000 yilda foydalanishga topshirilgan. Hozirda unda 224 nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda. Maktab binosining orqa tomonida ekinzor, yon tomonida futbol stadioni mavjud. Aynan stadionning bir qismi — ekinzorga tutash hududda 15 sotixli hudud devor bilan o‘rab olingan va uy-joy tiklangan.

Bu uy-joyda yashovchilarni suhbatga chaqirdik. Mana shu joyda juda qiziq holatga duch keldik. O‘zini Dilshoda Bobonazarova deb tanishtirgan juvon maktab direktori Nigoroy Bobonazarovaning qizi bo‘lib, ikki farzandi bilan shu hovlida yashab kelarkan.

Undan uy-joyning hujjatlarini ko‘rsatishini so‘radik:

— Hovlimning hujjatlari yo‘q, bu ishga aloqador nima hujjat bo‘lsa, hammasi onamda. Men turmush o‘rtog‘im bilan ajrashganman, ikki nafar voyaga yetmagan farzandlarim bor, — deb javob berdi D. Bobonazarova.

Hujjatlarni Nigoroy Bobonazarova ham taqdim qila olmadi:

— Bu yer maydoni uchun egalik huquqi endi beriladi. Shundan so‘ng kadastr hujjatlarini tayyorlaymiz. Maktabning hujjatlari bor.

Hujjatlarni o‘rgandik. Bu hujjatlarda ham chalkashliklar talaygina. Xalq deputatlari Suv-yulduz qishloq soveti tomonidan 1988-yil 16-iyunda chiqarilgan 107/126-sonli qarorlarga asosan 422 o‘rinli maktab binosiga 2.0 gektar, tozalash binosi uchun 0.3 gektar yer maydoni ajratib berilgani to‘g‘risidagi qarorlar chiqarilgan Oltinko‘l tumani Yer resurslari va davlat kadastri ma’lumotlari bo‘limidagi ma’lumotda esa maktabning umumiy maydoni 2.013 ga ni tashkil qilishi qayd etilgan. Ammo 2016-yilning dekabrida maktab yer maydoni qayta o‘lchanganida umumiy maydon 1.86 ga ekanligi aniqlangan va farq 0.15 gektarni tashkil qilgan. Ya’ni hujjatlardagi yer shunchaga kamayib qolgan. Bu ma’lumotlar Moliya vazirligining viloyat nazorat taftish boshqarmasi tomonidan №14-175 raqamli xulosada o‘z tasdig‘ini topadi.

Oltinko‘l tumani Yer resurslari va davlat kadastri boshlig‘i Hikmatullo To‘rayevning bildirishicha, hozirgi kunda ulardagi bu maktabga oid barcha hujjatlar tergov bo‘layotgani bois ichki ishlar bo‘limiga topshirilgan.

0.15 gektar maydonning noqonuniy o‘zlashtirilgani to‘g‘risidagi fakt yuzasidan tuman IIB va prokuraturasi tomonidan ham surishtiruvlar o‘tkazilgan bo‘lib, ularda jumladan shunday xulosalar berilgan:

«Bobonazarova Nigoroy Onarboyevna 51-umumta’lim maktabi direktori lavozimida ishlab kelib, jinoyat sodir etish yo‘liga kirib, o‘z mansab vakolatidan qasddan foydalanib, suiste’mol qilib, qonunda belgilangan vakolatlaridan chetga chiqib, maktab umumiy yer hududining 0.15 ga maydonini faraz qilingan huquqlarni o‘zboshimchalik bilan amalga oshirib egallab olgan va yakka tartibdagi uy-joy qurgan. Bu orqali JKning 206-moddasi 1-qismida va faraz qilingan huquqlarni o‘zboshimchalik bilan qo‘llab, JKning 229-moddasida ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir etgan.

Shuningdek N. Bobonazarova jinoiy harakatlarini davom ettirib, Oltinko‘l tumani Xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limi (XTMFMT va TEB) ga qarashli 51-maktab hududini noqonuniy egallab olganini yashirish maqsadida Oltinko‘l tumani Yer resurslari va davlat kadastri xizmati DUK sobiq rahbari Hakimov Azimjon bilan jinoiy til biriktirib, rasmiy hujjat hisoblangan Oltinko‘l tuman hokimining 06.10.2014-yildagi 418-Q-qarori, yer uchastkalariga bo‘lgan davlat huquqining ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi AN0006077-seriyali guvohnoma va kadastr hujjatlaridagi maktabning umumiy maydoni 2.013 ga ko‘rsatkichlarini o‘chirib, o‘rniga maktabning 1.85 ga ekanligi haqidagi soxta ma’lumot va hujjatlarni kiritib, davlat va jamoat manfaatlariga jiddiy ziyon yetkazgan» — deyiladi Oltinko‘l tuman IIB tomonidan sudga taqdim etilgan tergov hujjatlarida.

«Jinoyat ishi bo‘yicha N.Bobonazarovaga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 205-moddasi 1-qismi, 206-moddasi 1-qismi, 209-moddasi 1-qismi va 229-moddasi bilan ayblov e’lon qilinib, munosib xulq-atvorda bo‘lish haqida tilxat ehtiyot chorasi qo‘llanilgan va 23.06.2017-yil kuni JPK 381-moddasi tartibida sud muhokamasiga yuborilgan». Bu Oltinko‘l tuman prokuraturasi tomonidan №24/467m-17 raqam bilan ariza yo‘llovchilarga berilgan javobdan parcha.

2017-yil 15-sentyabr kuni bu ish jinoyat ishlari bo‘yicha Baliqchi tuman sudida, sudya M.I.Siddiqov raisligida ko‘rib chiqilgan va Nigoroy Bobonazarova 205-moddasi 1-qismi, 209-moddasi 1-qismi va 229-moddasi bilan aybdor deb topilib, 1 (bir) yil 6 (olti) oy muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Lekin, tuman xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limi rahbari Shukrullo Ikromovning bildirishicha, N.Bobonazarovaning ish beruvchisi viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi hisoblanadi. Unga shu paytga qadar direktorni ishdan chetlashtirish haqida buyruq kelmagan. Qiziq holat, sud hukmi ustunmi yoki idoraviy hujjat? O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi 114-moddasida «sud hokimiyati chiqargan hujjatlar barcha davlat organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiydir», deb belgilab qo‘yilgan. Nahotki, janob Shukrullo Ikromov va boshqa mutasaddilar bundan bexabar bo‘lsa?!

Jarayon bundan keyin davom etib, bu ish Farg‘ona viloyat fuqarolik sudida ham ko‘rilgan. Ammo masalaga yechim topilmaydi. Voqea joyiga chiqib o‘rganganimizda tomonlar bir-birlarini kurakda turmaydigan so‘zlar bilan yaxshigina siylashdi. Nigoroy Bobonazarova ariza yo‘llaganlarni noqonuniy diniy ta’limot berganlikda va hatto ekstremizmda ayblagan bo‘lsa, qizi Dilshoda Bobonazarova onasiga nisbatan shikoyatlar davom etadigan bo‘lsa ularning hayotiga nuqta qo‘yish bilan tahdid qildi.

Shu o‘rinda bir ma’lumot. Dilshoda Bobonazarova ko‘pchilik guvohlar oldida aytgan ushbu so‘zlari uchun jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin. Zero, Jinoyat kodeksining 112-moddasiga ko‘ra, o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish, agar bu harakat amalga oshirilishidan xavfsirash uchun yetarli asoslar mavjud bo‘lsa, eng kam oylik ish haqining yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi. Shu bois bu ishni qilishgina emas, aytishdan ham tiyilish kerak. Aks holda oqibati yaxshi bo‘lmaydi.

Aytishlaricha, mojaro va shikoyatlar yozish 10 yildan buyon davom etib kelmoqda. Shikoyat yozuvchilarning hammasi erkaklar, ulardan biri hatto Dilshoda Bobonazarova bilan sinfdosh. Dilshoda turmushidan ajrashgan va ikki nafar farzandi bilan shu hovlida yashaydi. Uy-joy buzilsa, farzandlari bilan boshpanasiz qolishi mumkin.

Shuningdek, ariza yo‘llaganlar maktab hududi hisobidagi yer maydoni odamlarga ekin-tikin qilish uchun ijaraga berilishi, ammo tushgan mablag‘ kirim qilinmasligi, atrofdagi teraklar ham kesilib sotib yuborilganini ta’kidlashdi. Hozirda hosil yig‘ishtirib olingan, endi bunga oydinlik kiritish mushkul. Ammo o‘qituvchilarning ayrimlari bu hudud o‘zlari tomonidan ishlatib kelishganini aytishdi. Buni ham tasdiqlab bo‘lmadi, biroq ko‘pchilik bir ovozdan yer mahalliy aholiga ijaraga berilishini aytishdi. Teraklar ham maktab o‘tin zahirasi uchun kesilgani aytilgan bo‘lsa-da, omborda ularning ildizlaridan boshqa o‘tinni ko‘rmadik, qolaversa, tayyor terakni o‘tinga ishlatish mantiqqa ham to‘g‘ri kelmaydi.

Bir mahalla aholisi, yaqin qo‘shnilarning bir-birlariga qarshi bu darajada dushmanlik kayfiyatida bo‘lishi g‘oyat taajjublanarli. Maktab direktori sifatida Nigoroy Bobonazarova ishlab turgani uchun ariza yozuvchilardan biri Inomiddin Turdiyev hatto ikki nafar farzandini maktabga jo‘natmay qo‘ygan. O‘zining aytishi bo‘yicha u farzandlarining sog‘ligidan, direktor tazyiqidan xavfsiraydi.

Nima bo‘lganda ham qonun buzilish holatlari yaqqol ko‘rinib turgan bu mojaro faqat suddagina hal etilishi mumkinligi ayon. Shu bois 2018-yil 4-yanvar sanasida aynan shu maktab binosida sayyor sud o‘tkazilishi belgilangan. Shuningdek, tuman prokuraturasi tomonidan ham fuqarolik sudiga uy-joyni buzish bo‘yicha taqdimnoma kiritilganki, bu ish ham alohida ko‘riladi. Biz esa voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.

Abror Zohidov, Jahongir Qosimov,
«Xabar.uz» axborot-tahliliy portalining maxsus muxbirlari

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring