Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Tursunali Akbarov

Yig‘lab borma, ho‘ngrab chiqadi!

Ekstremistik oqimning «qo‘lbola» a’zolari

Ekstremistik oqimning «qo‘lbola» a’zolari

Foto: «Sputnik»

Bu jinoyatning fosh etilishi ko‘plab hisobotlarga bezak bo‘lgani, aybdorlarni ushlab, go‘yoki jazo muqarrarligini ta’minlagan shovvozlar rag‘batlarga ko‘milganining ehtimoli katta. Axir nomining o‘ziyoq xunuk bo‘lgan diniy oqimga a’zo naq o‘n uch nafar kishidan iborat jinoiy guruhning qilmishlarini aniqlash  hazilakam ishmi?  Fosh etilgan jinoyat suddan silliqina o‘tib, aybdorlar turli jazolarga mustahiq etildiki, bu endi ortiqcha bahs-munozaraga o‘rin qoldirmaydi odatda.

Biroq hukm qat’iy emas, shikoyatga o‘rin bor: bugunga kelib mahkumlar miq etmay jazoni o‘tab ulgurgan bo‘lishsa ham!  Zotan, o‘tgan vaqt davomida ko‘p qorlar yoqqaniga qaramay izlar ko‘milib ketmadi: «mana man!» deb turibdi.

Bu izlar avvalo sud hujjatlarida ko‘rinadi. Chunki «jinoyat»ni (shu so‘zni qo‘shtirnoqqa olish fursati yetdi) fosh etishga tuman sudi sharoit yaratib bergan bo‘lsa, unga «qonuniy nuqta»ni viloyat sudi qo‘ydi go‘yo...

Savol tug‘ilishi mumkin: jinoyatlar fosh etilishiga sudlarning ko‘pam daxli yo‘q, ular tayyor «ish»ni ko‘rib, hukm chiqaradi, baski, sudyalarga pisanda qilishning boisi ne?

Javobni yoyibroq bayon qilishga to‘g‘ri keladi.

Amaliyotda qo‘llab kelingan «ajoyib» tajriba bor: biror og‘irroq jinoyatda gumonlanayotgan shaxs avvaliga 10-15 sutka ma’muriy qamoqqa olinadi. Negaki, 48 soatda (ilgari 72 soat edi) gumonni isbotlash ancha mushkul ish, bu muddatdan ko‘p ushlab turishga qonun izn bermaydi.  «Ichkari»da ko‘proq ushlab turish uchun qonuniy asos lozim. Bunday qonuniy asos ma’muriy huquqbuzarlikka oid  ish «yasash» bilan yuzaga keltiriladi. Ichki ishlar idoralariga yordam berib yuradigan «ko‘ngillilar» kam emas.  Odatda o‘sha «ko‘ngillilar»dan biri ariza yozadiki, falonchi meni haqoratladi (urdi, so‘kdi, tegindi va h.) deb... Ariza bor ekan, ma’muriy «delo» yasash cho‘t bo‘ptimi? Muhimi – «jabrlanuvchi» naqd, ko‘pincha hatto guvoh ham shart emas. Negaki, bunaqangi «ishlar» suddan o‘tishi tayin-da: avvaldan sudyaga «tayinlab» qo‘yiladi!

Alqissa, yumaloq-yostiq «ma’muriy ish» yuzasidan sudya falonchiga kamida 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlaydi (ba’zi holatlarda falonchilar jazo olganini bilmay ham qoladi).  

Ma’muriy qamoq jazosini o‘tash jarayonida gumon isbotlanishi ham mumkin. Mabodo, aksi bo‘lsa, muammo yo‘q: falonchi asossiz «o‘tirmadi»,   berilgan jazoni o‘tadi, vassalom! Bunday bedodlikdan keyinroq arz qilish mumkinmi? Yo‘g‘-a, aksariyat falonchi arz qilish tugul, «mehmondorchilik»dan qutulganiga shukur qiladi, «mezbonlar» haqqiga duo qilishiyam hech gapmas. Irodasi bo‘shroqlar-ku, ochilmay yotgan birorta yengilroq, jazosi jarimadan nariga bormaydigan jinoyatni bo‘yniga olishiyam mumkin: kaltak yeyaverganidan ko‘ra shunisi ma’qul-da. Qarabsizki, ikki tomon ham mamnun: «gumondor» oson qutulganidan, «operlar» muallaq jinoyatlardan bittasi «ochilganidan»...

Bunday «samaradorlikka» ma’muriy qamoq jazosi tayinlashga «saxiy» sudyalarsiz erishib bo‘ladimi?

...Nishon tumanida ham shu «tajriba» qo‘llanganu, ammo uyum-uyum «qovun» tushirilgan ko‘rinadi. Biroq viloyat sudining sudlanuvchilarga nisbatan ayblov hukmi chiqarishi yopiq qozon shundog‘ligicha qolishiga olib keldi...

Gap shundaki, 2010 yilning sentyabr oyi o‘rtalarida Qashqadaryo  viloyati Nishon tumani «Kaptarli» mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi 18 nafar fuqaro birin-ketin 10 sutkadan (har biri) ma’muriy qamoq jazosiga mustahiq etiladi. Emishki, ularning aksariyati deyarli bir kunda Nishon tumani Nuriston shaharchasida istiqomat qiluvchi Aziza Avazova degan ayolga «tegajog‘lik» qilibdi?! Yana qayerda deng, Qarshi tumani IIB binosi oldida?! Hayratda qolmay iloj yo‘q: Aziza Avazova qanday «huriliqo» ekanki, IIBga chaqirilgani sababini bilolmay gangib turgan kap-katta odamlarning tashvishi esdan chiqib, tilidan tushov tushaversa-ya?! Shuning o‘ziyoq aqlga sig‘maydi. «Huquqbuzarlar» orasida biri hojilik maqomiga erishgan fermer, biri qishloq imomi, yana biri Toshkent islom instituti talabasi bo‘lgan uch aka-ukaning borligiga nima deysiz?! Sud qarorlariga ko‘ra, Abduxalil Toshpo‘latov (1965 y.t.) 2010 yilning 15 sentyabr kuni kunduz soat 14.00 atrofida, ukasi Abdumajid Toshpo‘latov (1969 y.t.) shu kuni soat 16.00 atrofida, oradan o‘n kun o‘tib, 25 sentyabr kuni kunduz soat 11.00 atrofida esa Abdujabbor Toshpo‘latov  (1977 y.t.) Aziza Avazovaga «tegajog‘lik» qilgani uchun 10 sutkadan jazo olishibdi! Tavbangdan ketay, huru g‘ilmonlarda ham bunchalar ko‘p «oshiq» bo‘lmas, a?.. (aytgancha, 18 nafar «huquqbuzarlar» orasida Aziza Avazova «tegajog‘lik» qilishga ulgurmaganlarning «aybi»ni Zilola Hamroyeva degan yana bir «ko‘ngilli» fosh etadi!)

Kurak tugul, tuvakda turmaydigan bunaqa ayblov jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi tuman sudi raisi R.Tulayevda shubha uyg‘otmagani-chi?

Sudyaning «shilqimlar»ga nisbatan yoppasiga 10 sutkalik ma’muriy qamoq jazosi belgilashi natija bermay qolmadi. Natijaki, jazo muddati tugab-tugamay 18 nafar «huquqbuzar»ning 13 nafari qandaydir diniy oqim a’zosiga, qolgan 5 nafari esa ularning jinoyati guvohiga «aylanishdi»...

Bu gaplar aytishgagina oson, yozishgagina oson...

 «Huquqbuzar»lar «ichkarida» qanday azoblarga giriftor etilganini bayon qilmoqqa hojat bormikan? O‘h, tasavvur qilmoqning o‘zi dahshat! Azoblar dastidan ular diniy oqimga a’zolik ne, kerak bo‘lsa, AQShning maqtul prezidenti Jon Kennedi qotilligini ham bo‘yniga olvorishi hech gap emas. Bo‘ldi, boshqacha qiyos ortiqcha.

Aybdorlar o‘z qilmishini «tan olishi», bunga «guvoh»lar ham topilgani, toki dalil yo‘q ekan, jinoyat to‘la-to‘kis fosh etilganini anglatmaydi. Shuncha ishni uddalagan shovvozlar uchun dalil topish muammosi yo‘q. Ayblanuvchilarning uyi tintuv qilinsa, kerakli dalillar «aji-i» deb o‘z oyog‘i bilan chiqishi mumkin. Shunday bo‘ldi ham: ular xonadoni tit-piti chiqarilganda «arab yozuvida yozilgan (hukmda shunday yozilgan – muallif) qator kitoblar, yaktak(!), tasbeh(?!), turli xil dorivor o‘simliklar(?!), «Zikr ahlidan so‘rang» kitobi, Qur’oni karim, bir qancha DVD disklar...» topildiki, biri bo‘lmasa, boshqasi «dalil»ga yarab qolar?

O‘zbekston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ekspertlari «dalillar» orasidan faqat bitta — «Murojaat» degan filmda, muxtasar aytganda, buzg‘unchi g‘oyalar mavjud ma’nosida xulosa berdi. Bu xulosadan boshqa «dalillar»da mutaassiblik alomatlari ham, jinoyatga aloqadorlik darajasi ham yo‘q degan ma’noni uqish mumkin.

O‘sha filmni ko‘rgan hamma bir dumalab mutaassibga aylanib qoladimi?

Bu endi hamon ochiq turgan katta savol.

Shunga qaramay shugina dalil jinoyat ishida katta tosh bossa deng?!

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyat sudi sudyasi R.Beknazarov raisligi o‘tgan sud majlisida, turgan gapki, sudlanuvchilarning birortasi aybini tan olgani yo‘q. Ularga qo‘shilib guvohlar(!) ham tergov paytida barcha ko‘rsatmalar jismoniy qiynoq evaziga olinganini bildirishdi. Sudlanuvchilarning ayblovni inkor etishi, guvohlar ham ularga qarshi bergan ko‘rsatmalarini tasdiqlamasligi, boz dalilning g‘aribligi «jinoyat ishi» chok-chokidan so‘kilganini anglatadi aslida... Biroq sudya bunga ishonsa qani?! Uning nazdida qiynoq evaziga ko‘rsatma olinishi «ishonchga sazovor emas», aksincha, tergovda jarayonidagi «iqrornomalar» o‘ta ishonchli ekan?!

Qashqadaryoning ayrim sudyalari boshqa sayyoradan tushganmi devorasan-da. Ularning nazdida «qo‘lbola» ma’muriy ishlardagi «shilqimlik»lar – ishonchli; ma’muriy jazolar ehtiyot chorasi sifatida  qamoqqa olinishga halqa misol ulanib ketganida ham hech qanday g‘aritabiiylik yo‘q. Ammo o‘n sakkiz nafar sudlanuvchi-yu guvohning qiynoqqa solingani haqidagi bir xil mazmundagi ko‘rsatmalari «ishonchga sazovor emas»?! Bunisi holva, sudlanuvchilaru guvohlarga yopishtirilgan o‘nlab ma’muriy huquqbuzarlikka oid «ish»da bittagina ayol «jabrlanuvchi»  bo‘layotgani, o‘sha «ofatijon»lar ayrim sudlanuvchilar xonadoni tintuv qilinganda «xolis» tariqasida ishtirok etishiga(!), jilla qursa, ensasi qotmaydi hatto!..

«Dod!» devormoqqa shu manzaralar kifoya emasmi?

Shu tariqa sudlanuvchilar olti yildan to‘qqiz yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum qilindi!..

Zuvalasi zulm loyiga qorilgan «jinoyat ishi»ni bayon qilib o‘tirmadik, zero, qilmishlarini «...dastlab o‘z oila a’zolari, yaqin qarindoshlarini islom diniga kiritib(?!)... o‘tkazilayotgan to‘ylar, har xil marosimlarni bid’at hisoblab(!), asrlar davomida shakllanib kelgan urf-odatlarimizni pisand qilmay... ayollarini hijobda yurishga majbur qilib... to‘ylarda aroq ichmaslik...»ka da’vat qilishdan «boshlagan» sho‘rliklarning «jihodchiga» aylanmasligi tabiiydek go‘yo...

Darvoqe, sud hukmida sudlanuvchilar, xossatan, aka-uka Toshpo‘latovlar «biror-bir foydali mehnat bilan shug‘ullanmaganliklari» ta’kidlanadi. Aslida Abduxalil Toshpo‘latov tumandagi «Hoji ota» fermer xo‘jaligi rahbari, ukasi shu xo‘jalikda ishlashi barobarida Kaptarli qishlog‘ining rasmiy imomi, kenja Abdujabbor esa, yuqorida aytdik, Toshkent islom institutining ikkinchi bosqich talabasi edi. Ko‘rinadiki, qamoqqa olinishidan avval og‘a-inilar o‘z ish o‘rinlariga ega bo‘lishsa, mana endi «ijtimoiy foydali mehnat bilan shug‘ullanmay» halak. Negaki, jinoiy javobgarlikka tortilishi hamono fermer xo‘jaligi (har yili davlat majburiyatlarini ortig‘i bilan bajarganiga qaramay!) tugatilgan, uch oilaning iqtisodiy ahvoli tang. O‘zlaridan tashqari qarindosh-urug‘lari tortgan iztiroblar natijasida ko‘plari xastalikka chalinishgan ham. Ne umidlar bilan islom institutida tahsil olayotgan kenja Toshpo‘latov o‘qishga tiklanish orzusida yuribdi...

Xo‘sh, endi do‘ppini yonga qo‘yib, tafakkur qilaylik: o‘n sakkiz nafar insonning «qo‘lbola» ayblovlar bilan javobgarlikka tortilishidan kim foyda topdi? IIB izquvarlarimi? Tergovchi yoki ayblov xulosasini gajakdor imzosi bilan tasdiqlagan prokurormi? Ko‘zni «chirt yumib» hukm o‘qigan sudyalarmi?

Jamiyat-chi?

Izohlar 2

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring