Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yevropa Ittifoqi Adliya vazirligiga 10 mln yevro miqdorida beg‘araz grant ajratdi

Yevropa Ittifoqi Adliya vazirligiga 10 mln yevro miqdorida beg‘araz grant ajratdi

Foto: Adliya vazirligi matbuot xizmati

Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga 10 mln yevro miqdorida beg‘araz grant ajratdi.

Adliya vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, bitim adliya vazirining birinchi o‘rinbosari N. Jo‘rayev hamda Markaziy Osiyo va YeI hamkorligini rivojlantirish departamenti direktori Per Amilxat tomonidan 21- noyabr kuni Bryussel shahrida bo‘lib o‘tgan «O‘zbekiston—Yevropa Ittifoqi» Hamkorlik kengashining 14-yig‘ilishidagi ishtiroki davomida imzolandi.

5 yilga mo‘ljallangan grant bitimi davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini yaxshilashga qaratilgan qator tadbirlarni moliyalashtirishni ko‘zda tutadi.

Xususan, loyihada Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi, uning hududiy bo‘linmalari va Davlat xizmatlari markazlarini texnik jihatdan jihozlash, jumladan, server, kompyuter, tarmoq, telekommunikatsiya uskunalari, elektron navbat tizimi va videokuzatuv moslamalarini xarid qilish ham ko‘zda tutilgan.

5 ta tajriba hududi (Jizzax, Sirdaryo, Surxondaryo, Qashqadaryo, Xorazm viloyatlari)da davlat xizmatlari sifati va tezkorligini yaxshilash bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish, ularda Innovatsiya g‘oyalari va ishlanmalari markazlarini tashkil qilish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, grant doirasida ixtisoslashgan davlat xizmatlari veb-portali, mutasaddi organlar va davlat xizmatlari markazlari o‘rtasida axborot almashish, mobil ilovalar orqali onlayn tarzda davlat xizmatlari ko‘rsatish uchun integratsiyalashgan ma’lumotlar bazasi tashkil qilish ko‘zda tutilmoqda.

Innovatsion texnologiyalarni joriy etish doirasida mazkur bitim blokcheyn-texnologiyalari, Davlat xizmatlari markazlari xodimlari faoliyati samaradorligini rejalashtirish va baholashning zamonaviy usullarini joriy etishga qaratilgan.

Shuningdek, Adliya vazirligi va Davlat xizmatlari agentligi xodimlarining xorijiy ta’lim muassasalarida malakasini oshirish bo‘yicha ham hamkorlikda qator ishlar amalga oshiriladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring