Shuhrat Sattorov

Har bir odam o‘z baxtining me’mori!

Fan olimpiadalarining narxi qancha?

Fan olimpiadalarining narxi qancha?

Foto: «Times Higher Education»

Korrupsiya tarixi insoniyat tarixi kabi ko‘hnadir. Qadimgi yunon faylasufi Aristotel shunday degan edi: «Har qanday davlat tuzumida eng muhimi — bu qonunlar va tartib-qoidalar vositasida ishni shunday tashkil etishki, mansabdor shaxslar qing‘ir yo‘l bilan boylik orttira olmasin». Platon o‘zining «Qonunlar» asarida poraxo‘rlikni «sharmandalik» deya ta’kidlab o‘tgan edi. Qadimgi davrlarda O‘zbekiston hududida mavjud bo‘lgan davlatlarda ham poraxo‘rlik og‘ir jinoyat hisoblangan va aybdorlarga o‘ta og‘ir jazolar tayinlangan.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning har bir chiqishida jamiyatni orqaga tortayotgan bu mavzu qayta va qayta ko‘tarilmoqda. Prokurorlar, moliyachilar, sud-huquq sohasi bunday manfur jinoyatga qo‘l urayotgan qallob va muttahamlardan tozalanmoqda. Biroq korrupsiyaning beshiklariga odam ancha vaqtli, bolaligida, o‘quvchiligida duch kelmoqda. Aniqrog‘i, ta’lim tizimida.

Quyida men uchun yaqin, jamiyatda o‘z o‘rniga ega, har biri ustozimday yaqin insonlarning ijtimoiy tarmoqda e’lon qilgan og‘riqli hikoyalarini bayon qilmoqchiman.

Amrullo Karimov, jurnalist:

«Qishki ta’til tugashiga juda kam vaqt qoldi. Odatda ta’tilda maktab miqyosida bilimlar bellashuvi va olimpiadalar bo‘lib o‘tadi. O‘g‘lim bekor yurmaslik uchun huquqshunoslikdan bilimlar bellashuviga qatnashdi. Bir necha kun kitob o‘qidi, tayyorlandi, natijani so‘rasam indamadi. Ma’lum vaqt o‘tgach, o‘zi yorildi. Sinfdoshi birinchi o‘rinni olganini aytdi. U bilimlimi desam, «Negadir o‘qituvchimiz sinov boshlangach, uni qandaydir qog‘ozlarni nusxa ko‘chirib kel, deb jo‘natdi. Ammo, u hammadan yuqori — 100 foiz natija ko‘rsatibdi. Bilishimcha, u savollarga javobni tashqarida opasiga ishlatib kirdi» — deb qoldi. Men o‘g‘limning fikriga hech qanday munosabat bildirolmadim. Yuragim og‘ridi. Korrupsiyaning maktabdagi ko‘rinishimi bu?!

Kundaligida 2-chorak mobaynida har kuni 4-5 tadan «A’lo» baho ko‘rinadi. Sinf rahbari «Rahmat!» deb yozib yuboradi. Imkon qadar tayyorlanyapti. Bunday haqsizlikni ko‘rgach, intilishi susaymasmikin, degan hadik menga tinchlik bermayapti».

Malohat Usmonova, jurnalist:

«Qizim ham ingliz tilidan bilimlar sinovida ishtirok etdi. O‘sha kuni jig‘ibiyron bo‘lib keldi. Maktabimdagi o‘qituvchilarimni yomon ko‘rib ketyapman, dedi. Sababi, birinchi va ikkinchi o‘rinlarni olgan bolalarga ingliz tilidan imtihon olgan o‘qituvchi uyida ularga qo‘shimcha dars o‘tar ekan. Yegan og‘iz uyalar, deganlariday o‘rinlarni ana shu o‘quvchilarga taqsimlab beribdi. Vaholanki, o‘rin olgan o‘quvchilar u qadar ham bilimdon emas ekan».

Bunday holatlar qayerdan kelib chiqyapti, degan savol tug‘iladi? Bilasizmi, men shu materialni tayyorlash jarayonida o‘ndan ziyod pedagog tanishlarim bilan suhbatlashdim. Ularning fikrlariga ko‘ra, olimpiadada o‘quvchisi biror fandan tuman bosqichida o‘rin olgan o‘qituvchining toifasi oshiriladi, natijada oylik ham oshadi. Qolaversa, o‘qituvchini nega biror o‘quvching tumanda o‘rin olmayapti degan mazmundagi niqtovlar ham og‘ir vaziyatga solib qo‘yadi.

Qarabsizki, o‘z-o‘zidan «tanish-bilishchilik», korrupsiya yuzaga keladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda fan olimpiadasining tuman bosqichida o‘rin olish o‘rtacha 50-100 AQSh dollariga baholangan! Bu — dahshatli haqiqat! Minglab ana shunday jinoyatlar sodir bo‘lmoqda. Bir necha minglab yoshlarning ko‘ngli cho‘kib qolmoqda, davlatga nisbatan, hukumat mansabdoriga nisbatan hafsalasi pir bo‘lmoqda. Ular hayotdagi muvaffaqqiyatlarni korrupsiya, poraxo‘rlik belgilar ekan, degan xato fikrga, to‘xtamga kelishmoqda!

Nega bunchalar asabiylashyapman? Boisi, bir necha o‘n yillar ilgari o‘zim ham bunday nohaqliklarning qurboni bo‘lganman. Afsuski, o‘shanda mening ovozimni hech kim eshitmas, o‘shanda ojiz otam ko‘zimga xijolatomuz tikilishdan boshqa chora topa olmagan edi. Bu maqolani men buyurtma uchun yoki o‘zimning shaxsiy manfaatim uchun yozayotganim yo‘q. Bu orqali kimgadir qora chaplagim ham yo‘q. Bilaman, Xalq ta’limi vazirligi rahbariyati harakat qilmoqda, tizimni yangilash chorasini ko‘rmoqda.

Korrupsiya va poraxo‘rlik misoli saraton: bu xastalik fuqaroning davlatga nisbatan, demokratiyaga nisbatan ishonch-e’tiqodini yeydi. Bu balo fuqaroning innovatsiyalarni amalga oshirish hamda yaratuvchanlik qobiliyatini yo‘qqa chiqaradi va butun boshli yangi avlodning iste’dodini inkor qiladi, ishchi o‘rnilarni yo‘qqa chiqarib, sarmoyadorlarni uzoqlashtiradi.

Bugun esa men jurnalistman — oqni oq, qorani qora deyishga o‘rganganman. Kun kelib mening bolalarim ham ana shu muttahamlikning qurboni bo‘lishlari mumkinligini o‘ylab barchani ogohlikka chorlamoqchiman.