Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Farg‘onada ayrim banklarning mutasaddilariga nisbatan jinoyat ishi ochildi

Farg‘onada ayrim banklarning mutasaddilariga nisbatan jinoyat ishi ochildi

Foto: «Kapital»

Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanida o‘tkazilgan monitoring jarayonida tijorat banklari tomonidan 259 ta issiqxona qurilishi, 11806 bosh parranda va limon ko‘chatlari sotib olinishi uchun ajratilgan 2 milliard 171 million so‘mlik kredit mablag‘lari o‘z egalariga yetib bormagani yoki boshqa asoslarga ko‘ra joyida mavjud emasligi aniqlandi. Bu haqda viloyat prokuraturasi bo‘lim prokurori Otabek Toshmatov hamda jurnalist Xurshid Sultonov hammuallifligida «Adolat» gazetasida e’lon qilingan maqolada so‘z boradi.

Farg‘ona viloyat prokuraturasi tomonidan Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, Xalq banki va «Agrobank»ning tuman filiallari hamda tumandagi agrofirmalar mansabdorlariga nisbatan Jinoyat kodeksining 205-moddasi 2-qismi «a» bandi va 167-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Ayni paytda tergov harakatlari yakunlanib, jinoyat ishlari ayblov xulosasi bilan sudga oshirilgan.

Maqolada aytilishicha, yuqorida tilga olingan banklarning viloyat filiallari yoki Markaziy bankning Farg‘ona viloyat bosh boshqarmasi tomonidan joylarda kreditlarning maqsadli sarflanishi yuzasidan to‘laqonli monitoring olib borilganida yuqoridagi kabi noxush holatlarga yo‘l qo‘yilmasdi. 

Viloyat prokuraturasi organlari tomonidan yerlardan oqilona foydalanish, yer ajratishda suiiste’molchilik va tanish-bilishchilikka yo‘l qo‘ymaslik borasida ham doimiy nazorat olib borilmoqda. 2017-yilda 51 ta holatda 45,4 gektar yerdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi. Masalan, Dang‘ara tuman hokimligi, yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi mansabdorlari tuman hokimining 2002-yil 1-iyundagi 434/6-qaroridan ko‘chirmalarni qalbakilashtirib, 1319-konturdagi 0,30 gektar yerni qonunga xilof ravishda Qo‘qon shahrida yashovchi M.Rasulov, M.Sodiqova, E.Xudoyberdiyev, P.Meliboyevlarga ajratib berishgan. Shu bilan birga, fuqarolar o‘zboshimchalik bilan qurgan uy-joylarni foydalanishga qabul qilish va egalik huquqini berish haqida tuman hokimining 2014-yil 26-fevraldagi 128- hamda 2016-yil 1 iyuldagi 578- va 581-qarorlari qabul qilinishiga erishishgan. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 207-moddasi 1-qismi, 209-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, aybdor shaxslarga nisbatan jazo muqarrarligi ta’minlandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring