Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Gap boshqa, amal boshqa-mi? Narpaydagi boshboshdoqlik va huquqning poymol qilinishi haqida

Gap boshqa, amal boshqa-mi? Narpaydagi boshboshdoqlik va huquqning poymol qilinishi haqida

Qonunlarimizga gap bo‘lishi mumkinmas. Xususan, inson huquqlariga bog‘liq barcha huquqiy hujjatlarda belgilangan me’yorlar, aytish kerak, uncha-muncha bahslardan xoli. Biroq, Prezidentimiz aytganidek, qonun qabul qilinishi bu – ishning yarmi. Gap uning amaldagi ijrosida. Shundan keyingina qonun ustuvorligi haqida baralla gapirish mumkin bo‘ladi.

Bugun fuqarolarning o‘zlarini qiynab kelayotgan muammolar haqida ochiq-oshkora murojaat qilishga keng imkoniyatlar berilgan. Bundan tashqari, poytaxtdagi katta-kichik rahbarlarning kuni viloyat va tumanlarda o‘tmoqda. Maqsad – xalq bilan yaqin bo‘lib, ularning dardiga malham bo‘lish. Bu boradagi ijobiy natijalardan ko‘z yumush noshukurlik bo‘ladi, albatta. Shunga qaramay  fuqarolarning azr-shikoyatlari kamayib qolayotgani yo‘q. Bu jarayondagi eng ajablanarli holat shundaki, aksariyat fuqarolar kimdan yoki qaysi tashkilotdan shikoyat qilsa, arznoma o‘shalarning o‘ziga yuborilishidir! Bunday holatda muammoga yechim topilishi ehtimoli juda past ekani «ikki karra ikki – to‘rt»dek ayon. Rost-da, qaysi amaldor o‘zining ustidan yozgan fuqaroni alqab, rahmat aytib, dardiga malham bo‘lishi mumkin?!

Buni Samarqand viloyatining Narpay tumani misolida ko‘rib chiqsak.

Sir emas, mamlakatimizda qishloq joylarida istiqomat qiluvchi aholining turmushini yaxshilash, ularning bandligi masalasi davlatning alohida e’tiborida turibdi. Qishloq aholisi uchun asosiy ish ham, daromad manbai ham asosan bitta – yer! Boshqa tumanlar qatori Narpay tumani aholisiga ham ma’lum miqdorda yer ajratilgan bo‘lib, undan asl dehqonlar uch marotalab, ayrimlari baholi-qudrat foydalanib, oila a’zolari bilan ishlab,  ro‘zg‘or tebratib kelishayotgan edi. 2018-yil yanvar oyining ikkinchi yarmida Narpay tumani IIB xodimlari (!) tomonidan o‘zlariga biriktirilgan haydov texnikalari bilan dehqon xo‘jaliklari va tomorqa uchun berilgan yer maydonlari... to‘satdan shudgorlab tashlandi!

Yer egalarining o‘sib turgan qishki ekinlari so‘roqsiz, oldindan ogohlantirishsiz payhon qilinib, ochiqchasiga tortib olindi. Yeridan ajrab qolgan dehqonlarga yerni qayta haydash, ekishda birorta texnika berilishi ta’qiqlandi. Hatto shaxsiy traktor egalari ham birma-bir ogohlantirilib, kimda-kim o‘zining shaxsiy yer maydonidan tashqari boshqa shaxsning dehqon xo‘jaligi yoki tomorqasiga ishlov bersa, texnikasi olib qo‘yilishi bilan tahdid qilindi. Shu tariqa yanvar oyida buzib tashlangan yer maydonlariga aholi tomonidan ishlov berish, ekin ekishga qilingan qarshilik tufayli aprel oyiga kelib, fermerlarga majburiy paxta ektirib tashlashdi.

Savol tug‘ilishi tabiiy: oddiy hech qursa ogohlantirish, nimalarnidir tushuntirish o‘rniga yerning zo‘rlik bilan tortib olinishini qanday tushunish mumkin?

Nega bu ishga aynan IIB xodimlari jalb etildi?

Qizig‘i, Narpay aholisining viloyat, respublika miqyosida turli idoralarga yordam so‘rab qayta-qayta qilgan murojaatlari aynan shu ishni boshida turgan tuman mutasaddilarining o‘zlariga yuborilmoqda. Avvalo, xalqning arz-dodini eshitish, yer qonuniy qaytarilgani yoki o‘zboshimchalik bilan tortib olinganiga huquqiy baho berilmasdan, payhon qilingan ekinlarga agroxulosa berish, aybdorlarga nisbatan tegishli choralar ko‘rish masalasi ochiq qolmoqda. Bugunga qadar shunchaki til uchida, yuzaki javob xatlaridan kelib chiqib aytish mumkinki, hozirga qadar bu holatga asosli oydinlik kiritilganicha yo‘q. Javob xatlaridan ko‘rinishicha, yer egalarining yuqori turuvchi idoralar, hatto Prezident devoniga qilingan murojaatlar ham asosan viloyat mas’ullariga, viloyatdan Narpay tumani hokimi, asosan tuman prokurori e’tiboriga havola etib kelingan.

O‘z navbatida, tuman prokurori ushbu masalani ko‘rib chiqishni so‘rab bir gal tuman agrosanoat boshqarmasiga, boshqa safar tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi rahbariga o‘tkazib, shu tariqa murojaatlarga tagi puch javob xatlari yuborilib kelingan. Ushbu masala yuzasidan adliya vazirligiga qilingan murojaatlar ham Samarqand viloyat prokuraturasiga o‘tkazib yuborilgan va keyin viloyat prokuraturasi tuman prokuroriga, tuman prokurori yana...

Yaqinda O‘zbekiston tengsizlik darajasining pasayishiga moyillik indeksida jahonning 157 ta davlati ichida eng oxiridan bitta oldingi o‘rinni egallagani, bu borada faqat Nigeriyadan o‘zilgani e’lon qilindi. Mamlakatimizning bu darajada pasayib ketishi kam ta’minlangan mehnatkashlarni ekspluatatsiya qilish va ularning huquqini poymol qilishga izn berilishi bilan izohlanadi. Bu ko‘rsatkich kim va nimaning hisobiga ko‘tarilishi yoki tushishini anglash qiyin emas.        

Gap bir yoki bir necha bosar-tusarini bilmay qolgan boy-badavlat kimsalar haqida emas, asosan aholining eng nochor, kambag‘al qatlamiga mansub bo‘lgan yuzlab-minglab oddiy mehnatkash dehqonlar taqdiri haqida ketayotganini hech qachon unutmaslik kerak.

Sirojiddin Rustamov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring