Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

General qaytmoqda! (fotoreportaj)

General qaytmoqda! (fotoreportaj)

Foto: «Xabar.uz»

General Sobir Rahimov nomini ko‘plab yurtdoshlarimiz faxr bilan yodga olishadi. Ikkinchi jahon urushi yillarida fashizmga qarshi mardonavor kurashib, general harbiy unvoniga sazovor bo‘lgan ilk o‘zbek o‘g‘loni u. 

1902-yilning yanvarida Toshkentda tug‘ilgan bo‘lg‘usi general Mehribonlik uyida voyaga yetgan. 1925-yili Bokudagi harbiy maktabni bitirgan. Ikkinchi jahon urushi yillarida u motoo‘qchi polki qo‘mondoni o‘rinbosari, o‘qchi diviziya qo‘mondoni bo‘lgan. 1941-yil iyulida yaralanib, gospitalda davolangan. O‘sha yil noyabrida frontga qaytgan. 1943-yili unga general-mayor unvoni berilgan. 1945-yilning 26-mart kuni u boshidan yaralangan va 8 soatdan so‘ng gospitalda vafot etgan. Sobir Rahimovning qabri Toshkentda joylashgan. 1965-yili unga Sovet Ittifoqi qahramoni unvoni berilgan.

Uning xizmatlari O‘zbekistonda ham munosib e’tirof etilib, 1970-yili Toshkent shahrida  yangi tashkil etilgan tumanlardan biriga, keyinchalik, Toshkent metrosining bekatlaridan biriga birinchi o‘zbek generali nomi berilgan edi. Shuningdek, 1981-yili Sobir Rahimov nomi bilan ataluvchi tuman hokimligi binosi oldida uning haykali bunyod etilgan edi.

Biroq 2010-yili tuman nomi o‘zgartirilgach, 2011-yilning qishida ushbu haykal G‘ofur G‘ulom bog‘iga ko‘chirilgan edi. Bundan tashqari, metro bekatining nomi ham o‘zgartirilib, «Olmazor» nomi berilgan edi. Tuman nomini o‘zgartirishga matbuotda chop etilgan bir necha maqolalar sabab bo‘lgani aytiladi. Tuman mutasaddilari va olimlar jamoatchilik fikriga asoslanib, tumanga tarixiy nomini qaytarishni yoqlab chiqishgan edi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifi davomida Norin tumanida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida general Sobir Rahimov haykali avvalgi joyiga qaytarilishini ma’lum qilgani haqida xabar bergan edik.

— Mana, 9-may yaqinlashib kelyapti. Meni qiynab kelayotgan yana bitta masala bor. Shafqatsiz fashizm bilan kurashda urush maydonlarida qolib ketgan buyuk bobolarimiz bor. Shularni ichida birgina bo‘lgan general Sobir Rahimovning nomini eslamay ham qo‘ydik. Mana shu qahramon generalimizning haykalini tarix va adolat uchun tiklab qo‘ysak. Bu ish 9-maygacha amalga oshirilsa yaxshi bo‘lardi, — deb aytgan davlat rahbari.

Muxbirimiz Farrux Aliyev bugun, 4-may kuni Olmazor tumani hokimligiga borib, general Sobir Rahimov haykalini avvalgi o‘rniga qaytarish uchun ko‘rilayotgan hozirlik jarayoni bilan tanishib, fotoreportaj tayyorladi. Suratlarni ko‘zdan kechirib, jarayon qanday kechayotganiga o‘zingiz baho berishingiz mumkin.

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring