Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Hokimlarni deputat va senator bo‘lish huquqidan mahrum qilish kerak»

«Hokimlarni deputat va senator bo‘lish huquqidan mahrum qilish kerak»

Foto: Twitter

Twitter platformasida tashkil etilayotgan turkum audiochatlarning navbatdagisi hokimlar bir vaqtning o‘zida xalq deputatlari kengashlariga ham boshchilik qilishi haqidagi qoidani Konstitutsiyadan chiqarib tashlash masalasiga bag‘ishlandi.

Muloqotga Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari Odiljon Tojiyev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev, Sergeli tuman hokimi Elbek Shukurov, Konstitutsiyaviy komissiyaning eksperti, yuridik fanlari doktori Xayrullo Ro‘zmetov, Uchtepa tumani kengashi deputati Nuriddin Zayniddinov va boshqalar taklif etildi.

Muloqotda boshlovchilik qilgan Hikmatilla Ubaydullayev audiochatdan ko‘zlangan maqsad haqida gapirar ekan, qaysidir hokimning faoliyati emas, balki hokimiyat bo‘linishi prinsipi, ya’ni, o‘zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanatini ta’minlash bo‘yicha islohotlarning mazmun-mohiyati haqida kengroq ma’lumotga ega bo‘lish, muhokamalar asnosida yangi fikr va takliflar tug‘ilishiga zamin yaratish muhim ekanini qayd etdi.

«Amaldagi tizim hokimlar va mahalliy kengashlarning o‘z vazifalarini bajarishiga yomon ta’sir qilyapti — mahalliy deputatlar hududlardagi islohotlarga deyarli aralasha olmayapti. Yangi tizim hokimlar ustidan xalq nazoratini kuchaytiradi.

Mahalliy kengash raisi mustaqil bo‘lishi uchun, hokimni tiyib turishi uchun birinchi navbatda, moliyaviy mustaqil bo‘lishi kerak. Shu bois Konstitutsiyaga kiritiladigan o‘zgarishlar fonida shu kabi masalalarga ham aniqlik kiritilishi maqsadga muvofiq», — dedi moderator.

Odiljon Tojiyev:

Amaldagi Konstitutsiyada hokimlarga mahalliy kengash raisligining yuklanishi — kafolatlangan deputatlik o‘rnini keltirib chiqaryapti. Tan olib aytish kerak, bir paytlar bu narsa kerak bo‘lgan, ammo hozirgi kunda u o‘z dolzarbligini yo‘qotdi. Ijtimoiy tarmoqlarda ham bu bo‘yicha ko‘plab e’tirozlar bildirildi, ya’ni, hokim qanday qilib o‘zi hisobot beruvchi organga rahbarlik qilishi, sodda qilib aytganda, u o‘ziga o‘zi hisobot berishi mumkin? Konstitutsiyadagi shunga o‘xshash maqtiqqa zid holatlarga barham berilmoqda.

Doniyor G‘aniyev:

Dunyo tajribasida homiyatlar bo‘linishi — xalq manfaatlariga xizmat qiladigan asosiy vosita sifatida o‘z isbotini topgan. Hattoki, eng avtoritar davlatlarda ham, masalan, Xitoyda ham kommunistik rejim bo‘lishiga qaramay, hokimiyat bo‘linishi prinsini saqlab qolingan.

Oxirgi yillardagi davlat va jamiyat boshqaruvidagi o‘zgarishlar natijasida so‘z erkinligi, jamoatchilik nazorati shakllandi. Odamlarimiz bu boradagi islohotlarni talab qila boshlashdi. Aynan ijro hokimiyati va vakillik organlarining ajratilishi jamoatchilikning asosiy talablaridan biri bo‘ldi.

Konstitutsiya qabul qilingach, bir qaror qonun hujjatlariga o‘zgartirish kiritishga to‘g‘ri keladi. Aslida amaldagi qonunchilikka ko‘ra, ijro hokimiyati organlariga deputatlikka saylanishi mumkin emas. Faqatgina hokimlarga istisno tariqasiga ruxsat etilgan. Saylov kodeksiga o‘zgartirish kiritish chog‘ida hokimlarning deputatlikka saylanish huquqini olib tashlab, kengash oldidagi hisobdorligi belgilanishi kerak. Mantiqan olib qaraganda, kengashlarning vazifasi bitta — ijro hokimiyatini nazorat qilish.

Bu mantiqsizlik faqatgina mahalliy kengashda emas. Yuqori parlamentimizda ham buning qisman ta’siri bor. 14ta hududning rahbarlari bir paytning o‘zida Senat vakili ham hisoblanishadi. Bu ham yuqoridagi masalaning uzviy davomi. Agar Saylov kodeksida ular deputat bo‘lish huquqidan mahrum qilinadigan bo‘lsa, o‘z-o‘zidan senator bo‘lish vakolati ham bo‘lmaydi. Bu esa xalq vakillarining ijro hokimiyati ustidan samarali nazorat o‘rnatishida muhim rol o‘ynaydi.

Elbek Shukurov:

Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartishlarni hokim sifatida qo‘llab-quvvatlayman. Negaki, hokimiyat bo‘linishi bu — paradoks holat. Mahalliy kengash ijro hokimiyatini tiyib turish mexanizmi hisoblanadi. Yangi tizim hokimlarga emas, xalq uchun juda manfaatli bo‘ladi. O‘z faoliyatimdan kelib chiqib shuni ayta olamanki, vakillik organi raisi hokim bo‘lsa, deputatlar ham u yoki bu sohada mehnat qilayotgan davlat xizmatchisi bo‘lgani uchun manipulatsiya qilish imkoniyati mavjud bo‘ladi.

Amaldagi tizim ayrim qarorlarni kengashdan tezroq o‘tkazib, xalq manfaati uchun yo‘naltirishda qo‘l kelishi mumkin, ammo ikkinchi tomondan, hokim o‘z manfaatini ko‘zlasa, bu xalqning zarariga ishlaydi. Manfaatlar to‘qnashuvi kelib chiqmasligi uchun ham hokimlar kengash raisi bo‘lmasligi lozim, deb hisoblayman.

Xayrullo Ro‘zmetov:

Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgarish mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayoti uchun tizimli o‘zgarishlarga olib keladi.

Savol tug‘ilishi mumkin, nima uchun ilgari bunday tartib kiritilgan va endi o‘zgartirilyapti? Chunki mustaqillikning ilk yillarida mamlakat uchun eng asosiy masala – tinchlikni asrashdan iborat edi. Ya’ni, o‘sha paytda markazlashgan davlat zarur edi va bu qaror to‘g‘ri bo‘lgan. Demokratik islohotlarning yangi bosqichida esa ijro hokimiyati hamda vakillik organlarini alohidalash ehtiyoji paydo bo‘lmoqda. Hokimlardan mahalliy kengash rahbarligi olinsa, hududlardagi juda masalalar sog‘lomlashtiriladi.

Muloqot jarayonida jamoatchilik vakillari ham faol qatnashdi. Xususan, blogerlar Nurbek Alimov, Feruzxon Yoqubxo‘jayev, tadbirkor Zafar Hoshimov, iqtisodchi Otabek Bakirov va boshqalar mavzu bo‘yicha fikr-mulohazalarini bildirildilar.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring