Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ijtimoiy xizmatlar sifati va shaffofligini endi Ijtimoiy inspeksiya ta’minlaydi

Ijtimoiy xizmatlar sifati va shaffofligini endi Ijtimoiy inspeksiya ta’minlaydi

Mamlakatimizda ijtimoiy ish sohasining huquqiy asoslari ilk bor alohida va kompleks qonun bilan belgilandi. Ushbu hujjat aholining yordamga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy xizmatlar sifatini oshirish va sohaga zamonaviy standartlarni joriy etishga qaratilgan. Xo‘sh, yangi qonun bilan tizimda qanday amaliy o‘zgarishlar yuz beradi?

Qonunda ijtimoiy xodimlar faoliyat yuritadigan va ijtimoiy ish tashkil etiladigan yo‘nalishlar aniq belgilab berildi:

  • Tibbiyot va ta’lim;
  • Ijtimoiy himoya va bandlik;
  • Sud, huquq-tartibot hamda jazoni ijro etish muassasalari.

Endilikda kimni va qanday tartibda «ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxs yoki oila» deb topishning huquqiy asoslari mavjud. Shuningdek, ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish, zarur hollarda uni tugatish tartib-taomillari ham shaffoflashtirildi.

Hozirda O‘zbekistonda 1,5 mingdan ortiq nodavlat tashkilotlar aholiga turli ijtimoiy xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Yangi tartibga ko‘ra, bunday muassasalar akkreditatsiyadan o‘tkaziladi va yagona Ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchilar reyestriga kiritiladi. Bu ko‘rsatilayotgan yordamlarning sifati va xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Ijtimoiy xizmatlarning kimga mo‘ljallangani, ko‘lami, taqdim etish shartlari hamda erishilgan natijalarni baholash bo‘yicha aniq talablar o‘rnatildi. Ma’lumot uchun, hozirgacha sohada 24 ta milliy va 7 ta xalqaro standart qabul qilingan.

Ilgari ijtimoiy xizmatlar ustidan davlat nazorati turli idoralar hamda mahalliy hokimiyat organlari o‘rtasida bo‘lingan edi. Endi esa ushbu vazifa yagona davlat organi — Ijtimoiy inspeksiyaga topshirildi. Bu sohadagi takrorlanishlarning oldini oladi va nazorat yaxlitligini ta’minlaydi.

Ayni paytda Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimida 9 mingga yaqin, shuningdek, ichki ishlar organlari va nodavlat tashkilotlarda ham ko‘plab ijtimoiy xodimlar mehnat qilmoqda. Qonun bilan ushbu mutaxassislarning huquqiy maqomi, vazifalari, majburiyatlari, ijtimoiy himoyasi hamda ularning faoliyatiga oid cheklovlar aniq muhrlandi.

Yangi qonun O‘zbekistonda ijtimoiy himoya tizimini yangi bosqichga olib chiqish uchun mustahkam poydevor bo‘ldi. U ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishda shaffoflikni oshirib, har bir yordamga muhtoj fuqaroning huquq va manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlaydi.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring