Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ilg‘or texnologiyalar markaziga mediatur tashkil etildi (video + foto)

Ilg‘or texnologiyalar markaziga mediatur tashkil etildi (video + foto)

Foto: «Xabar.uz»

Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshidagi Ilg‘or texnologiyalar markazi bir guruh jurnalistlar uchun mediatur tashkil etildi. Mediatur davomida OAV vakillari markazining faoliyati, ular olib borayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdilar.

Markazning fizika, kimyo, biologiya, geologiya, geofizika, biofizika, bioximiya laboratoriyalari ularda katta qiziqish uyg‘otdi. Markaz xodimlari ularga bir necha daqiqalarda suyuqlik va qattiq jismlarning yuzga yaqin kimyoviy elementlarini aniqlab beruvchi uskunalar, yer qimirlashini va yer qatlamining seysmik holatini aniqlovchi asboblar,turli kasalliklar va ularga moyillikni erta aniqlash bo‘yicha olib borilayotgan genetik izlanishlar,foydali qazilma boyliklarni qidirish bo‘yicha tadqiqotlar haqida so‘zlab berishdi.

 
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidentining 2018 yil 19 apreldagi qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida Ilg‘or texnologiyalar markazini tashkil qilingan hamda quyidagilar uning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilangan edi:

—  fundamental, amaliy ilmiy tadqiqotlarni o‘tkazish va ilg‘or texnologiyalar bo‘yicha innovatsion ishlanmalarni amalga oshirish;

—  dunyo talablari va standartlari darajasida maqsadli ilmiy-texnik va innovatsion dasturlarni bajarish, ishlab-chiqarish korxonalarida tadqiqot-sinov ishlarini bajarishga ko‘maklashish;

—  olimlar va tadqiqotchilarni hamkorlik qilishga jalb etish uchun zaruriy sharoitlarni yaratish, ilmiy hajmdor mahsulotlar va raqobatbardosh mahalliy innovatsion texnologiyalarni yaratish maqsadida fan, ta’lim va ishlab-chiqarishning o‘zaro integratsiyasini ta’minlash;

—  iqtisodiyot sohasida ilmiy va oliy ta’lim muassasalarining yangi istiqbolli g‘oyalari va innovatsion ishlanmalarini shakllantirishga ko‘maklashish, uskunalar va infratuzilmadan hamkorlikda foydalanish asosida yuqori texnologik innovatsion ishlab chiqarishlarni har tomonlama ko‘llab-quvvatlash;

—  akademik, oliy ta’lim va tarmoq fanlari bilan hamkorlikning samarali shakllarini rivojlantirish, hamkorlikda ilmiy-tadqiqotlarini bajarish;

—  xalqaro darajada patentlash imkoniyatiga ega bo‘lgan ilmiy hajmdor va ilg‘or texnologiyalarni yaratish, yangi innovatsion mahsulotlarning namunalarini maketlashtirish, modellashtirish, tayyorlashda va ularni tekshirishda ishtirok etish;

—  yosh olimlar tomonidan ilmiy tadqiqotlar o‘tkazishning zamonaviy, dunyo amaliyotida ilg‘or bo‘lgan usul va texnologiyalarini o‘zlashtirishlari maqsadida ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyat uchun kulay shart-sharoitlar yaratish;

—  mahalliy va xorijiy ilmiy va oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda, shu jumladan innovatsion faoliyatni tashkil etish va boshqarish, texnologiyalarning transferi va intellektual mulk ob’yektlarini kommersializatsiyalash masalalari yuzasidan ilmiy konferensiyalar, seminarlar, treninglar va mahorat darslarini tashkillashtirish;

—  ilmiy faoliyatni natijadorligini oshirish va ilmiy tadqiqotlarni tashkil etishning yangi shakllarini ko‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi uslubiy ishlanmalarni amaliyotga joriy qilish uchun informatsion-kommunikatsion texnologiyalarining imkoniyatlaridan keng foydalanish;

— xalqaro ilmiy-texnik hamkorlik shakllarini rivojlantirishda ishtirok etish, xorijiy hamkorlar bilan birgalikda ilmiy-texnik va innovatsion loyihalarni, shu jumladan xalqaro dasturlar va jamg‘armalarning grantlarini jalb etgan xolda bajarish.

Vazirlikka Ilg‘or texnologiyalar markazining ilmiy-tadqiqot ishlarini samarali shakllantirilishini ta’minlash, ularning zamonaviy ilm-fan talablari va jahon yutuqlari darajasida bo‘lishiga erishish yuklatildi. Shu bilan birga, amaliy yo‘nalish va mahsuldorlikka asosiy e’tibor berilishi lozim. Markaz ilmiy tadqiqotlarni o‘tkazish va innovatsion ishlanmalarda ilg‘or standartlarni qo‘llashda ilm-fanimiz lokomotivi vazifasini o‘tashi lozim. 

 
 
Shahlo Turdiqulova — Ilg‘or texnologiyalar markazi direktori
Foto: «Xabar.uz»
— Oldimizga katta vazifalar qo‘yilgan, – deydi Ilg‘or texnologiyalar markazi direktori Shahlo Turdiqulova, — Iqtisodiyot sohasida istiqbolli g‘oyalar va innovatsion ishlanmalarni shakllantirishga ko‘mak ko‘rsatish hamda uskunalar va infratuzilmadan birgalikda foydalanish asosida yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash shular jumlasidan. Markazga innovatsion fikrlovchi yoshlarni tarbiyalash jarayonida yangi formatda faol ishtirok etish, yangi avlod vakillarining tabiiy fanlarga bo‘lgan qiziqishini oshirish, talabalarga o‘z g‘oya va loyihalarini eng yaxshi laboratoriya sharoitlarida amalga oshirish va ilg‘or ilmiy mahsulotlar yaratishga jalb etish mas’uliyati yuklatilgan. Markazimiz eshiklari ular uchun har doim ochiq ekani, yangi g‘oyalarni amalga oshirishlari, o‘z bilimlarini ko‘paytirishlari uchun ko‘mak ko‘rsatishga har doim tayyor ekanimizni yoshlarga yetkazishimiz juda muhim.
 
 

— A’lo darajadagi texnik bazaga ega bo‘lgan Markaz Qaror tufayli yanada tez va serunum rivojlanishiga aminman, — ta’kidladi Ilg‘or texnologiyalar markazining kichik ilmiy xodimi Vladimir Soy. – Endi sevimli ishimiz — fan bilan shug‘ullanar ekanmiz yutuqlarimizga monand ravishda loyiq haq olishimiz meni va xususan, hamkasblarimni juda quvontirmoqda. Bizni davlat hujjatiga muvofiq o‘z qaramog‘iga olgan Innovatsion rivojlanish vazirligi markaz xodimlarining lavozim maoshlariga ustama haq belgilash huquqiga ega. Asosiysi — tadqiqot natijalarini ko‘rsatish. Bularning bari Markaz xodimlari va bu yerga jalb etiladigan olimlar uchun qo‘shimcha rag‘bat rolini o‘tashi shubhasiz.

Mediatur juda noodatiy tarzda tashkil etildi. Jurnalistlarga o‘zlarini olim sifatida sinab ko‘rish imkoni berildi. Hammaga oq xalatlar tarqatildi, OAV ko‘pchilik bo‘lgani uchun to‘rt guruhga bo‘lindi, har bir guruhga markaz xodimlari biriktirildi. Shu tariqa guruhlar bir-biriga xalal bermagan holda  turli laboratoriyalardagi jarayonni navbati bilan ko‘zdan kechirishdi.

Umuman olganda, tadbir juda qiziqarli bo‘ldi. Ko‘pchilik o‘zi bilmagan narsalarni o‘rganishdi, turli jihozlardan mustaqil foydalanib ko‘rishdi, olimlarning mehnati naqadar mashaqqatli ekaniga guvoh bo‘lishdi. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring