Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mustahkam Tangriyorova

Oqqan daryo oqaveradi. 

Jinoyatchilikka oid xabarlarda o‘zbeklar... «Turkiyada o‘zbeklar» turkumidan (2-maqola)     

Jinoyatchilikka oid xabarlarda o‘zbeklar... «Turkiyada o‘zbeklar» turkumidan (2-maqola)     

Aslida Turkiyaga ishlayotgan o‘zbeklarning asosiy qismi har qanday jinoiy ishlardan uzoq, halol mehnati ortidan rizq topayotgani bor gap. 

Ammo, Turkiya ommaviy axborot vositalaridagi jinoyatchilikka oid xabarlar orasida O‘zbekiston nomi tilga olingani ham, afsuski, kam emas. Garchi, ularning birida O‘zbekiston fuqarosi jabrdiyda, boshqasida ayblanuvchi o‘laroq tanitilsa ham, baribir og‘riqli mavzu bu.

«Xabar.uz» Turkiya OAV larida co‘nggi bir oy (1 noyabr – 1 dekabr) davomida jinoyatchilik va o‘zbeklar mavzusidagi chiqishlarni hech bir sharhsiz, tahlilsiz, o‘zligicha taqdim qilishga qaror qildi.

Mavzuga oid: O‘rtachi orqali turk-o‘zbek nikohi qanchaga tushadi? «Turkiyada o‘zbeklar» turkumidan (1-maqola)  

Sovutkichga joylangan jasad

2 noyabrda «Cumhuriet» nashri o‘zbekistonlik ayolni o‘ldirgan shaxsga nisbatan  sud hukmini chop etdi. Ayblov xulosasida yozilishicha, 61 yoshli Riza Beler birga yashab kelgan ayolni o‘ldirib, jasadning qo‘llarini kesgan va sovutkichda saqlagan. (Aftidan, ayolning qo‘llari kesilishi sovutkichda sig‘dirish maqsadida bo‘lgan).  O‘zbekistonlik 40 yoshli U.T. va erkak uch yildan buyon birga yashab kelishgan. 

Voqea Istanbulning Bahcheliyevlar mavzeidagi xonadonlardan birida sodir bo‘lgan. O‘zaro tortishuvlardan so‘ng yotoqxonadagi ayolning orqasidan kirgan erkak, uning boshi, yuzi, bo‘yniga tosh bilan ayovsiz zarbalar bergan. Ma’lum bo‘lishicha, erkak mana shu toshni uch oy avval uyga olib kelib qo‘ygan. Ya’ni, u jinoyatga uch oy tayyorlangan. Jinoyat jarayoni 45 daqiqa davom etgani qayd etilgan.

Sud materiallarida, erkak va ayol rasman er-xotin bo‘lmagani, shu sababli ular o‘rtasida sadoqat majburiyati o‘rganilmasligi ta’kidlangan.

Mahkama Riza Belerni umrbod qamoq jazosiga hukm qildi.

Bir tumandagi reydda 50 nafar fohisha qo‘lga olindi

10 va 12 noyabrda «Cumhuriet» nashri Tekirdag‘da o‘tkazilgan tadbirlarning birida 3 va boshqasida 4 nafar o‘zbekistonlik ayol  (37, 40 yoshlilar ham bor) fohishalikda gumonlanib qo‘lga olinganini yozgan.

Lekin, bu raqamlar Sakarya viloyatida o‘tkazilgan reyd hisobotidagi oldida hech gap emasdek tuyuladi.  

«Medyabar» televideniyesi va nashri Sakaryadagi huquq-tartibot organlari 25 noyabr oqshomida Karasu tumanidagi 10 ga yaqin manzilda rejali tadbir o‘tkazgani haqida material tayyorladi. Fohishaxonalardan olib chiqilgan  61 ayolning  49 nafari O‘zbekiston (8 nafari Ozaybayjon va 4 nafari Turkmaniston) fuqarosi ekani ma’lum bo‘lgan. Yana bir o‘zbekistonlik Z.K esa ushbu ayollarni sotish orqali intim xizmatlarni tashkil etgani ta’kidlangan. Bir necha fohishaxona tashkil qilishi uchun ayolga joy bergan yana besh nafar Turkiya fuqarosi ham jarayonda qo‘lga olingan. 

Ayollar 26 noyabr kuni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganda, ularning 4 nafarida orttirilgan immunitet tanqisligi virusi (OITS) aniqlangan. 

Aytilishicha, politsiya qo‘liga tushib qolgan, mijozlar nomi qayd etilgan daftarda 1000 dan ortiq turk erkaklari ism-sharifi bor ekan. 

(Dunyo bo‘ylab OITS kasalligini yuqtirish 38 foizga kamaygan bir paytda Turkiyada so‘nggi 10 yilda bu ko‘rsatkich 8-10 barobar oshgan).

Bolakay o‘ldi, opasi qamoqda, onasi taqiqda...

19 noyabrda «Cumhuriet» nashri Istanbulning Foteh tumanida O‘zbekiston fuqarosi, 7 yoshli S.N. ning o‘limi tafsilotlarini yozgan.

Ma’lum bo‘lishcha, Foteh tumanidagi xonadonlardan birida o‘zbek ayoli N. 4 nafar farzandi bilan yashab kelgan. Juma oqshomida 7 yoshli bolakay sho‘xlik qilaverganda, 19 yoshli opasi M.N. uni urgan,  deyiladi xabarda. Shundan keyin bola qayt qilgan. So‘ngra hushini yo‘qotgandek bo‘lgan. Uni to‘shakka yotqizganda, bola qimirlamay, jimib qolgan. Onasi «tez yordam» chaqirtirgan.

Shifokorlar bola o‘limini qayd qilishgan. Yetib kelgan politsiya xodimlari jasadni tibbiy eskpertizaga jo‘natishgan.  Opasi va onasini esa politsiya idorasi olib ketishgan. Ulardan ko‘rsatma olingan. Onaga Turkiyadan chiqishga taqiq qo‘yilgan holda javob berilgan, qizgina hibsga olingan.

Oiladagi ikki nafar voyaga yetmagan bola esa «Bolalarni himoya qilish agentligi»ga topshirilgan. 

Ayol to‘pponchadan otdi

22 noyabr, «Haberturk» nashri tezkorlik bilan yangi xabarni ulashdi.

Kirklareli mavzeidagi ko‘ngilochar muassasada ishlaydigan o‘zbekistonlik ayol mijoz boshiga qarata to‘pponchadan o‘q uzgan. 26 yoshli G.T.  va mijoz Murt Ayat o‘rtasida achchiq-tiziq gaplar bo‘lgan vaqtda ayol jinoyatga qo‘l urgan.

Huquq-tartibot organlari ma’lumotiga ko‘ra, voqea 21 dan 22 noyabrga o‘tar kechasi, yarim tunda  sodir bo‘lgan.

Voqeani yaqindan ko‘rgan ko‘ngilochar dargoh ishchisining aytishicha, G.T. va mijoz o‘rtasida janjal chiqqanda, ayol Murat Ayatning belidagi to‘pponchasini shartta olganda, unga qarata uz uzgan. O‘q mijozning boshiga tekkan.

Jiddiy jarohat olgan Murat Ayatni «tez yordam» guruhi zudlik bilan davlat shifoxonasiga olib borgan. Voqea joyidan qochgan ayolni politsiya topgan va hibsga olgan. Shuningdek, muassasa egasi A.S. ham qo‘lga olingan. Lekin, unga mamlakatdan chiqmaslik taqiqi bildirilgach qo‘yib yuborilgan.

Kislotada kuygan ma’shuqa

30 noyabr kuni «Cumhuriet» nashri o‘zbek ayolining yuziga kislota sepib, o‘limiga sabab bo‘lgan shaxsga nisbatan hukm o‘qilgani haqida xabar berdi.

Voqea Denizli (Istanbuldan  580 kilometr masofadagi shahar) mehmonxonalaridan birida bo‘lib o‘tgan. 44 yoshli turk fuqarosi O‘zgur G. dam olish kunlarida Istanbuldan kelgan o‘zbekistonlik 27 yoshli ayol S.Q va uning 23 yoshli qirg‘izistonlik dugonasi bilan birgalikda mehmonxonaga borgan. Shu yerning o‘zida O‘zgur va S. Q. o‘rtasida rashk va ishonchsizlik tufayli kelishmovchilik yuzaga kelgan. Erkak o‘zbek ayolining telefonini tekshirish uchun so‘raganda, talabi bajarilmagach, jazavasi qo‘zg‘aydi. Ayolning yuzini  tirnab, qontalash qiladi. So‘ng mehmonxonaning buyumlar saqlash bo‘limidan, tashrif chog‘ida qo‘ygan sumkasini olib xonaga qaytgan. Sumkadan kislota idishini olib qopqog‘ini ochgan va qo‘rquvdan bir-birini quchoqlab olgan ayollar yuziga qarata sepgan. Kislotadan yuz-ko‘zlari kuygan ayollar yordam so‘rab baqirgan. Jinoyatchi qochgan. Tezkor qidiruvda uni qo‘lga olishgan.

Ikkala ayol ham olgan jarohatlari tufayli shifoxonaga yotqizilgan. Qirg‘izistonlik qizga davolanishdan so‘ng javob berilgan. Ammo, jinoyatchining asl mo‘ljali bo‘lgan o‘zbek ayoliga tanasining ko‘p qismi kuygani sabab 3-darajali kuyish deb tashhis qo‘yilgan. Shifokorlarning bemorni saqlab qolish uchun qilgan harakatlariga qaramay, voqeaning 38 kunida o‘zbekistonlik ayol shifoxonada hayotdan ko‘z yumgan.

Denizli prokuraturasi jinoyatchiga ikki modda bilan «Qasddan jarohat yetkazish» va «Odam o‘limiga sabab bo‘ladigan jarohat yetkazish» ayblarini qo‘ydi. Sud jinoyatchiga 19 yil ozodlikdan mahrum etish haqida hukm o‘qigan.

2005 yilda qaynonasini o‘ldirishda ayblanib qamalgan O‘zgur, shundan so‘ng oila qurmagan. Zo‘ravonligi vaqtida kislota O‘zgurning o‘ziga ham sachragan. Natijada u o‘ng ko‘zidan ayrilgan.

«Ona, u yerda yomon ishlar bo‘layapti...»

1 dekabrda «Veryansin» televideniyesi va nashrining navbatdagi lavhasi o‘zbekistonlik ayolning bolasi yillar davomida madrasada zo‘rlangani haqida bo‘ldi.

O‘zbek ayoli H.R 2016 yilda turk fuqarosiga turmushga chiqqan. O‘shanda birga olib kelgan o‘g‘li 11 yoshda bo‘lgan. Oila qurganlaridan bir oy o‘tganda ayolning eri bola uning onasiga nomahram ekani va bolani madrasaga berishlarini aytadi. «Erim va qaynonam bolani shunchaki uyda ortiqcha deb bildilar va yotoqli madrasaga berib undan qutilmoqchi edilar» deydi intervyusida ayol. 

Kunlarning birida bola madrasadan qochadi. Topilganda, onasiga bor gapni aytadi. «U yerda yomon ishlar bo‘layapti. Bir bola amakim politsiyada ishlaydi. Aytganimga ko‘nmasang, sen xorijliksan, qochoqsan (qochoq nolegal, yashash uchun hujjat rasmiylashtirilmagan degani) mamlakatdan chiqartirib yuboraman, shunda onangdan ayrilasan deydi».  Ma’lum bo‘lishicha, o‘zbek bolasidan to‘rt yosh katta  madrasa talabasi uni shu zaylda zo‘rlagan.

Bola shu sababli bir necha marta o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lgan, tomirini kesgan, dori ichgan. Ona eridan yashirincha uni psixologga olib borgan. Madrasa domlasi bilan gaplashgan, ahvolni tushuntirgan. Shunda zo‘ravon bola madrasadan haydalgani, o‘zbek bolaning yo‘qligini bosh domla bilmasidan madrasaga qaytarish kerakligini aytishgan. Natijada bolani yana madrasaga olib borishgan.

Ayolning aytishicha, bir haftadan so‘ng bola yana qo‘ng‘iroq qilgan... Zo‘ravonlik yana davom etayotgani, kamiga birovga aytsa, o‘zini sharmanda qilishlari bilan tajovuz qilishayotganini gapirgan.

«Erim madrasaga aloqador bo‘lgan Ismoilag‘a jamoatidan bo‘lgani uchun huquq-tartibot idoralariga murojaat qilishimga qarshi bo‘ldi. «Bolangni olib qo‘yishadi» deb qo‘rqitardi» deydi o‘zbek ayoli.

Ayol hozirda johil eri bilan ajrashgan. U uzoq vaqt sukut qilgani haqida «Turk fuqaroligini olganimda o‘g‘limga bo‘lgan zo‘ravonlarni javobgarlikka torttiraman deb o‘zimga so‘z berganman. Mana vaqti keldi», deydi.

Anadolu prokuraturasi qo‘zg‘atgan jinoiy ishda Xiranur jamg‘armasiga qarashli madrasa o‘qituvchisi A.K. voqeadan xabardor bo‘lib, vaqtida tegishli idoralarga xabar bermagani uchun uning harakatsizligi borasida alohida ish ochilishi aytilgan.

***

Ochig‘i, so‘nggi oyda Turkiya nashrlari, televideniyesi, radiosi e’lon qilgan xabarlari orasida  o‘zbekka tegishlisi yana bor edi... Turkiyada birov eshitib, birov eshitmaganlarini shunchaki chetlab o‘tgimiz keldi. Yuqoridagi xabarlarda ilova qilingan portret fotosuratlardan esa foydalanmadik, ochiq yozilgan ism-shariflarning faqat bosh harflarini qo‘ydik... Lekin, yurakni uvushtiradigan xabarlarni biz to‘qimadik, ularga birov buyurtma berolmaydi. Faqat ishora qilmoqchi bo‘lganimiz – ichkarida aytmaganimiz bilan, tashqarida shuncha gapimiz bor ekan...

Yana shuni ham ta’kidlashni istar edik, Turkiyada ishi, hayoti, iqtidori, yurish-turishi, tarbiyasi bilan o‘zbekning nomini ko‘kka ko‘tarayotgan vatandoshlarimiz ko‘pchilikni tashkil qiladi. Kelgusi maqolalardan birida aynan shunday insonlar haqida hikoya qilishni rejalashtirganmiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring