Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Obod bo‘layotgan Jom: ichimlik suvi, gaz va elektr energiyasi muammolari bartaraf etildi (foto)

Obod bo‘layotgan Jom: ichimlik suvi, gaz va elektr energiyasi muammolari bartaraf etildi (foto)

Foto: Samarqand viloyat hokimligi

«Obod qishloq» dasturi asosida Samarqand viloyati Nurobod tumanining Jom qishlog‘ida bir nechta ob’yektlar foydalanishga topshirildi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Jumladan, Manjak, Taramish va Jom-1 guzarlarida yangitdan qurilgan va kapital ta’mirlangan suv inshootlari qishloq aholisi ixtiyoriga topshirildi, Yangiqishloq guzarida esa elektr ta’minoti stansiyasi ishga tushirildi.

Ob’yektlarni foydalanishga topshirishga bag‘ishlangan tadbirda viloyat hokimi T.Jo‘rayev ishtirok etdi.

Umuman olganda, «Obod qishloq» dasturi bo‘yicha Nurobod tumanining Jom va Girdiqo‘rg‘on qishloqlarida rejalashtirilgan ishlarning qariyb 80 foizi oxiriga yetkazildi.

22,1 km. ichki yo‘l tosh yo‘lga o‘tkazildi, 5,65 km. masofada markaziy ko‘chalarga, 2,32 km. masofada ichki ko‘chalarga asfalt yotqizildi. 2,2 km. irrigatsiya lotoklari, 5,65 km. piyodalar uchun yo‘laklar qurildi.

23-umumta’lim maktabi oldida hashar yo‘li bilan yangi ko‘prik barpo etildi.

Markaziy va ichki ko‘chalarga 30 ta, yangi bozor hududi, Jom va Girdiqo‘rg‘on mahallalari markaziy maydonlarida 12 ta, jami 42 ta tungi yoritish ustunlari o‘rnatildi.

Viloyat elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan qishloq aholisini uzluksiz elektr energiya bilan ta’minlash maqsadida 11 ta yangi transformator, 1060 dona temir-beton ustun o‘rnatildi, 41 km. uzunlikdagi havo tarmog‘i tortildi.

Viloyat hududiy gaz ta’minoti boshqarmasi tomonidan Jom va unga tutash hududlarda suyultirilgan gaz ballonlarini tashish uchun qo‘shimcha «Isuzu» rusumli avtomashinasi xarid qilindi.

2100 dona suyultirilgan gaz balloni yetkazib berildi. Bugungi kunga qadar Jom va Girdiqo‘rg‘on mahallalaridagi barcha xonadonlar maishiy gaz ballonlari bilan ta’minlandi.

Omondara mahallasi hududida aholiga qulaylik yaratish maqsadida yangi gaz ballonlari tarqatish markazi qurildi.

«Obod qishloq» dasturiga qadar Jomda istiqomat qilayotgan 22830 nafar aholini markazlashgan toza ichimlik suvi bilan ta’minlanish ko‘rsatkichi 6121 nafar – 27 foizni tashkil etgan. Dastur davomida ehtiyojni bartaraf etish maqsadida;

- «Omondara» suv inshooti kapital ta’mirlandi va suv chiqarish quvvati 2 barobar oshirildi;

- 0,5 km. tarmoq yangilandi;

- 2 km. suv tarmog‘i joriy ta’mirlandi;

- 40 dona klapanli ko‘cha kranlari o‘rnatildi;

- 3 ta suv inshooti rekonstruksiya qilindi;

- 4 ta yangi suv inshooti qurilib, 6 km.ga ichimlik suv tarmog‘i tortildi;

- 2 ta yangi suv inshootida qurilish ishlari olib borilmoqda;

- 2 ta suv tashuvchi maxsus texnikalarga suv olish nuqtalari tashkil etildi;

- aholining chorva mollarini sug‘orish uchun 12 ta suv hovuzi qazildi.

Natijada aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi 62,3 foizga ko‘tarildi.

Markazlashgan suv tarmog‘i yetib bormagan aholini ichimlik suv bilan ta’minlash uchun 2 ta maxsus suv tashuvchi avtomashina ajratildi. Ichimlik suvga bo‘lgan ehtiyoj Jom qishlog‘ida to‘liq bartaraf etiladi.

Suv inshootlari va suv tarmoqlarida avariya holati ro‘y bersa, uni o‘z vaqtida bartaraf qilish maqsadida barcha asbob-uskunalar bilan jihozlangan 2 ta yangi maxsus mototsikl xarid qilindi.

Shuningdek, 663 ta uy-joyning 469 tasi (71 foizi) ta’mirdan chiqarildi, atrofi to‘siq devorlar bilan o‘raldi. Namunaviy loyihalar asosida qurilayotgan 75 ta uy-joyning 25 tasi Respublika Kasaba uyushmalari kengashi tomonidan moliyalashtirilib, kam ta’minlangan va sharoiti og‘ir bo‘lgan oilalarga bepul ajratildi. Mazkur ob’yektlarda qurilish ishlari 70-75 foizga bajarildi.

10 ta maktab ta’mirdan chiqarildi, yangi mebellar bilan jihozlandi, 1 ta qishloq oilaviy poliklinikasi va 3 ta maktabgacha ta’lim muassasasi yangi qurildi.

Dehqon bozori, masjid, hammom, 3 ta avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shaxobchasi, 4 ta oziq-ovqat do‘koni hamda 2 ta avtobekat barpo etildi.

16-17 may kunlari kutilmaganda yoqqan kuchli yomg‘ir va sodir bo‘lgan sel oqibatida yaroqsiz holga kelib qolgan 3 ta ko‘prik rekonstruksiya qilindi. Tabiiy ofatdan talofat ko‘rgan 71 ta oila holidan xabar olinib, ularga 30 tonnaga yaqin oziq-ovqat mahsuloti, 2000 donaga yaqin kiyim-kechak, 500 ga yaqin ko‘rpa-to‘shak, yostiq, choyshablar, dori-darmon, uy-ro‘zg‘or buyumlari, kir yuvish vositalari yetkazib berildi.

Jiddiy zarar ko‘rgan hamda tiklash imkoniyati bo‘lmagan xonadonlar buzilib, qurilish materiallari ajratib olindi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, seldan zarar ko‘rgan bino va inshootlarni qayta qurish va ta’mirlash uchun 7 mlrd. so‘m mablag‘ talab etilmoqda.

Sel oqimida joylashgan 4 ta uy-joy buzilib, uning egalariga xavfsiz hududdan yer uchastkalari ajratildi. Ularga homiylar hisobidan uy-joy qurib berilmoqda.

Jomsoy kollektorining 3,1 km. o‘zani to‘g‘rilandi va qirg‘oqlari mustahkamlandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring