Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Jon Kexo mo‘jizasi: orzu, miya va pullar

Jon Kexo mo‘jizasi: orzu, miya va pullar

Kanadalik yozuvchi Jon Kexo inson miyasini o‘rganish va anglash uchun uch yil davomida o‘rmonda yashagan. U turli ilmiy va diniy manbalardan jamlagan ma’lumotlari, shuningdek, o‘zining kuzatuv va tajribalariga tayanib, miya imkoniyati hamda salohiyatini muvaffaqiyatli rivojlantirishga oid maxsus dastur ishlab chiqqan. Shundan so‘ng mazkur tamoyillar asosida odamlarga ta’lim bera boshlagan. Jon Kexo tinglovchilarda ichki ishonch paydo qilish va yangicha qarashlar uyg‘otish borasida natijalarga erishdi. Quyida uning asaridan ayrim parchalarni keltiramiz va ular siz uchun foydadan xoli bo‘lmaydi.

Sizga xalaqit berayotgan odam

Men insonga fikrlash orqali yaxshi yoki nochor yashashdek tanlash huquqining berilganini eng adolatli yondashuv deb o‘ylayman. Har kimda tanlash  huquqi bor ekan, odam faqat va faqat o‘zidan o‘pkalashi kerak. Deylik, siz omadli bo‘lmoqchisiz! Demak, sizga faqat muvaffaqiyatni ko‘ra oladigan ong kerak. Boy odamning miyasi va kayfiyati hamisha to‘qchilik va farovonlik haqidagi fikrlar bilan band bo‘ladi. U boshqacha fikrlay olmaydi.

«Bu odamga mazza-da! – deyishingiz mumkin. – Omadi chopgandan keyin o‘ylashi ham, orzu qilishi ham oson. Mening ahvolim esa achinarli: omad kulib boqmaydi, doim nimagadir muhtojman. Mavjud shart-sharoit meni siqib qo‘ygan».

G‘IRT BEMA’NI, BO‘LMAG‘UR GAP! Sizga hech qanday shart-sharoit yoki birorta shaxs xalaqit berayotgani yo‘q. Yo‘lingizdagi yagona g‘ov, bu – faqat fikrlaringizdir. To‘g‘ri fikrlash tarzini o‘zlashtirish uchun ozgina hafsala va tajribani ishga solsangiz, olam guliston! Ishoning, agar siz fikrlaringizni o‘zgartirsangiz, atrof-muhitingiz o‘zgaradi. Yangicha fikrlash sizdan bir qadam oldinda yurishi shart.

Siz hayotdan nimalarni istaysiz – ana shuni bilib oling! Boyliknimi? Agar shunday bo‘lsa, behbudlik, farovonlikni ko‘zlaydigan fikrlash usulidan foydalaning. Unutmang, dunyoda hamma narsa imkoniyat tariqasida beriladi.

Inson o‘zining o‘tmishi va bugungi sharoitiga qaramay, ongini kerakli yo‘nalishda ishlata olsa, u, albatta, maqsadiga yetadi. Bu imkoniyat har birimizga berilgan. Undan foydalanish  uchun  boy  yoki  iqtidorli  bo‘lish  shart  emas. Sizdan  faqat  qat’iyat  hamda  ma’lum  vaqt  talab  qilinadi, xolos! Qolganini ong bajaradi.

Ong maxsus parvarishni talab qiladi. Siz bog‘bonsiz va bu bog‘ni obod qilish yoki qarovsiz qoldirish o‘z ixtiyoringizda. Unutmang, qilgan mehnatingiz yoki  loqaydligingiz «hosili»ini, albatta, olasiz.

Sizni o‘rab  turgan  voqe’lik,  bu – fikrlaringiz mahsulidir. Tafakkuringizni o‘z manfaatingizga ishlatishingiz yoki uni o‘z holiga tashlab qo‘yib, muvaffaqiyatsiz odam bo‘lib yurishingiz mumkin. Unutmang, hayotingiz o‘z tasavvuringizdan boshlanadi. Bu gapning mohiyatini tushunish uncha qiyin emas. Har qanday ishni boshlashdan avval u haqda o‘ylab, qanday amalga oshirish yo‘llarini xayolan pishitib olasiz.

Tasavvurga boy Shvarsenegger

– Muvaffaqiyatlarimning hammasi miyamda, – deydi mashhur aktyor, kino yulduzi, yirik tadbirkor va sportchi Arnold Shvarseneger. – Men kichik yoshimdan o‘zimning hozirgi darajaga erishishimni orzu qilganman. Bugungi muvaffaqiyatim, shon-shuhrat va boylikka ega bo‘lishim mumkinligidan hech qachon shubhalanmaganman. Miyaning imkoniyati – haqiqatda mo‘’jiza. Dunyo miqyosidagi nufuzli musobaqada ishtirok etishimdan oldin bir necha ming marta o‘zimni g‘olib sifatida tasavvur qilganman. Keyin bu orzum ushaldi. Kino sohasida ham xuddi shunday. O‘zimni iqtidorli va ko‘p pul topadigan aktyor deb o‘ylardim. Omadim kelishini tasavvur qilib, undan lazzatlanardim.

1976–1982 yillarda fristayl bo‘yicha Yevropa kubogini qo‘lga kiritgan jamoa a’zosi Kris Polayn shunday deydi:

– Biz mashg‘ulotlardan  tashqari miya kuchidan samarali foydalanish maqsadida ruhshunoslar bilan hamkorlik qilganmiz. Mashqlardan keyin meditatsiya holatida masofani xayolan qaytadan bosib o‘tardik. Mashg‘ulotlarimizga qanchalik jiddiy yondashsak, bu ishga ham shu darajada diqqat-e’tiborimizni qaratardik. Sportdagi muvaffaqiyat ko‘p jihatdan bajaradigan mashqni oldindan aniq tasavvur qilishga bog‘liq.

Kris Polay nafaqat oltita nishon sohibi, balki tadbirkorlik va sport bo‘yicha kompaniya rahbari bo‘ldi.

Brayan Edvard sug‘urta bilan shug‘ullanadi. U har kuni uxlashdan oldin ertangi muzokaralarni xayolan tasavvur qiladi. Edvard o‘zini odamshavanda va mijozlarni shartnoma tuzishga osongina ko‘ndiradigan xodim deb xayol qiladi. Ushbu mashqni uyqudan oldin va uyg‘ongach, besh daqiqa davomida bajaradi. Natija a’lo: u hamkasblari yarim yilda ham sotib ulgurmagan sug‘urta polislarini bir kunda pullab yuborgan.

Yuqorida o‘z oldiga uch xil maqsad qo‘ygan kishilarning bir xil usuldan foydalanganiga guvoh bo‘ldingiz.

Vizual ko‘rish, bu – xayolan tasavvur qilish, repetitsiya, o‘zini oldindan shu holatga tayyorlashdir. Odam o‘zi intilayotgan muvaffaqiyat egasi, vaziyatning g‘olibi deb tasavvur  qilsagina ko‘zlagan natijaga erisha oladi.

Aytaylik, siz dadil, mardonavor bo‘lishni istaysiz. Tasavvuringizda qat’iy, sobit inson timsolini yarating. Ikkilanmay va mustaqil ravishda qaror qabul qilayotganingizni, istalgan odam bilan gaplashayotganingizni tez-tez mashq qiling. Jahlingizni chiqaradigan yoki o‘zingizni noqulay his etadigan vaziyatlardan hazil-mutoyiba bilan chiqib ketayotganingizni ko‘z oldingizda gavdalantiring. Do‘stlaringiz sizdagi ijobiy o‘zgarishni maqtayotgani va a’lo kayfiyatda yurganingizni qancha ko‘p o‘ylasangiz, istaklaringiz shunchalik tez amalga oshadi.

Muvaffaqiyatga yetaklovchi mashqlar

  1. Nimaga erishmoqchi bo‘layotganingizni yaxshilab aniqlang: imtihondan o‘tish, lavozimingiz ko‘tarilishi, pul topish va hokazo...
  2. O‘zingizni bo‘sh qo‘yib, bir necha daqiqa mobaynida tanangiz va ruhingizga dam bering.
  3. 5-10 daqiqa davomida istagingiz amalga oshayotganini tasavvur qiling.

Maqsadingizning ro‘yobga chiqish ehtimoli haqida emas, balki u bevosita amalga oshgani to‘g‘risida o‘ylang. Tasavvuringizni orzu emas, ro‘yo-haqiqat sifatida qabul qiling. Miyangizda qisqa metrajli videofilm yaratib, unda bosh qahramon bo‘ling. Bu xayolotdan boshqa narsa emasligini bilsangiz ham, tasavvur maqsadingizning andazasi ekanini unutmang. Ana shu manzara sizga kuch va ishonch beradigan yagona manbadir.

Tasavvuringizni ishlatishdan cho‘chimang. Bu jarayonda o‘zingizga yetishmayotgan barcha noyob, yaxshi xislatlarni mavjud deb o‘ylashingiz lozim. Xayoliy timsol hayotiy bo‘lishi uchun unga iqtidor, qat’iyat va matonat hadya eting. Siz ajoyib film tomosha qilgandek bo‘lasiz.

Tasavvuri kuchli odamlar har qanday vaziyatni ipidan-ignasigacha ko‘z oldiga keltirishadi. Ayrimlar esa maqsadini umumiy manzara ko‘rinishida tasavvur qiladi. Har ikkala usul ham samarali bo‘lishi uchun bir kunda besh daqiqa vaqtingizni  ayamang.

Aniq tasavvur. Maqsadingiz ro‘yobga chiqishini oldindan bosqichma-bosqich tarzda rejalashtiring va shu reja asosida «film»da rol ijro eting.

Erkin tasavvur. Niyatingiz amalga oshguncha fikrlar, timsollarning almashinishi, erkin harakatlanishiga imkon bering.

Ushbu ikki usulning samara berishi mashqlarni takrorlashingizga bog‘liq. Ko‘p kishilar ilk marta tasavvurlarini ishlatishga qiynaladi. Hammasini aql bilan o‘lchashga o‘rganganimiz bois dastlab istalgan holatni gavdalantirish qiyindek tuyuladi. «Film»ingiz ilk urinishdanoq tugallangan bo‘lishi shart emas. To‘xtovsiz o‘z ustida ishlagan odamgina tasavvur qobiliyatining cheksizligini anglab yetadi. Manaman degan rejissyor ham siz yaratgan filmdek tabiiy va ishonarli kino yarata olmaydi.

Unutmang, bir-ikki marta mashq qilish bilan ish bitmaydi. Niyatingiz o‘z ongingizga mustahkam muhrlanishi uchun haftalar, oylar kerak. Mabodo shubha tug‘ilgudek bo‘lsa (bu aniq), unga e’tibor qilmang. Qo‘rquv va xavotir – o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib, yo‘qolib ketadigan tuyg‘u. Mashqni davom ettiravering.

  1. Niyatingiz hozir, mana shu daqiqada amalga oshayotgandek, «bu ishlar aynan men bilan ro‘y beryapti», deb o‘ylang. O‘zingizni tutishingiz, ovozingiz va yuz ifodalaringizni tasavvur etib rolga kiring.
  2. Maqsadingizni kuniga kamida  bir  marta  ko‘z  oldingizga  keltiring. Har kuni mashq qiling. Takrorlash – muvaffaqiyat  garovidir.

O‘qish uchun yuborilgan pul

Miyangizga mahkam o‘rnashib qolgan har qanday fikr hayotingizga ta’sir qiladi.

Kamina shu o‘rinda ruhshunos Alan Richardsonning tajribasini misol tariqasida keltirishni lozim topdim. Talabalarning basketbol  jamoasini uch guruhga bo‘lish asnosida maxsus tadqiqot o‘tkazilgan. Birinchi guruh o‘yinchilari mashg‘ulotlarga har kuni qatnagan. Ikkinchi guruhdagilar hech nima bilan shug‘ullanmagan. Uchinchi guruhdagilar esa mashg‘ulotga qatnamay, go‘yoki tasavvurlarida o‘yinga tayyorgarlik ko‘rib, mashq bajargan: ular o‘zlarini har kuni yarim soatdan raqib to‘riga koptok kiritayotgan, raqiblarni aldab o‘tayotgan, yirik hisobda g‘alaba qozonayotgandek tasavvur qilishgan.

Bir oydan so‘ng uchala guruhdagi o‘zgarishlar tekshiruvdan o‘tkazilganda, birinchi  guruhdagilar natijani 24 foizga yaxshilashdi. Ikkinchi guruhdagilar natijani umuman o‘nglay olmagan. Uchinchi guruh ishtirokchilarining natijasi esa birinchi guruhniki bilan bir xil bo‘lib chiqdi.

Ijodiy tasavvurdan shiddatliroq kuch yo‘q. To‘g‘ri qilingan tasavvur insonning eng muhim qobiliyatidir. Orzu qilib, unga yetishga ishonishda davom eting, maqsadingizga eltadigan yo‘l va usul, shubhasiz, topiladi.

Los Anjelesda tug‘ilgan aktrisa Kerol Bernetni buvisi voyaga yetkazgan. Nafaqa puli  bilan uchma-uch yashaydigan bu oila nihoyatda qashshoq edi. Kampir ko‘chadan qog‘oz yig‘ib, kerakli joyga topshirar, shuning puliga tirikchilik qilardi. Ana shunday og‘ir sharoitiga qaramay, qiz kelajagi porloq bo‘lishidan umuman shubhalanmagan.

– Men biror martayam universitetga o‘qishga kirolmayman, deb o‘ylamaganman, – deydi Kerol Bernet. – Katta auditoriyalarda ma’ruzalar tinglab o‘tirganimni, talabalar shaharchasida yashab, ulkan ishtiyoq bilan saboq olayotganimni aniq-tiniq tasavvur qilardim. Bu fikr menga tunu kun tinchlik bermasdi. Hech qanday imkoniyatim bo‘lmasa-da, o‘zimcha talabalik baxtidan sarxush yurardim.

Xo‘sh, Kerol mablag‘ni qayerdan olgan?

– Maktabni bitirish arafasi edi, – deydi u. – Bir kuni pochtani qarasam, menga yuborilgan konvert turibdi. Markasi bor-u, lekin pochta muhri bosilmagan. Konvert ichida esa mening bir yillik o‘qishimga yetarli pul yotardi. Ishonasizmi, men haligacha bu pullarni kim yuborganini bilmayman.

Kamina, agar tasavvuringizni ishlatsangiz, siz ham Kerolga o‘xshab konvert to‘la pul topib olasiz, demoqchi emasman. Lekin kafilmanki, vaziyat, albatta, sizning foydangizga hal bo‘ladi. Eng muhimi ishonch, tasavvur kuchidan foydalanish, maqsad sari olg‘a intilishdir. Bu borada sizga miyangiz yordam beradi.

Akbar Fathullayev

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring