Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Kasallangan» tamg‘asi ostida. Ekologik holati og‘ir Navoiyda vaziyat chigallashmoqda

«Kasallangan» tamg‘asi ostida. Ekologik holati og‘ir Navoiyda vaziyat chigallashmoqda

Foto: «Xabar.uz»

Bahorning ikkinchi oyi Navoiy shahri aholisi uchun biroz noxushlik bilan boshlandi. Bahaybat texnikalar temir tishlari daraxtlarning yuragiga xanjardek sanchib, manzarali bog‘ o‘rnini salkam yaylovga aylantirdi...

Kasallangan daraxtlar kesib tashlandi, deya izoh beradi ayrim amaldorlar. Kasallangan bo‘lsa, o‘simlikshunos olimlar nima uchun bu ish bilan shug‘ullanmayapti?    

Kichik bir bog‘ uchun motam tutayotganlikda ayblamang bizni! Bu – birinchisi emas. Ko‘ziga yaxshi ko‘ringan joyni tanlab, yuzlab, minglab daraxtlarni kesib, o‘rniga ko‘p qavatli turarjoy binolari yoki savdo shoxobchalari qurayotgan «uddaburonlar», ularga ruxsat berayotgan amaldorlarning «muruvvati» qachonlardir tabiatning buzilgan muvozanati uchun hisob so‘rashi, buning kasriga butun aholi qolishini o‘ylab, vijdonimiz qiynalmoqda...

Bir daraxt meva berguncha chekilgan riyozatlar inson kamoloti yo‘lidagi mashaqqatlarga tengligini nahotki unutib qo‘ydik?! Manaman degan davlatlarda ham ming yillik daraxtlarni asrash tajribasi o‘sha mamlakatning boyligi, obro‘si sanaladi. Qolaversa, o‘simliklar dunyosi  inson hayoti uchun suv va havodek zarur. Ekologik holati og‘ir Navoiyda-ku, inchunin!

Tasavvur qiling, axir kecha, bugun va ertaga kesiladigan daraxtlar soni kundan-kunga ortib boraversa, yangi daraxtlarni parvarishlash uchun yillar talab etilsa, ahvol qanday bo‘ladi? Har yili o‘tqazilayotgan daraxtlarning yarmi yo issiqqa, yo sovuqqa bardosh berolmay qurib qolayotganligini ham yashirishga hojat yo‘q.

Balki kesilgan daraxtlar o‘rnida «Sharq qurilish servis» mas’uliyati cheklangan jamiyati bunyod etayotgan loyiha qiymati 5 milliard so‘mlik  kompleks  ko‘zlarni quvontirar. Navoiy shahar hokimi o‘rinbosari Ibrohim Qodirov aytishicha, bu majmuada 5 ta favvora quriladi, ularning bittasi 3D modelida bo‘lib, turli tasvirdagi ko‘rinishlari bilan ajralib turarkan, yana 100 dan ziyod o‘rindiq o‘rnatilib,  atrofiga yapon sakurasi, archa kabi 400 ga yaqin manzarali daraxtlar ekilar ekan. Xo‘p, yaxshi. Biroq shahar qiyofasini ko‘rkamlashtirish uchun qilinayotgan bu harakatlarni tabiatga ozor yetkazmasdan amalga oshirishning imkoni yo‘qmidi?! Yoki o‘shanday loyiha tayyorlashga me’morlarning «tishi» o‘tmadimi?

Navoiy shahridagi markaziy ko‘chaning avvalgi holati.

Aynan shu markaziy ko‘cha shahrimizning tashrif qog‘oziga aylangan edi. Azaldan Navoiy shahri nafaqat mamlakat, balki xalqaro doirada ham shaharsozlikning namunasi sifatida tan olingani, 1968 yili Navoiy shahri loyihasi rahbari L.Korotkov, loyihalashtirish binosining boshlig‘i Z.Ivanov, me’morchilik ustaxonasining rahbari I.Orlov, loyiha bosh me’mori N.Semyonov, bosh konstruktor G.Skoroxodov Davlat mukofotiga sazovor bo‘lganligi, 1975 yilda shaharning bir guruh me’morlari Jahon shaharsozligi kengashi mukofotini qo‘lga kiritgani, 1975 yilda Navoiy shahar me’morchiligi bo‘yicha Amerika Qo‘shma Shtatlarida o‘tkazilgan EKSPO ko‘rgazmasi mukofotining sovrindori bo‘lganligini eslaylik, axir?!

Keyingi yillarda esa... shaharsozlikdagi noyob yutuqlar uchun birorta me’morimizning mukofot qo‘lga kiritganligiga jamoatchilik guvoh bo‘lgani yo‘q.

Bugungi holat.

Odatda daraxtlar kesiladigan bo‘lsa, mutasaddi tashkilot xulosasi va  ruxsati bilan amalga oshiriladi. Bu gal e’tiborni xulosa va qarordan oldin ijroga qaratishdi.  Vaholanki, hukumat qarori bilan Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan yerlarda daraxtlar va butalarni ekish, parvarish qilish, kesish hamda daraxtlarni xatlovdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlangan. Nizom bilan Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan yerlarda daraxtlar va butalarni ekish, parvarish qilish, butash, kesish, shu jumladan, sanitariya maqsadida kesish hamda xatlovdan o‘tkazish tartibi belgilangan. Daraxtlar va butalarni kesish, shu jumladan, sanitariya maqsadida kesish ishlari mahalliy davlat hokimiyati organlarining Obodonlashtirish boshqarmalari yoki ushbu turdagi xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan tashkilotlar tomonidan to‘lov evaziga amalga oshiriladi,  deyilgan  nizomda.

Archa,  kashtan, oq qayin, tut, qarag‘ay va boshqa bir qator o‘simliklar qimmat daraxtlar sirasiga kiradi. Shahar savdo kompleksi (SUM) oldidagi  200 dan ortiq daraxtlarning barchasi navoiyliklar uchun juda qadrli edi.   

Yo‘qotilgan daraxtlarning tovon puli haqidagi hujjatni esa hech qaysi mutasaddi tashkilot mas’ullari taqdim qilishni istamadi. To‘g‘rirog‘i, bu «kasallangan» daraxtlarga tovon puli to‘lanadimi, yo‘qmi, bunisi bizga qorong‘u...

Marusa Hosilova,
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi a’zosi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring