Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

2050-yilda insoniyat demografiya jihatdan mushkul vaziyatda bo‘ladi

2050-yilda insoniyat demografiya jihatdan mushkul vaziyatda bo‘ladi

2050-yilga borib Yer kurrasida yashayotgan har oltinchi odam 65 dan katta yoshda bo‘ladi. Tug‘ilishning susayishi va qarish tendensiyasi esa ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga doyalik qiladi. 

Bu haqda 1-oktyabr – Xalqaro qariyalar kuni munosabati bilan e’lon qilingan tahlilda so‘z boradi.

Butunjahon ijtimoiy hisobotiga ko‘ra, sayyoramizda keksalar ulushi oshib bormoqda. 2021- yilda 65 va undan katta yoshdagilar 761 million kishini tashkil etgan bo‘lsa, 2050-yilda ular soni 1,6 milliardga yetadi. 60 yoshdan oshganlar esa kurrai arz aholisining 20 foizdan oshig‘iga to‘g‘ri keladi.

Keksalar soni oshishi qit’alar bo‘yicha turlicha kechadi. Masalan, Osiyoda qariyalar miqdori keskin ko‘paysa, Afrikada aholi yosh guruhlari mutanosib ravishda oshadi.

2021-yilda Shimoliy Afrika va G‘arbiy Osiyoda 65 yoshdan oshgan 30 million aholi istiqomat qilgan bo‘lsa, 2050-yilda bu raqam 98 millionga yetadi. Sharqiy va Janubi-sharqiy Osiyodagi nuroniylar soni esa 293 milliondan 598 millionga o‘sadi.

Ayni paytda Yevropa va Shimoliy Amerika mamlakatlari keksalar soni bo‘yicha yetakchi o‘rinni egallagan. Oradan chorak asr o‘tib, ushbu mintaqalarda 65 yosh dovonidan oshgan 303 million nafar kishi umrguzaronlik qiladi.

BMT hisobotiga qaraganda, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarining rivojlanish darajasi odamlarning umr ko‘rish ko‘rsatkichiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Qashshoqlik, yo‘qchilik va tabaqalanish umr uzunligiga soya soladi.

Qarisi bor uyning parisi bor, deyiladi ko‘hna hikmatlarda. Umuman olganda, keksalar soni oshishi ijobiy holat. Ammo tug‘ilish ko‘rsatkichining pasayishi va aholi tarkibida yoshlarning kamayishi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni keltirib chiqaradi. Shunga ko‘ra, xalqaro ekspertlar tug‘ilish va keksayish ko‘rsatkichlarida muvozanat bo‘lishi kerakligini ta’kidlaydi.

Shu bilan birga, jahon mamlakatlari aholi tarkibida ulushi oshib borayotgan keksalarni munosib ijtimoiy himoya bilan ta’minlashi ham lozim bo‘ladi.

BMT Bosh assambleyasining 1990-yil dekabrdagi rezolyusiyasiga muvofiq 1-oktyabr dunyo miqyosida Xalqaro qariyalar kuni sifatida nishonlanadi. Mazkur sana orqali keksalarning salomatligini muhofaza etish, ularga kerakli shart-sharoitlarni yaratishga e’tibor qaratish maqsad qilingan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring