Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Kim millioner bo‘lishni ista(ma)ydi? Taniqli bilimdon firibgarlikda gumon qilinyapti

Kim millioner bo‘lishni ista(ma)ydi? Taniqli bilimdon firibgarlikda gumon qilinyapti

Foto: «Kommersant’»

«Kim millioner bo‘lishni istaydi?» teleko‘rsatuvining bosh muharriri Ilya Ber «Nima? Qayerda? Qachon?» klublari xalqaro assotsiatsiyasi (KXA) raisi va bilimdoni Aleksandr Druzni firibgarlikda aybladi.

Ilya Ber «Jivoy jurnal»da yozishicha, «Birinchi kanal»da 2018-yilning dekabr oyida efirga uzatilgan «Kim millioner bo‘lishni istaydi?» teleko‘rsatuvi yozib olinishidan avval bo‘lgan telefon orqali suhbatda taniqli bilimdon bosh muharrirdan tushadigan savollar va ularning javoblarini bilib olishga uringan. Evaziga yutuq — 3 million rublning bir qismini berishga va’da bergan.

Ilya Ber ham anoyilardan emas ekan: suhbatni davom ettiravergan, buyoqda diktofonni ham yoqib qo‘ygan. O‘zini Druzning taklifiga ko‘ngandek qilib ko‘rsatib, hatto savollarni bergan ham, faqat ayrimlarini. Bundan maqsadi keyinchalik Druzni fosh qilish edi.

Aleksandr Druz va u bilan birga o‘ynagan bilimdon Viktor Sidnev oxirgi — o‘n beshinchi savolgacha yetib borishdi, biroq hal qiluvchi savolga xato javob berishdi va millionlarsiz qolishdi — o‘yin «kuyib ketmaydigan» 200 ming rubllik yutuq bilan nihoyasiga yetdi.

Shunisi qiziqki, xufyona bitim tashabbuskori aynan Druz bo‘lganmi-yo‘qmi, janob Berda bittayam dalil yo‘q.

«Nazariy jihatdan Druzning o‘zi suhbatni yozib olishi va meni ushlab berishi ham mumkinligini inkor etmayman. Biroq bunday emas. O‘ninchi savoldan so‘ng Druzning rangi oqarib ketdi, buyog‘iga Sidnev faolroq o‘ynadi», — deb yozadi Ilya Ber. Uning aytishicha, bu masalani «Igra» telekompaniyasi rahbariyati bilan muhokama qilishga urinishi natija bermagan.

«Ushbu postni KXA axloq komissiyasi hamda KXA boshqaruviga rasmiy murojaat sifatida qabul qilishingizni so‘rayman. Nusxalari shu tuzilmalarning ramiy manzillariga yuboriladi. Ha, Druzning ustidan uning o‘zi rahbarlik qilayotgan tashkilotga shikoyat yozish g‘alati, biroq men uni saylamaganman, buning ustiga u yerda uning bir o‘zi ishlamaydi», — deb yozadi «Kim millioner bo‘lishni istaydi?» teleko‘rsatuvining bosh muharriri. Ilya Ber shuning barobarida Druzga nisbatan jinoiy jazo qo‘llanilishi tarafdori emasligini, bilimdon RF JKning bironta moddasini buzganiga uning o‘zi ham shubha qilayotganini ma’lum qilgan.

«Birinchi kanal» matbuot xizmati ushbu voqea yuzasidan o‘z munosabatini bildirdi.

«Bu voqea yuzasidan bizda savollar ko‘p. Telefon qo‘ng‘iroqlari haqqoniymi, Ilya Berning suhbatdoshi chindan ham Aleksandr Druz edimi, qolaversa, janob Berning o‘ziga ham savollarimiz bor. Chindan ham bu voqea bo‘lgan ekan, nega dalillarni endi ochyapti, ko‘rsatuv o‘tgan yilning noyabr oyida yozib olingan-ku?

Mana shularga oydinlik kiritib olsak, «Kim millioner bo‘lishni istaydi?» va «Nima? Qayerda? Qachon?» ko‘rsatuvlari mualliflari bilan bir qarorga kelamiz va buni ma’lum qilamiz», — deyiladi xabarda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring