Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Behzod Qobulov

Olam ufqqa borib tamom bo‘ladi. Odam umidini yo‘qotib tamom bo‘ladi (Tog‘ay Murod).

Komissiya «mudhish xato»ni topdi

Komissiya «mudhish xato»ni topdi

Illyustrativ surat.

Foto: «The Telegraph»

Butun dunyoda shunday. Jamoatchilik nazorati, qonun ustuvorligini ta’minlash, barcha jabhalarda adolat mezonlarinining barqarorligini saqlash borasida davlatga jurnalistika kabi boshqa birorta soha yelka tuta olmaydi. Bu — kasbimizning muqaddas qonuni.

Albatta, haqiqat bilan yuzlashish, vijdonni azobga qo‘yadigan mulohazalar bilan ro‘baro‘ kelish har kimga ham yoqavermaydi. Jurnalistni ta’qib qilish, «qalovini topib» ovozini o‘chirishga urinishlar tez-tez kuzatib turiladi. Shundanmi, jurnalistlik kasbi dunyo miqyosida hayot uchun eng xafvli kasblar sirasiga kiritilgan.

Yaqinda «Xabar.uz» saytida o‘qituvchi, maktab atrofidagi ba’zi g‘irromliklarni aniq dalillar bilan maqola tarzida bayon qilgandim.

Maqolam chop etilgach, otamning atrofida qora bulutlar paydo bo‘la boshladi. Otam ishlayotgan maktabni «komissiya» bosdi. Tekshiruvchilar ham viloyat xalq ta’limi boshqarmasidan bo‘lib, uncha-muncha emas. Xullas, qidira-qidira, oxiri bitta yirik, o‘ta mudhish kamchilik topibdilar: maktab hojatxonasining eshigi bo‘yoqlanmagan ekan!

Tekshirish yakunlari bo‘yicha tuman maorifchilarining umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi va viloyat XTB boshlig‘ining o‘rinbosari qiyomat majlis o‘tkazadi. Yig‘in davomida otamga o‘shqirib, o‘z ixtiyori bilan ishdan bo‘shash haqida ariza yozishni buyuradi.

Bu voqea haqida bir kundan keyin, onam orqali xabar topdim. So‘rab-surishtirsam, maktabimizdagi hojatxona eshigi qattiq shamolda uchib, sinib ketgan. Shundan so‘ng otam boshqa (kapital remontga tushgan shu atrofdagi bolalar bog‘chasining eski eshiklari) eshik o‘rnattirgan. Eshiklarning tashqi tarafini zangori va ko‘k rangga bo‘yattiribdi. Ichki qismi esa bo‘yoqlanmagan.

Shugina asos bilan ta’lim tizimiga salkam 40 yil mehnati singan pedagogni «o‘z arizasiga binoan» ishdan olmoqchi bo‘ladilar. Bilaman, «Balki boshqa sabablar bordir», «Shamol bo‘lmasa..», degandek o‘ylayapsiz.

Hammasiga aybdor menman! Kasbimga sodiq bo‘laman deb, oilamga xiyonat qilgandim. Aniqroq aytganda, zo‘ravonlarning chirkin qoidalariga qarshi borgandim. Men saytda chop etilgan o‘sha maqolada yozganlarim orqali huquqiy hujjatlar manzarasidagi kemtiklik haqida mulohaza yuritgan edim. Biroq, po‘panak bosib, irib-chirib ketgan shunday qoidalar borki, gohi ular bilan hisoblashishga to‘g‘ri keladi. Ko‘ngilni mahzun qiladigani, bugun jurnalistika oldida turgan to‘siq ham mana shu!

Qarshi taraf aqlli chiqdi, «jozibali», serta’sir usul yordamida «ovozimni o‘chirmoqchi» bo‘lishdi. Ha, aytgancha, ushbu maqola chop etilgach, ertaga viloyat xalq ta’limi boshqarmasi mas’ullari tekshiruvga saytda chiqqan maqolaning aloqasi yo‘qligi, bu belgilangan reja asosidagi tekshiruv ekanini aytishlari turgan gap. Ammo, ular bu gal qovun tushirib qo‘ydi. Bir insonni ishdan bo‘shatishga bahona sifatida keltirilgan — ichki qismi bo‘yoqlanmagan hojatxona eshigi o‘ta zaif dalildir. Agarda ular jo‘yaliroq, asosliroq dalil topganida-chi? Yoki shunday bir soxta vaziyatni uyushtirganida-chi? Unda nima bo‘lardi? Haqligingni isbotlash uchun yillab sudma-sud yugurish, oxirida, tinka-madoring qurigach «Aybsizsan o‘rtoq», degan yozuv ko‘ngilga darmon bo‘ladimi? Yo‘q va million karra yo‘q.

Saytda chop etilgan maqolaning hajmi kattaligi bois, shuncha tekshir-tekshir, zimdan tish qayrashga sabab bo‘lgan bayon etilmish manzaralarni bunda takror qayd etish, ayni paytda, nokerak deb hisoblayman. Boisi, gap alohida bir xususiy holat haqida emas, jurnalistga nisbatan mana shunday bosimlarning, zug‘umlarning muntazamlik kasb etayotganidadir. Biroq, bu o‘rinda kishini diltang qiladigan holat shuki, zo‘ravonlar jurnalistga oshkora tahdid, zug‘um qilishga qanday botindilar? Jurnalistning ortida hech kim yo‘q, degan o‘y qachon paydo bo‘lgan o‘zi? Nega jamiyatimiz bunday o‘y-xayoldagi kimsalarning niyati shumiga bolta urarlik darajada mustahkam emas? Qachon, ayting, qachon tanqid yozgan jurnalist mutlaq daxlsiz bo‘ladi?

Meni mana shu savollar o‘ylantiradi...


Maqola «Jamiyat» gazetasining 2-mart, 9-sonida e’lon qilingan.

Izohlar 2

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring