Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

 Korrupsiya — jamiyat tanasidagi yara. Unga davo bormi?

 Korrupsiya — jamiyat tanasidagi yara. Unga davo bormi?

Foto: «Xabar.uz»

Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri aylandi, uning huquqiy asoslari, tashkiliy tuzilmasi va amalga oshirish strategiyasi belgilandi. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasiga (Nyu-York, 2003 yil 31 oktyabr) qo‘shilishi islohotlarning dastlabki muhim qadami bo‘lib, uni amalga oshirishning milliy mexanizmi sifatida «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi Qonun, Prezidentning «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-2752-son qarori qabul qilindi.

Korrupsiyaga qarshi kurashishning institutsional tuzilmasi sifatida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi tashkil etilib, hozirgi kunda mazkur idora UNODC (BMTning Narkotik va jinoyatchilik bo‘yicha idorasi), UNDP (BMT taraqqiyot dasturi) va OSCE (Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti) kabi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda faoliyat olib bormoqda. Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturining qabul qilinishi bu borada davlat siyosatini amalga oshirish strategiyasining asosiy yo‘nalishlarini belgilab berdi.

Biroq, O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida quyidagi yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratish maqsadga muvofiq hisoblanadi:

Birinchi yo‘nalish — korrupsiyaga qarshi kurashning preventiv choralari samaradorligiga erishish. Mazkur yo‘nalishga ko‘ra, korrupsiyaning oldini olishning nazariy poydevori «ta’lim, xabardorlik va targ‘ibot» (Education, Awareness and Advocacy) tamoyillariga asoslanib, amaliy tomondan esa «samaradorlik, shaffoflik va hisobdorlik» (Effectiveness, Transparency, Accountability) tamoyillari asosida aniq davlat siyosatini ishlab chiqishdan iborat. Bu borada davlat siyosati dunyoda (xususan, Singapurda) «One size fits all» («barcha uchun bir xil mezon») modeli asosida ishlab chiqilib, korrupsiyaga qarshi kurashishning aniq huquqiy mexanizmi, samarali institutsional tuzilmasi, moliyaviy va mehnat resurslari bilan doimiy ta’minlab turilishi, muntazam monitoring faoliyati hamda xolis va shaffof baholash tizimi ko‘rsatilishi lozim. «O‘zbek modeli»da esa davlat siyosatining yuqoridagi sanab o‘tilgan elementlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik va bir-biriga ta’sir qilish mexanizmi yo‘lga qo‘yilmagan bo‘lib, bunda yaxlit kompleks tizimning uzviy ishlashini yo‘lga qo‘yish taklif etiladi.

Ikkinchi yo‘nalish — korrupsiyaga qarshi kurashish strategiyasida intergatsiyalashgan yondashuvni qo‘llash. Bunda davlat organlarining fuqarolik jamiyatining barcha institutlari bilan hamjihat faol harakatini ta’minlash, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashishda milliy tuzilmalarning xalqaro tashkilotlar bilan hamkorligini yanada kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor beriladi. Bu borada O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida integratsiyaga erishishga to‘sqinlik qilayotgan omillardan biri — aniq statistika va maqbul dalillarga asoslangan ma’lumotga tayangan holda ish olib borish tizimining mavjud emasligi hisoblanadi.

Uchinchi yo‘nalish — jamiyatning har bir sohasida, xususan, tadbirkorlik, ta’lim, sog‘liqni saqlash tizimlarida korrupsiyaga qarshi kurashishni yanada kuchaytirish, korrupsiya bilan bog‘liq ayrim hatti-harakatlarni kriminalizatsiyalash hamda xalqaro standartlarni to‘liq va to‘g‘ri qo‘llash talab etiladi. Bu borada xalqaro hujjatlarda nazarda tutilgan «noqonuniy boylik orttirish», «uchinchi shaxslarning moddiy manfaatlarini ko‘zlab tamagirlik qilish» kabi xatti-harakatlarni kriminalizatsiya qilish masalalarini ko‘rib chiqish vaqti keldi, deb o‘ylaymiz.

To‘rtinchi yo‘nalish — korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturining bajarilishi. Bu borada monitoring jarayonida samarali huquqiy mexanizmning yetarli emasligi, davlat xizmatchilarining etika qoidalariga rioya qilish darajasining pastligi, davlat organlari faoliyati ochiqligi tamoyilining amalda nomigagina ishlayotganligi kabi masalalar hal qilinishi lozim.

Va nihoyat, beshinchi yo‘nalish — korrupsiyaga qarshi kurashishning zamonaviy tendensiyalaridan kelib chiqib, amalda real ishlaydigan strategiyani ishlab chiqish. Zamonaviy tendensiyaga ko‘ra, korrupsiyaga qarshi kurashish uch bosqichda amalga oshiriladi: birinchi bosqich — jamiyat a’zolari faol ishtirokini kuchaytirish uchun ma’lumotlarni erkin olish imkoniyatini yaratish; ikkinchi bosqich — yangi texnologiyalardan foydalangan holda korrupsiya holatlari haqida axborot berish va oldini olish; uchinchi bosqich — korrupsiyaga oid muammolarni hal qilish va bartaraf etishda jamoyatchilik ishtirokini ta’minlashning aniq tizimining amalda ishlashi.

Mazkur zamonaviy tendensiyadan kelib chiqib, O‘zbekistonda har bir sohada korrupsiyaga qarshi kurashishda uning (sohaning) xususiyatlaridan kelib chiqib yondashish, korrupsiya holatlari haqida xabar berishning yangi innovatsion usullarini ishlab chiqish va qo‘llash, korrupsiya holatlarini ekspertizadan o‘tkazish, monitoring qilish va baholashning real, hayotiy, xolis va shaffof indikatorlarini belgilash maqsadga muvofiqdir.

 Baxshillo Xodjayev,
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti
direktori o‘rinbosari v.b.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring