Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ko‘z yoshlanishi jiddiy kasallikdan darakmi? Shifokor maslahati

Ko‘z yoshlanishi jiddiy kasallikdan darakmi? Shifokor maslahati

Ba’zi insonlar hech bir sababsiz ochiq havoda ko‘zlari yoshlanishidan shikoyat qiladi. Qolaversa, kuchli shamol, sovuq havo va yorqin quyosh nurlari ta’sirida ham ko‘pchilikda ana shunday holat kuzatiladi.

Xo‘sh, bu nima bilan bog‘liq?

Respublika ko‘z kasalliklari klinik shifoxonasi bosh shifokori Otabek Ikromov SSV matbuot xizmati bilan suhbatda bu haqda fikr yuritdi. 

— Inson tanasidagi mushaklar orasida eng faoli ko‘z bo‘lib, uning diametiri 2,5 sm.ga yaqin, og‘irligi esa o‘rtacha 8 gr.ni tashkil etadi, — deydi shifokor. — Qolaversa, ko‘z inson tanasidagi eng muhim sezgi a’zolaridan biri hisoblanib, tashqi axborotlarning 70 foizi aynan u orqali qabul qilinadi.

Shu boisdan ko‘zlarning biror kasallikka chalinishi jiddiy muammo va noqulaylikni keltirib chiqarishi mumkin. Misol uchun, qorachiqlar yoshlanishini olaylik. Afsuski, ko‘pchilik insonlar ushbu holatga «o‘tib ketar» qabilida unchalik ham e’tibor qilavermaydi. Oqibatda esa ko‘zda jiddiy asoratlar kelib chiqadi.

Ko‘z yoshlanishiga olib keluvchi omillar turlicha bo‘lgani bois, uni davolashda, albatta, okulist-shifokorga murojaat qilish, uning sababini aniqlash hamda mutaxassis tavsiyalariga rioya qilish zarur. O‘zboshimchalik bilan muolajalarni qo‘llash esa keyinchalik tuzatib bo‘lmas muammolarga olib kelishi mumkin.

Aslida ko‘z yoshlanishi gipersekretor hamda retension turlarga ajratiladi. Gipersekretor jarayon ko‘z yosh suyuqligining me’yordan ortiq ishlab chiqarilishi bo‘lsa, retension turi ko‘z yosh yo‘llari o‘tkazuvchanligining buzilishi bilan xarakterlanadi.

Gipersekretor ko‘z yosh ajralishini keltirib chiqaruvchi omillar bir qancha. Xususan, allergiya, konyuktivit, ko‘z muguz pardasining mexanik yoki kimyoviy zararlanishi, infeksion turdagi kasalliklar asorati, keratit shular jumlasidan.

Bu holatda muolajani boshlashdan avval bezovtalikni keltirib chiqarayotgan kasallik aniqlanib, shundan so‘ng davo choralari birgalikda olib borilishi maqsadga muvofiq. Ana shundagina kutilgan natijaga erishiladi.

Retension ko‘rinishi esa ko‘z yosh ajralishidagi ayrim buzilishlar bilan xarakterlanadi. Ushbu holat ko‘z yosh qopchasi yallig‘lanishi, ko‘z yosh kanalining qurib qolishi, burun bo‘shlig‘i kasalliklari – gaymorit, rinit, poliplar va shilliq qavat shishlari sabab kelib chiqishi mumkin.

Bu vaziyatda esa ko‘pincha jarrohlik amaliyoti talab etiladi. Shunday ekan, agar sizni ko‘z yoshlanishi bezovta qilayotgan bo‘lsa, eng avvalo, shifokor ko‘rigiga boring va uning tavsiyalari bilangina davo muolajalarini oling.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring