Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Logotipi «Boeing»dan o‘g‘irlangan tashkilot esingizdami? Tanqidimizdan so‘ng kamchiliklar tuzatildi!

Logotipi «Boeing»dan o‘g‘irlangan tashkilot esingizdami? Tanqidimizdan so‘ng kamchiliklar tuzatildi!

Foto: «Xabar.uz»

Bundan qariyb bir oy muqaddam portalimizda «Sayti ishlamayotgan, logotipi «Boeing»dan o‘g‘irlangan tashkilotni bilasizmi? U O‘zbekistonda!» sarlavhali tanqidiy maqola e’lon qilingan edi.

Maqolada O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondining sayti ishlamayotgani, sayt yangilanish jarayonida bo‘lib, biroq uning aynan qachon ishga tushishi haqida xabar berilmagani, shu bilan birga tashkilot rasmiy belgisi, ya’ni logotip dunyoga mashhur «Boeing» kompaniyasining ramzidan ochiqchasiga o‘g‘irlangani tanqid qilingan edi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi 10 yildan ko‘proq vaqt davomida amalda bo‘lgan o‘g‘irlangan logotipni bekor qilib, yangisi uchun respublikada faoliyat olib boruvchi dizaynerlar o‘rtasida tanlov e’lon qilgan va g‘olibga 3 mln. so‘m miqdorida mukofot berilishini bildirgan edi. Bizga ma’lum qilinishicha, tanlov nihoyasiga yetgan va quyidagi logotip tashkilot ramzi sifatida qabul qilingan:

O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondining yangi logotipi.
Foto: «Xabar.uz»

Bundan tashqari, fondning ancha vaqtdan beri ishlamayotgan rasmiy veb-sayti ham ishga tushirilibdi. Yangilangan saytda fond, uning tarixi, rahbariyat, xodimlar haqidagi ma’lumotlar, fond faoliyatiga oid xabarlar, tadbirlarning tafsilotlari haqida batafsil ma’lumot olish mumkin. Qolaversa, saytda fonddan moliyaviy yordam olish tartibi va shartlari xususida ham atroflicha axborot berilgan.

O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondining rasmiy saytidan skrinshot.

Shuningdek, saytda virtual qabulxona tashkil etilgan bo‘lib, bu orqali fond direktoriga to‘g‘ridan-to‘g‘ridan murojaat qilish, ariza, shikoyat va takliflarni yo‘llash mumkin. Yana saytda «Feedback», ya’ni «Qayta aloqa» funksiyasi ham bo‘lib, buning yordamida tashkilotga tezkorlik bilan bog‘lanish imkoniyati yaratilgan.

Albatta, sayt ayrim kamchiliklardan xoli emas. Ammo biz uchun muhimi OAVda e’lon qilingan tanqid to‘g‘ri qabul qilinib, to‘g‘ri xulosa chiqarilganidir. «Xabar.uz»ga ma’lum qilishlaricha, bu ishlarning ortida fondga yaqinda tayinlangan yangi direktor turibdi. Tanqidni to‘g‘ri qabul qila oladigan, uning kelajak mevasi ekanini anglab yetgan, OAV bilan hamkorlikdan qochmaydigan ana shunday rahbarlar ko‘payaversin, deb qolamiz.

O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondining rasmiy saytidan skrinshot.

Darvoqe, bundan buyon «Xabar.uz» O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondining rasmiy axborot hamkori hisoblanadi. Portalimizda e’lon qilinadigan xabar va maqolalarimiz avtomatik ravishda fondning rasmiy saytiga ham yo‘naltiriladi. Hamkorligimiz faqatgina bu bilan chegaralanmaydi. Oldinda birgalikda bir qancha loyihalarga qo‘l urish arafasidamizki, ular o‘quvchilarimizga manzur bo‘lishiga ishonamiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring