Prezident Antaliyada Mafalda Duerte bilan uchrashdi: tafsilotlar
Antaliya shahriga amaliy tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘zi uchun ajratilgan qarorgohda Yashil iqlim fondi ijrochi direktori Mafalda Duerte bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot chog‘ida iqlim o‘zgarishiga moslashish borasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish hamda iqlim moliyasi mablag‘larini jalb etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Jamg‘arma bilan sheriklik aloqalari mustahkamlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Qo‘shma loyihalar portfeli 200 million dollardan oshdi.
Davlatimiz rahbari Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishiga chidamli landshaftlarni yaratish bo‘yicha mintaqaviy dastur ma’qullanganini olqishladi.
Mamlakatimiz moliya institutlarining fond resurslaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri foydalanish imkoniyatini ta’minlash, O‘zbekistonda iqlimga oid, shu jumladan, Orolbo‘yini ekologik jihatdan tiklash hamda “yashil” shaharlarni rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli investitsiya dasturini shakllantirish muhimligi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida sheriklikni mustahkamlash va yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter