Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tursunali Akbarov

Yig‘lab borma, ho‘ngrab chiqadi!

Marg‘ilondagi mehribonlik uyi: Hukm o‘qildi. Xo‘sh?

Marg‘ilondagi mehribonlik uyi: Hukm o‘qildi. Xo‘sh?

Foto: O‘zA

Yana shov-shuv

Ijtimoiy tarmoqlar yana junbushga keldi: uch-to‘rt oy burun Marg‘ilondagi 1-Mehribonlik uyida aniqlangan jinoyatlar qancha shov-shuv bo‘lgan bo‘lsa,  endilikda sudlanuvchilarga nisbatan tayinlangan jazo suroni undan qolishmayotir. Ko‘ndalang qo‘yilayotgan savol  bitta: shu-uncha jinoyatlarga shugina jazomi?..

Ayblovlar vahimali edi-da. Qarang:  

Jinoyat kodeksi (JK)ning 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish);

 205-modda (Mansab vakolatini suiiste’mol qilish);

209-modda (Mansab soxtakorligi);

115-modda (Voyaga yetmagan shaxsning homilasini sun’iy ravishda tushirishga majburlash);

127-modda (Voyaga yetmagan shaxslarni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb etish);

129-modda (O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish);

110-moddasi 2-qismi «a» va «b» bandlari (Ojizligi aybdorga ayon bo‘lgan voyaga yetmagan shaxslarni muttasil ravishda do‘pposlash va boshqacha harakatlar bilan qiynash);

128-moddasi (O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish)....  


Mavzuga doir: Mehribonlik uyining sobiq direktori va xodimlariga nisbatan sud hukmi o‘qildi


Jazo qanaqa bo‘ldi?

Bo‘yniga shunday «ayblovlar guldasta»si ilinganlarning (ular 10 nafar: direktor, uning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, bosh buxgalter, kassir va yana olti nafar tarbiyachi, sudlanuvchilarning besh nafari ayollar) «kattasi» — muassasa direktori va uning o‘rinbosari to‘rt yilga «kesildi», boshqa erkak sudlanuvchilar uch yil nari-berisi, ayollar esa ozodlikdan cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolarga mustahiq etildi. Jinoyatlar o‘tgan yilning oxirida fosh etilib, o‘shandayoq Mehribonlik uyi rahbar-xodimlari hibsga olingani (2017-yil, dekabr) e’tiborga olinsa, tayinlangan jazoning qariyb uchdan yoki to‘rtdan biri ortda qolgani oydinlashadi (ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq jazo muddati aybdor hibsga olingan kundan boshlab hisoblanadi). Demak, buyog‘iyam oz qolgan: mahkumlar hatto «zona» yuzini ko‘rmasligiyam mumkin...

Jazo og‘irmi yoki yengilmi?

Jinoyat himoyasiz yetimlarga nisbatan sodir etilgani e’tiborga olinsa, hissiyotlar junbushga kelib, jazo yengilday tuyulishi mumkin. Sud esa o‘zinikini ma’qullashi aniq, ana, hukmining hali siyohi qurimay sudya R. Araboyev O‘zAga intervyu berishga ulguribdi: «...sud tomonidan qonuniy, adolatli va asosli qaror qabul qilindi». Sudyaning bu qadar ishonch bilan gapirishi hukm yuqori bosqichda ham o‘zgarishsiz qoldirilishidan nishonaday... Ustiga ustak, hukm yuqorida bosqichda ko‘rilishining o‘zi katta so‘roq ostida. Chunki hukmga nisbatan ikkita sub’yekt shikoyat berish huquqiga ega: jabrlanuvchilarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishga mas’ul Farg‘ona viloyati xalq ta’limi boshqarmasi va viloyat prokuraturasi. Hamma balo shundaki, muassasada vaziyat bu darajada achib-bijg‘ib ketishida ikkala davlat tashkilotining  yetarlicha «hissasi» bor!..


Mavzuga doir: Marg‘ilondagi mehribonlik uyi xodimlariga chiqarilgan «o‘ta yumshoq hukm» jamoatchilik g‘azabini keltirdi


Bitta «yorqin» misol: 1-Mehribonlik uyining jinoiy javobgarlikka tortilgan direktori bu dargohga qariyb yetti yil rahbarlik qilgan (2010—2017-yillar). Qizig‘iki, faoliyatining oxirgi bir-bir yarim yilida u ikki bor ishdan olinib, ikki bor lavozimiga qayta tayinlangan?! Bunday sirli «olinuv-tayinlanuv»larning o‘zi xalq ta’limi rahbarlariga yetarlicha savollar tug‘diradi... Rost-da, Mehribonlik uyidagi ahvol chidab bo‘lmas darajaga yetgan, bundan go‘yoki bexabar  mutasaddilar esa direktorni ishdan olib, yana qayta tayinlash bilan ovora?!

Prokuraturaga ham savollar yetarli: voyaga yetmaganlarning haq-huquqi himoyasi mazkur davlat organining eng birlamchi vazifasiga kiradi. Bundan tashqari, Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha Respublika idoralararo komissiyasi bor, Bosh prokuratura uning ishchi organi bo‘lib, Bosh prokuror o‘rinbosarlaridan biri bir vaqtning o‘zida mazkur komissiya raisi hisoblanadi. Shunga qaramay, muassasada yetimlar haqqini o‘marish, norasidalarni kaltaklash-qiynash, fahsh-razolat oddiy holga aylangani aqlga  sig‘maydi?!

Bundan xulosaki, boshqarma ham, prokuratura ham bu shov-shuvlar, bu g‘urbatlar tezroq yakun topishini xohlaydi. Shunday ekan, masalani achchiq ichakday cho‘zishdan nima naf? Qolaversa, muassasadagi holatlarga qancha chuqur kirilsa, ularning  yuzi shuncha «ochilib» boraveradi, axir?!

Zo‘rlash bormidi?

Ijtimoiy tarmoqlarda Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari zo‘rlangani haqida bong urilmoqda. Insof yuzasidan aytsak, ayblovda zo‘rlashga oid birorta epizod yo‘q. Faqat voyaga yetmagan bitta tarbiyalanuvchining og‘iroyoq bo‘lib qolgani-yu uning homilasi majburiy tushirilgani (JK 115-moddasi), yana bir o‘rinda shu muassasa tarbiyachisining  tarbiyalanuvchi qiz bilan jinsiy aloqa qilgani (JK 128-moddasi) holati qayd etilgan. Jinoyat kodeksining 115-moddasida (ayolni o‘z homilasini sun’iy ravishda tushirishga majburlash) ozodlikdan mahrum etish jazosi ko‘zda tutilmagan, aybdor eng kam oylik ish haqining ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlariga mustahiq etilishi mumkin. 128-modda esa (voyaga yetmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) nisbatan og‘irroq: shunday ifloslikka qo‘l urgan kimsa «uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi».  

Albatta, homila osmondan tushmaydi. Har ikki holatda ham voyaga yetmagan qizlar ixtiyoriy ravishda noma’qulchilik qilgan deya topilib, hech kim zo‘rlash jinoyati bilan ayblanmagan. Shundan kelib chiqilsa, sudlanuvchilarga qayd etilgan moddalarda ko‘rsatilgan jazolarning eng og‘iri tayinlangan ko‘rinadi. Xususan, Mehribonlik uyi feldsheri voyaga yetmagan qiz bilan «ko‘ngilxushlik» qilgani uchun uch yilga «kesilibdi»...

Shunga qaramay holatni mantiq tarozisiga qo‘ysak: voyaga yetmagan shaxs qilayotgan ishining oqibatini biladimi? Bu borada tushunchaga egami? Umuman, kaltak-qiynoq ostida «tarbiya» olayotgan bolalarda inon-ixtiyor degan narsaning o‘zi bormi?..

Ayblovda yo‘q iqrorlar

Gap «inon-ixtiyor»ga taqalar ekan, ayblovga kiritilmagan, biroq muassasa direktori hisbga olingani hamono bulbulchadek sayrab tan olgan bir-ikkita holatlar xususida to‘xtalib o‘tishga ehtiyoj seziladi.

Direktorning tan olishicha, u shu muassasada tarbiyalangan bir qizni (kollejni bitirib kelganidan keyin) ishga oladi. Endigina o‘n yettini hatlagan qiz direktorning bu «muruvvati»ga javoban nomusini «hadya» etadi, go‘yo... Qayerda deng: rahbarining muassasadagi «xosxona»sida! Bu holatning ayblov darajasiga chiqmagani sababiyam o‘sha: hammasi «ixtiyoriy» tarzda kechgan, vassalom! Bu o‘rinda zo‘rlash haqida gap-so‘z bo‘lishi mumkinmas, deylik. Biroq «ixtiyoriylik» bilan «majburlik» orasida yer bilan osmoncha farq bor, axir?! Sho‘rlik qiz rahbarning quchog‘iga kirmaganida muassasadan unga ish topilarmidi? Bu savolga  ijobiy javob bermoq qiyin. Muassasani «shaxsiy tomorqa»ga aylantirib, yetimlar haqqini muttasil tuya qilib kelgan rahbarning ikkinchi nafsi ham hakalak otgani haqiqatga yaqinday. Vaholanki, xizmat, moddiy yoki boshqa jihatlardan aybdorga qaram bo‘lgan ayolni jinsiy aloqa qilishga majburlash yoki shu bemazagarchilikni qilish jinoyat hisoblanmaydimi (121-modda)?!.

Yomondan yomoni shundaki, Mehribonlik uyidagi chirkin muhitda ulg‘ayib, shu muassasaga  tarbiyachi bo‘lib qaytishi ham «shunchaki» amalga oshmagan qizda hayotga, odamlarga nisbatan nafrati kuchaygandan kuchayib borishi tayin. Shundoq bo‘ldi ham. Bugun o‘sha qiz — yigirma besh yoshida sudlanuvchilar qatorida o‘tiribdi! Yillar davomida yig‘ilgan nafratini bir paytlar o‘zi kabi himoyasiz yetim  bolalarga sochgan: urib, qiynab, azoblab...

Yana bir holat

Yetimlar haqqini faqat shu muassasa rahbarlarigina yemagan ko‘rinadi. Mehribonlik uyi direktorining dastlabki tergovda yana shunday ko‘rsatmasi bor. Mazmuni shuki, viloyat moliya boshqarmasi tomonidan 2016-yilda 1-Mehribonlik uyiga qarashli Quvasoy shahrida joylashgan lagerning ma’muriy binosi va oshxona tomini ta’mirlash uchun 30 (o‘ttiz) million so‘m ajratiladi. Mazkur mablag‘ shunchaki tutqazib qo‘yilmaydi, moliya boshqarmasida ishlaydigan bir Vallomat shart qo‘yadiki: «pulni falon firmaga o‘tkazasan, yo‘qsa...»! Shartga direktor rozi bo‘ladi. Pulga ega chiqqan firma esa ta’mir ishlarini qo‘l uchida bajarib ketadi...

Davlat ajratgan pulga «xo‘jayinlik» qilgan moliya boshqarmasidagi Vallomat hamda uning «panohidagi» firma mutasaddilari xatti-harakatlariga huquqiy baho berildimi-yo‘qmi degan savol ochiq va hamon muallaq turibdi... Bunisiga nima deysiz?

Yozuvlarimizdagi ohang kimlardadir e’tiroz qo‘zg‘ashi mumkin:  jinoyatni fosh etib, aybdorlarga nisbatan jazo muqarrarligini ta’minlaganlarga pisanda nechuk?.. Kechirgaysiz,  jinoyat  Farg‘ona viloyati DXX xodimlari tomonidan fosh etilgan. Fosh etilgandayam yuksak professionalizm namoyon etilganini  tan olmaslik insofdan emas.  Go‘yoki homiylar yordami deya Mehribonlik uyiga keng ekranli televizor berilib, unga o‘rnatilgan kameralarga muassasadagi jaholatlar muhr etilmaganda, kim bilsin, jinoyat qachon fosh etilardi?! Holbuki, mutasaddilar vaqti-vaqti bilan muassasaga kelgan, tekshirgan, dalolatnomalar yozilgan... Biroq kameralardagi manzaralardan farqli ravishda, qog‘ozdagi jimjimalar  real holatni aks ettirsa, qani?!. Loaqal 2016-yilda.

O‘shanda  prokuratura va moliya boshqarmasidan kelgan mas’ullar qanday kamchilik topib, nima chora ko‘rganini bilmadigu ularning «tashrifi»dan keyin ham muassasadagi ahvol o‘zgarmagani haqiqat. O‘sha tekshiruvda  tarbiyachilaridan biri soxta diplom  bilan ishlayotgani  aniqlanadi, biroq issig‘ida «bosdi-bosdi» qilib yuboriladi... Mehribonlik uyidagi ahvol esa, ta’kidlanganidek,  «barqaror» davom etaveradi: muassasa xodimlarning tergov hujjatlariga zikr etilgan ko‘rgazmalariga ishonsak, bu dargohning  fohishaxonadan farqi  qolmagandek go‘yo: santexnik — kir yuvuvchi bilan «don olishadi», to‘qqizinchi sinf tarbiyachisi bo‘lmish ayolning ham ishtonbog‘i bo‘sh, yoshi o‘ttizga bormagan yana bir tarbiyachi ayol  «nafsi xuruj» qilgan paytda balog‘at ostonasidagi tarbiyalanuvchi-yigitchalarning «ko‘zini ochib» qo‘yishdan tap tortmaydi, ayol «ta’mini totgan» bolalar esa  qizchalarga shilqimlik qilishdan o‘zlarini tiya olmaydi, ma’naviy-ma’rifiy ishlarga mas’ul rahbar o‘g‘il bolalarga zormandasini ko‘rsatib qiliq qiladi va hokazo-hokazo... Bu razolatlarning bari Mehribonlik uyining xonalarida ro‘y beradiki, bundan ajablanadigan odamning o‘zi yo‘q.

Jinoyat ishidagi yuqorida bayon qilingan bo‘shliqlar, fahsh-razolatga nisbatan muassasada shakllanayozgan ko‘nikmalarni ko‘rib-ilg‘ab, xayol qochadi: Mehribonlik uyining o‘g‘il-qizlari shahvoniy nafsiga qul qandaydir kimsalar qo‘lida qo‘g‘irchoq bo‘lgani xususidagi mish-mish, gap-so‘zlarda haqiqat uchqunlari yo‘qmasmikan?.. Astag‘firulloh-yey!

Hamma ayblov asoslimidi?

Aylanib-o‘rgilib, yuqoridagi savol yana ko‘ndalang bo‘laveradi: shu-uncha jinoyatga jazo shuginami? Ehtimol, jazo yumshoqroq tuyulayotgani sababi sud dastlabki tergovda e’lon qilingan ikkita moddani (205-modda —  mansab vakolatini suiiste’mol qilish va 127-modda — voyaga yetmagan shaxslarni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb etish) ayblovdan chiqarib tashlagani, shuningdek yetkazilgan zararlar to‘liq qoplanganiga borib taqalar?!. Muassasa direktori mansab soxtakorligiga yo‘l qo‘yib (209-modda), katta talon-torojlikka qo‘l urgan (167-modda), baski, mansabdorga xizmat vazifasi bilan bog‘liq ikkita ayblov tirkalar ekan, uchinchisi —  205-modda ortiqcha.  Bu huquqshunoslarning gapi. Qonunga ko‘ra, zarar (167 millon so‘m!) to‘liq qoplansa, aybdorga nisbatan ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlanmaydi. Jinoyat kodeksining 209-moddasi 2-qismi ko‘zda tutilgan jazoning eng yuqorisi uch yilgacha ozodlik mahrum etishdan ko‘p emas. Sud barcha ayblovlarni jamlab, direktorni uzil-kesil  to‘rt yil ozodlikdan mahrum etgan ekan, tayinlagan jazo qonun doirasida bo‘lganidek ko‘rinadi.

Ammo baribir savol tug‘iladi: mansabdorning o‘zi rahbarlik qilgan davlat muassasasiga rafiqasi, qaynsinglisi, tog‘asining xotin-yu kelini va boshqa qarindoshlarini ishga olib, shaxsiy tomorqaga aylantirishi jinoyat emas, fazilatmi? Mehribonlik uyining «yog‘lik o‘rinlari» sobiq direktorning qarindoshlaridan ortmagani sir emas, axir?!

Muassasa «shahzodasi»

Dastlabki tergovda direktor va uning xotiniga tirkalib (direktorning xotini ham shu dargohda tarbiyachisi vazifasida ishlaganini aytdik-a?), biroq sud tomonidan chiqarib tashlangan yana bir ayblov — 127-modda (Voyaga yetmagan shaxslarni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb etish) izohi shuki, bu o‘rinda  gap muassasa tarbiyalanuvchilari haqida emas. Gap muassasa direktorining kenja o‘g‘lida!

Er-xotin bir joyda ishlagani uchunmi oila kenjasining kuni ham shu yerda o‘tarkan. Muassasa «shahzodasi»ga aylangan o‘n ikki yashar bu tirrancha onasi mas’ul bo‘lgan uch yoshdan yetti yoshgacha guruh bolalarini urib-tepib chirqillatishni rosa xush ko‘rarkan deng?! Uning bu qilig‘iga birov churq etolmaydi, otasi — rahbar, onasi — «malika» bo‘lgan dargohda kim ham mushugini «pisht» desin?! Mushtdekkina bolaning shu va shu kabi qiliqlari  ota-onasiga 127-moddani «olib beradimi», yo‘qmi — bunisi endi huquqshunoslarga tan (er-xotin o‘g‘liga: «Bor, anavi yetimchalarni ur, tep, qiyna, rohat qil», deya jinoyatga  qasddan jalb qilmagan-da, deyishmoqda ayrim donishmandlar), ammo uning buzilgan ruhiyatidan tashvishga tushasan kishi: murg‘ak vujudga o‘rnashib ulgurgan shafqatsizlik, harom luqmalardan bulg‘angan halqum...

Bunaqa erkatoylar ertaga nainki ota-ona, balki jamiyat uchun ham boshog‘riqqa  aylanmasligiga kafolat bormi?

 Ayb faqat tarbiyachilardami?

Kattaqo‘rg‘onda tahqirlangan ayol voqeasi fosh bo‘lgach, zo‘ravon qamoqqa olindi, shuning barobarida mutasaddilar ham nasibasiz qolgani yo‘q: IIB boshlig‘i-yu o‘rinbosari, shuningdek hamkasbining noinsoniy harakatiga tomoshabin xodimlar ham vazifasidan chetlatildi. Samarqanddagi maxsus internat-maktabidagi zo‘ravonlik haqida shov-shuvlar chiqishi bilan darhol chora-tardbir ko‘rishga tushildi: direktorga nisbatan  jinoyat ishi ochildi, hatto viloyat hokimi shaxsan o‘sha maktab-internatga borib, vaziyat bilan yaqindan tanishdi. Otasiga rahmat!

Bu voqeliklar, ta’bir joiz bo‘lsa,  Marg‘ilondagi  mash-mashalar oldida holva. Yoki  yaqinda o‘tkazilgan qishloq xo‘jaligi masalalariga  bag‘ishlangan selektor yig‘ilishini eslaylik, yakunida g‘o‘za parvarishiga mas’uliyat bilan yondashmagani uchun to‘rtta tuman sektor rahbarlariga nisbatan jiddiy choralar ko‘rildi. 1-Mehribonlik uyiga oid shov-shuvlar bir necha oydirki tingani yo‘q. Shunga qaramay Marg‘ilonda birorta mutasaddining hatto burniga chertilgani xususida xabar  chiqmadi yoki eshitmadik.

Nima,  Marg‘ilonda yetimning qadri g‘o‘zachalik emasmi?

Umuman, ayb faqat jinoyatga qo‘l urganlardaginami?

Bu kabi voqealar yetimparvar-bolajonligi bilan dovruq taratgan millat  yuziga dog‘  bo‘lib tushmayaptimi?!

Saxovat maskanlari, Mehribonlik uylari, maxsus maktab-internatlar  jamiyatning o‘gay bo‘lagiga aylanib qolayozganini  tan olmoqqa endiyam jur’atimiz yetadimi?

Gap  millatning ma’naviy qiyofasi haqida bormoqda, axir?!

Aybdorlarga berilgan jazo, mayli, o‘z yo‘liga. Uch-to‘rt yillik jazo — so‘nggi jazo emas, aslida. Ayni jarayonda etagini yopishga behuda urinayotganlarga  ham gap shu.

Dunyoning ilohiy qonunlari ham mavjud:  unda bo‘shliq bor, na o‘zgartirish, na qo‘shimcha kiritishga imkoniyat! O‘zgaga, ayniqsa, himoyasiz yetimga zulm qilgan yoki harakatsizligi bilan bunday jaholat urchishiga sababchi bo‘lgan biror kimsa umrining oxirigacha tinch-xotirjam, rohat-farog‘atda yashaganmi?

Loaqal bitta misol ayting-chi?!

Tursunali Akbarov,
jurnalist.

 Toshkent – Marg‘ilon – Toshkent
2018-yil, 9-avgust

Izohlar 2

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring