Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Mehribonlik uyi»dagi hamma bola chin yetimmi?

«Mehribonlik uyi»dagi hamma bola chin yetimmi?

Foto: «koodaklife.com»

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida bola huquqlari mustahkam kafolatlangan. Asosiy Qonunimizning 45-moddasida, jumladan, voyaga yetmaganlarning huquqlari davlat himoyasida ekani belgilab qo‘yilgan.

Ayniqsa, so‘nggi yillarda mamlakatimizda bola huquqlarini himoya qilish, mutashkam oila qurishga mas’uliyat bilan yondashishni targ‘ib qilish, oilaviy qadriyatlarni asrab-avaylash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

Shunga qaramasdan ba’zan moddiy yetishmovchilikni ro‘kach qilgan holda ayrim ota-onalar tomonidan xalqimiz ma’naviyatiga zid tarzda o‘z jigarbandini mehribonlik uyiga joylashtirish holatlari kuzatilmoqda. Aslida, hukumat qaroriga ko‘ra, mehribonlik uyi yetim bolalar va ota-onasining qarovisiz qolgan bolalar uchun davlat tarbiya muassasasidir.

Ming afsuslar bo‘lsinki, hozirgi kunda mehribonlik uylarida tarbiyalanayotgan bolalarning hammasi ham chin yetim yoki ota-onasining qarovisiz qolgan bolalar emas.

Bitta misol. Qashqadaryo viloyati, Qamashi tumanida joylashgan 4-sonli «Mehribonlik uyi»da tarbiyalanayotgan 108 nafar tarbiyalanuvchilardan faqatgina 15 nafari chin yetim bo‘lib, 84 ta bolaning ota-onasi, 9 nafarining bobo-buvilari borligi aniqlandi.

«Mehribonlik uyi»dagi sharoitlar bilan tanishganda u yerdagi sharoitlar ba’zi oilalarda yo‘qligiga amin bo‘lasiz. Biroq yaratilgan sharoitlar bolalarga ota-ona mehrini berolmasligi aniq-ku?!

Shu o‘rinda, sud amaliyotida uchragan bir misolga to‘xtatilib o‘tmoqchimiz.

Da’vogar Navoiy shahar xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limi (ShXTMFMTTEB) Vasiylik va homiylik organi voyaga yetmagan Komil Rustamovning (ismi-sharifi o‘zgartirilgan) manfaatida sudga da’vo kiritib, Komilga nisbatan ota-onasi Salim Rustamov va Salima Rustamovalarni ota-onalik huquqidan mahrum qilishni so‘ragan.

Aniqlanishicha, Salim va Salima qonuniy turmush qurgan, ularning qaramog‘ida 5 nafar, shu jumladan 2004 yilda tug‘ilgan Komil Rustamov ismli farzandi tug‘ilgan.

Javobgarlar Vasiylik va homiylik organiga ariza bilan murojaat qilib, ularning oilaviy sharoitlari og‘ir bo‘lganligi sababli 2004-yil 21-iyunda tug‘ilgan Komildan voz kechishlarini va bolani «Mehribonlik uyi»ga joylashtirishni so‘raganlar.

Navoiy shahar hokimining 2013-yil 4-iyuldagi qaroriga asosan Komil Navoiy shahar «Mehribonlik uyi»ga joylashtirilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 17-oktyabrdagi Qarori bilan tasdiqlangan «Mehribonlik uyi to‘g‘risida»gi Nizomning 13-bandiga ko‘ra, mehribonlik uyiga kam ta’minlangan, ko‘p bolali oilalarning bolalari, faqat otasi yoki onasi bor bo‘lgan bolalar ushbu oilalarni bir yilgacha muddatda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida vaqtinchalik qabul qilinadi. 

Sudda er-xotin Rustamovlar ishtirok etib, ularga mazkur Nizom talabiga asosan bolalari faqatgina bir yil muddatga «Mehribonlik uyi»ga joylashtirilganligi, ular bolasini olib ketishi va o‘zlari tarbiyalashi, bolaga ota-onalik mehri zarurligi, agar bola olib ketilmasa Oila Kodeksining 79-moddasi talabidan kelib chiqqan holda ota-onalik huquqidan mahrum qilinishi va bolasining ta’minoti uchun aliment undirilishi ma’lum qilingan bo‘lsa-da, ular moddiy yetishmovchiligi sababli farzandidan voz kechishini va ota-onalik huquqidan mahrum qilishga rozi ekanliklarini ma’lum qilgan.

Shu sababli sud er-xotin Salim Rustamov va Salima Rustamova voyaga yetmagan farzandiga nisbatan ota-onalik huquqidan mahrum qilinib, ulardan Komilning foydasiga aliment undirish va alimentni bolaning nomiga ochilgan bank hisob varag‘ida jamg‘arib borish belgilangan.

Salim Rustamov va Salima Rustamovadan aliment undirish belgilanganidan so‘ng, ular ota-onalik huquqidan mahrum etildik, bola davlat qaramog‘ida o‘tdi, shunday ekan, biz nega aliment to‘lashimiz kerak, deya  sud qarori ustidan shikoyat keltirgan. Biroq hal qiluv qarori baribir o‘zgarishsiz qoldirildi. Nega? Sababi bolani moddiy tomondan ta’minlash ota-onaning majburiyati bo‘lib, Oila Kodeksining 81-moddasiga muvofiq, ota-onalik huquqidan mahrum qilinishi  ularni (ota-onani) o‘z bolasiga nisbatan ta’minot berish majburiyatidan ozod qilmaydi.

Oradan ma’lum vaqt o‘tib, sud uchun ham jumboq bo‘lgan, nima sababdan ota-ona ochiqchasiga moddiy ahvolni ro‘kach qilgan holda o‘z jigarbandidan voz kechgani haqida er-xotin Rustamovlarning siri oshkor bo‘ldi. Ular qilgan xatolarini tushunib yetganliklarini, ota-onalik huquqini tiklab, bolalarini ularga qaytarib berishni so‘rab murojaat qiladilar. Aniqlanishicha, er-xotin Rustamovlar «Mehribonlik uyi» tarbiyalanuvchilariga beriladigan imtiyozlardan foydalangan holda farzandini «Mehribonlik uyi»ga berish orqali maxsus harbiy maktabga o‘qishga joylaydilar. Ittifoqo, televideniye xodimlari harbiy maktabning faoliyati bo‘yicha maxsus reportaj olish jarayonida, o‘ziga xos iqtidorga ega Komil e’tiborni jalb qiladi. Shunda muxbirlar Komildan intervyu oladi va undan ota-onasi haqida so‘raydilar. Shunda Komil ko‘ziga yosh olib, uning ota-onasi tirik bo‘lsa-da, lekin u «Mehribonlik uyi» tarbiyalanuvchisi ekanligini, ota-onasining qaytib kelishini umid bilan kutib yashayotganligini ma’lum qiladi.

Mazkur lavha efirga uzatilganidan so‘ng yaqin qarindoshlari, qo‘ni-qo‘shnilari er-xotin Rustamovlarning insofga chaqira boshlaydi.

Kech bo‘lsa-da, Rustamovlar qilgan xatolarini tushunib yetishdi, suddan farzandini qaytarib olishga yordam berishni so‘raydi.

...Bu sud amaliyotida uchragan birgina misol, xolos. Nahotki, qandaydir imtiyoz yoki moddiy yetishmovchilikni bahona qilib, inson zoti o‘z bolasidan voz kechishi va uni ruhiy qiynoqqa solsa?!

Bolajonligi, yetiparvarligi bilan dunyoga dong‘i ketgan o‘zbekka bu ahvol yarashadimi?

Savol og‘ir. Javob ham...

Akmal Murodov, Oliy sud sudyasi.

Olim O‘sarov, jurnalist

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring