Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sanjar Said

Hayotda mo‘jizalar sodir bo‘ladi

Men jurnalistman – meni mukofotlang!

Men jurnalistman – meni mukofotlang!

«Oltin qalam» — 2018

Foto: «Xabar.uz»

3 may – Jahon matbuot erkinligi kuni munosabati bilan o‘n uchinchi marta jurnalistlarga mukofotlar («Oltin qalam») berildi. Bu safar o‘tgan yildagi kabi shov-shuvlar bo‘lmadi. Bunga menimcha ayrim nominatsiyalarda haqiqatan ham munosib nomzodlarga mukofot berilgani ham sabab bo‘ldi. Ammo tanlov haqida salbiy fikrlar ham bildirildi. Mayli, bu haqdagi fikrlarni allaqachon bildirib bo‘lganman, aytadigan gapim yo‘q. Meni hamon tanlovning o‘tkazilish va baholash tartibi qiziqtirayapti.

Birinchidan, tanlovda ishtirok etish shartlari g‘alati. Unda qatnashishni istaganlar hujjatlari va ijod namunalarini o‘zlari topshirishlari kerak. Jurnalist betini qattiq qilib, «men jurnalistman – meni mukofotlang» degandek hujjat topshiradi. Ayrimlar esa puxta reja bilan mukofot uchun yozadi. Hech bo‘lmasa deb biror nominatsiyani mo‘ljal qilib hujjat topshiradi va osongina «Oltin qalam» sohibiga aylanadi.

Ikkinchidan, tanlovdagi baholash mezonlarida mantiqsizliklar ko‘p. Baholashda viloyatlar, jinslar va hokazolar bo‘yicha g‘oliblar bir necha marta elakdan o‘tkazilsa ham, hakamlar o‘ninchi o‘rinni bergan nomzod ham birinchi qatorga chiqib qoladi. Deylik, biror tuman yoki viloyat OAVda ishlayotgan jurnalist yil davomida qo‘l uchida ishlab, xom-xatala materiallar chiqarib yurgan bo‘lsa ham, viloyatlar bo‘yicha baholash jarayonida unga «munosib» raqib topilmaydi va osongina g‘olib bo‘ladi. Tashkilotchilar pastdagilarning nima uchun u taqdirlandi degan savoliga javob berishdan ko‘ra yuqoridagilarning «Nega falon viloyat mukofotlanmadi?» degan savoliga javob berishga ko‘proq qiynaladi, axir bu savolda hayot-mamot masalasi bor-da! So‘nggi tanlovdan keyin hakamlardan biri – Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayev: «Baholash uchun ketgan vaqtim va sabrimga achinayapman: alvido, «Oltin qalam!» deganda balki shu narsalarni inobatga olgandir.

Albatta, g‘oliblikning obro‘si bor. Shuningdek tanlovda qatnashishga motivatsiya beradigan eng katta kuch – pul. Ko‘pchilik jurnalistlar o‘sha puldan umidvor bo‘lib hujjat to‘playdi. Ammo g‘oliblikning butun boshli tahririyatlarga berilishi bu motivatsiyani puchga chiqarishi aniq. Chunki 20-30 million so‘m bir kishi uchun katta pul – harakat qilsa, qo‘lga kiritsa arziydi. Lekin bu pul tahririyat hisob raqamiga kelib tushsa va butun jamoa o‘rtasida bo‘lib olinsa (agar o‘shayam bosh muharrir va bir necha xodim o‘rtasida «arra» qilinmasa), bilmadim, qo‘lga qanchadan tegar ekan. Xullas, o‘roqda yo‘q, mashoqda yo‘q, xirmonda hoziru nozirlar uchun ayni muddao bu holat.

Tanlov ichida va atrofidagi gap-so‘zlar, e’tirozlar, noroziliklar va boshqalarni inobatga olib, uning nizomini butunlay qayta ko‘rib chiqish kerak. Eng avvalo tanlovda qatnashish uchun hujjat so‘rash mexanizmidan voz kechish lozim. Chunki o‘zini hurmat qilgan jurnalist birinchidan mukofot uchun yozmaydi, ikkinchidan mukofot olaman deb hujjat topshirib yurmaydi. Tanlov esa eng avvalo jamiyat va davlat rivojiga o‘z hissasini qo‘shayotgan, so‘z erkinligi, haqiqat va adolat tantanasi, qonun ustuvorligi uchun kurashayotgan jurnalistlarni taqdirlashga qaratilgan. Axir bekorga Jahon matbuot erkinligi kuni topshiriladimi mukofot?

Tahririyatlar yoki fuqarolik jamiyati institutlari tavsiya qilgan nomzodlar orasidan eng munosiblari mukofotlanishi, saralash, baholash jarayoni mutlaqo shaffof bo‘lishi va unda jamoatchilik ham erkin ishtirok etishi lozim. Bosh milliy mukofot esa nomzodlar ro‘yxati asosida hakamlar, bosh muharrirlar va jurnalistlar o‘rtasida ovoz berish yo‘li bilan tanlab olinishi mumkin. Tanlovda maqola, ko‘rsatuv va radiodasturlar yoki qachonlardir qilingan xizmatlar emas, balki jurnalistning yil davomidagi faoliyati, uning shov-shuvli materiallari, adolat qaror topishi yo‘lidagi xizmatlari baholanishi va rag‘batlantirilishi kerak.

Masalan, bu yilning eng shov-shuvli mavzularidan biri, shubhasiz, kattaqo‘rg‘onlik o‘qituvchi Diana Yenikeyevaning o‘limi hodisasi bo‘ldi. Bu voqeani yoritib, jamoatchilik o‘rtasida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lgan, oxir-oqibat davlat rahbari tomonidan ijtimoiy soha xodimlarining majburiy mehnatga jalb qilinishi qat’iy taqiqlanishida asosiy rol o‘ynagan jurnalist «Oltin qalam»da eslab ham o‘tilmadi. To‘g‘ri, u qandaydir mukofot uchun kuyib-pishgani, hatto hayotini xavf ostiga qo‘ygani yo‘q, ammo birgina e’tibor va e’tirof nafaqat u va uning jamoasi, balki qolgan jurnalistlar, ayniqsa bu sohaga endi qadam qo‘yayotgan yoshlar uchun kuchli motivatsiya va ilhom ham berar edi.

Viloyatlar va tumanlarda ishlayotgan jurnalistlar nima sababdan taqdirlangani borasida tushunmovchiliklar bo‘lmasligi uchun barcha nomzodlar va ularning ijodiy ishlari ochiq ma’lumotlar bazasiga joylashtirilishi lozim. Istagan odam uning materiallarini o‘qishi va o‘z munosabatini bildirishi mumkin bo‘lsin.

Yana bir taklif shundan iboratki, tanlovda alohida nominatsiya yo‘lga qo‘yilib, yil davomida xizmat vazifasini ado etishda vafot etgan (xudo ko‘rsatmasin, ammo bu – hayot) yoki qiyin ahvolga tushib qolgan jurnalist (uning oilasi) taqdirlansa. Bu ham jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlash va ruhiy dalda berishda muhim qadamlardan biri bo‘lar edi, deb o‘ylayman.

Turli vazirlik va muassasalar, xalqaro tashkilotlar va elchixonalar yil davomida faoliyatini yoritib kelgan, o‘zlariga ma’qul bo‘lgan istagan jurnalistni taqdirlash huquqiga ega bo‘lishi kerak. Ularning tanlovi muhokama qilinmasligi, qaror qabul qilishlarida turli bosim yoki shartlar ilgari surilmasligi maqsadga muvofiq.

PS: Bu gaplarni o‘qib, jurnalistikaga aloqasi bo‘lmagan odam shuncha gap kimga kerak, jurnalistlarni mukofotlashning nima keragi bor, undan ko‘ra o‘sha pullar ilm-fan, ishlab chiqarish yoki ta’lim-tarbiyaga sarflansa ko‘proq nafi tegmaydimi deb o‘ylashi mumkin. Balki to‘g‘ridir. Ammo dunyoning barcha rivojlangan mamlakatlarida faol va adolatgo‘y jurnalistlarga har yili mukofotlar beriladi, ular faoliyati rag‘batlantiriladi. Agar jurnalistika sohasidagi asosiy milliy mukofot mutlaqo shaffof va adolatli tashkil etilsa, jamiyatdagi muammolarni dadil ko‘tarib chiquvchi jurnalistlar safi yanada kengayishi aniq. Bundan esa jamiyatning har bir a’zosi foyda ko‘radi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring