Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkent metrosining Sergeli va Yunusobod yo‘nalishining ikkinchi qismi joriy yilda ishga tushadi

Toshkent metrosining Sergeli va Yunusobod yo‘nalishining ikkinchi qismi joriy yilda ishga tushadi

Foto:«Xabar.uz»

28-mart kuni «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ tomonidan uyushtirilgan brifingda Toshkent metrosi qurilishidagi 3 ta loyiha xususida ma’lumot berildi. 

Unga ko‘ra, uzunligi 6,8 kilometr, umumiy qiymati – 170,1 mln AQSh dollarini bo‘lgan Sergeli liniyasi 2019 yil ohiriga qadar qurib foydalanishga topshiriladi.

Sergeli metro liniyasi bugungi kungacha Markaziy Osiyoda qo‘llanilmagan butunlay yangicha estakada usulida bunyod etilmoqda. Ya’ni mazkur yo‘l ko‘priksimon tarzda quriladi, poyezdlar yer ustida harakatlanadi. «Boshtransloyiha» aksiyadorlik jamiyati tomonidan asosiy loyiha ishlab chiqilgan bo‘lib, unga ko‘ra ushbu yo‘nalishdan 6 ta bekat o‘rin olgan.

Poyezdlar to‘xtash maskani, ya’ni bekatlar 5 ta vagondan iborat metro poyezdiga mo‘ljallanib qurilmoqda. Yo‘lovchilarning stansiyaga kirishlari uchun bir tomondan 3 ta eskalator va ikkinchi tomondan imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun lift o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan. Shu tomonda yana avariya xolatlarida foydalanish uchun zinalar o‘rnatiladi.

«Toshkent metropoliteni Yunusobod yo‘nalishining ikkinchi bosqichi qurilishi» loyihasining esa umumiy qiymati – 124,8 mln. AQSh dollarini tashkil etadi, uzunligi 2,93 kilometrdan iborat. Qurilish ishlari joriy yilda to‘la nihoyasiga yetkazilishi ko‘zda tutilgan. Ushbu yo‘nalishda bekatlar soni 2 ta (Yunusobod va Turkiston) bo‘lib, ularning o‘rtacha oralig‘i 1,43 km. Platformalarning uzunligi 102 metrni tashkil etib, elektropoyezdlar ikki tomonlama harakatlanadi.

3-loyiha bu yer usti metro xalqa yo‘li qurilishi bo‘lib, uning umumiy uzunligi 54,8 kilometrni tashkil etadi. 2017-2021-yillarga mo‘ljallangan loyiha olti bosqichda amalga oshiriladi. Ushbu metro liniyasida 35 ta bekat quriladi.

Dastlabki bosqichda Toshkent metropolitenining «Do‘stlik» bekatidan Qo‘yliq bozorigacha bo‘lgan (11 km) 8 ta bekatdan iborat qismi quriladi. Keyinchalik, u «Olmazor», «Beruniy», «Bodomzor», «Tuzel» bekatlari orqali yana «Do‘stlik» bekatiga tutashtirilib, yaxlit metro xalqasini tashkil etadi. Bundan tashqari 2 ta vagon deposi qurish ham rejalashtirilgan. Mazkur metro yo‘li Yashnaobod, Uchtepa, Olmazor, Yunusobod, Chilonzor va Sergeli tumanlari xududidan o‘tadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring